Yaponiya Afgʻonistondagi bolalarni emlashga yordam bermoqda — YUNISEF

Yaponiya Afgʻonistondagi bolalarni emlashga yordam bermoqda — YUNISEF
Afgʻonistonning millionlab aholisi hamon insonparvarlik yordamiga muhtoj, koʻplab oilalar uchun esa tibbiy xizmatlardan foydalanish muammoligicha qolmoqda. Ushbu fonda Yaponiya bolalarni emlash va asosiy tibbiy yordam dasturlarini, jumladan, poliomiyelitning oldini olishga qaratilgan tadbirlarni qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda.
Bu haqda 26 oktyabr kuni BMTning Bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF) maʼlum qildi.
Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, koʻplab afgʻon oilalari hanuzgacha tibbiy yordam olishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda, mamlakatdagi 21 milliondan ortiq kishi esa insonparvarlik yordamiga muhtoj boʻlishi mumkin.
YUNISEF emlashni davom ettirish va bolalarning tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish zarurligini taʼkidladi. Jamgʻarma, shuningdek, afgʻon bolalarini koʻp yillardan beri qoʻllab-quvvatlab kelayotgani uchun Yaponiya hukumati va xalqiga minnatdorlik bildirdi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonning chekka hududlari aholisiga 25 yildan beri yordam berib kelayotgan «Salomatlik» tibbiyot poyezdi ilgari tibbiy yordam koʻrsatish uchun Afgʻonistonga yuborilgan edi.

