Yangi Toshkentda yangi loyihalar va Termizdagi mudhish YTH - mahalliy dayjest
Prezident Yangi Toshkentda yangi loyihalar qurilishiga start berdi. Termizda onasining mashinasini boshqargan oʻsmir ayanchli «avariya»ga uchradi. Yangi Toshkent hududlari viloyatlarga taqsimlab beriladi. Toshkentda davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar xatlovdan oʻtkaziladi. Vazirliklarni Yangi Toshkentga koʻchirish boshlanadi, ularning eski binolari sotilishi mumkin. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

**Yangi Toshkentdagi yangi loyihalar va Termizdagi dahshatli YTH — mahalliy dayjest**
**Prezident Yangi Toshkentda yangi loyihalar qurilishiga start berdi**
Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda bunyod etilgan inshootlarni ishga tushirish hamda yangi loyihalar qurilishiga start berish marosimida qatnashdi.
Ma’lum qilinishicha, barpo etilayotgan Yangi Toshkentda birinchi bosqichning o‘zidayoq 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Shaharda 2 ming gektar yashil hudud va 500 gektar istirohat bog‘lari tashkil etiladi. «Yashil qurilish standartlari» asosida 150 million kvadrat metr turar va noturar joy maydonlari barpo qilinadi.
Bugungi marosimda umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan yettita obyekt foydalanishga topshirildi. Ular orasida «Sharq bahori» turar joy majmuasining birinchi bosqichi, yo‘l va infratuzilma obyektlari, «Yangi Toshkent» 1-son nimstansiyasi, trigeneratsiya stansiyasi, Savdo-sanoat palatasi binosi, «Sohil bog‘i» istirohat bog‘i hamda 2 ming o‘rinli umumta’lim maktabi bor.
Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida maktab o‘quvchisi mashina boshqarib, mudhish yo‘l-transport hodisasiga uchradi.
Voqea 9-oktabr kuni tunda yuz bergan. 16 yoshli o‘smir onasiga tegishli Cobalt avtomobilini Termiz tumani hududida katta tezlikda haydab, yo‘l o‘rtasidagi yoritish chirog‘i ustuniga urilgan. Mashinada uning sinfdosh do‘sti ham bo‘lgan, u og‘ir jarohat olib, hodisa joyida vafot etgan.
Avtomobilni boshqargan o‘smir shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Yangi Toshkentdan poytaxtning har bir tumaniga 100 gektardan hudud biriktirildi.
Tuman hokimlari o‘z tadbirkorlari bilan hamkorlik qilib, ushbu maydonlarga yangi loyihalarni jalb etishi kerak.
Xuddi shunday imkoniyat mamlakatning qolgan 13 ta hududiga ham beriladi. Bu maydonlarda amalga oshirilgan investitsiyalar tegishli hudud yoki poytaxt tumanining ko‘rsatkichlarida hisobga olinadi.
Biriktirilgan maydonlardagi yer uchastkalari bo‘yicha birinchi auksion faqat o‘sha hudud yoki tuman tadbirkorlari uchun o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga chet el investorlarini Yangi Toshkentdagi imkoniyatlar bilan kengroq tanishtirish vazifasi topshirildi.
Toshkent shahrida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar xatlovdan o‘tkaziladi.
Poytaxt hokimining qarorida belgilanishicha, xatlovda kasallangan, zararlangan, qurigan, inson hayoti va sog‘lig‘i, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki xavfsizligiga tahdid solayotgan daraxtlarning soni, turi, holati, yoshi, geografik joylashuvi va boshqa parametrlari hisobga olinadi.
Xatlov o‘tkazish va ularning reyestrini shakllantirish bo‘yicha shahar ishchi guruhi tuziladi.
Xatlov davomida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan, tabiiy omillar va zararkunandalar ta’sirida kasallangan, zararlangan, qurigan, insonning hayoti va sog‘lig‘i, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki xavfsizligiga tahdid solayotgan daraxtlar aniqlansa, ular belgilangan tartibda ruxsatnoma olingan holda kesiladi.
Prezident Yangi Toshkentda ishbilarmonlik hayotini shakllantirishda davlat idoralarining ko‘chishi muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Hozir Qurilish, Transport va Energetika vazirliklari yangi shaharda yengil konstruksiyali binolarda faoliyat yuritmoqda. Vazirlik va idoralarning 2,6 ming nafar xodimi uchun yana to‘qqizta bino qurilmoqda.
Qolgan vazirlik va davlat tashkilotlarining ko‘chishini boshlash vazifasi bosh vazirga yuklatildi.
Yil oxirigacha Yangi Toshkentda 20 ming xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu kamida 70 ming kishi uchun yashash muhitini yaratadi.
Prezident aholiga uylar bilan birga dam olish, sport, savdo, ta’lim va tibbiyot xizmatlari ham zarurligini qayd etdi.

