Yangi Toshkentda mehmonxonalar va savdo markazlari uchun infratuzilma toʻlovlari kamaytiriladi

Yangi Toshkentda mehmonxonalar, savdo markazlari, turizm va ijtimoiy soha obʼyektlari qurilishini ragʻbatlantirish uchun infratuzilma toʻlovlari kamaytiriladi.
Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning barpo etilayotgan shaharga tashrifi chogʻida maʼlum boʻldi.
Savdo, xizmat koʻrsatish va biznes markazlari uchun bazaviy stavkalar uch baravarga, mehmonxonalar va turizm obʼyektlari uchun besh baravarga, madaniyat va koʻngilochar maskanlar uchun esa oʻn baravarga qisqartiriladi. Xususiy bogʻchalar, maktablar va shifoxonalar uchun toʻlov bazaviy stavkaning 1 foizini tashkil etadi.
Yangi qoidalar qurilishi boshlanib ketgan loyihalar uchun ham amal qiladi.
Bundan tashqari, dunyoning yetakchi arxitektorlari tomonidan yaratilgan noyob loyihalar uchun jadallashtirilgan tartib-omillar joriy etiladi.
Shuningdek, loyihalash, qurish va obʼyektlarni foydalanishga topshirish muddatlarini qisqartirish, shuningdek, tadbirkorlardan bir xil maʼlumotlarni takroran soʻrash holatlarini cheklash rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, Yangi Toshkentda 2026 yil oxirigacha kamida 70 ming kishiga moʻljallangan 20 mingta turar joy uylarini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, shaharda 55 ming tomoshabinga moʻljallangan stadion hamda vazirlik va idoralar uchun yangi binolar qurilmoqda.

