Yangi Toshkentda yil oxirigacha 20 mingta turar joy uyini foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda

Yangi Toshkentda 2026 yil oxirigacha kamida 70 ming kishiga moʻljallangan 20 mingta turar joy uylarini foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, shaharda 55 ming tomoshabinga moʻljallangan stadion hamda vazirlik va idoralar uchun yangi binolar barpo etilmoqda.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qurilayotgan shaharga tashrifi chogʻida maʼlum qilindi.
Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, davlat rahbari Yangi Toshkentning rivojlanishi zarur infratuzilmani — sport va savdo obʼyektlaridan tortib taʼlim va tibbiyot muassasalarigacha boʻlgan infratuzilmani yaratish bilan parallel ravishda amalga oshirilishi kerakligini taʼkidladi.
Eng yirik obʼyektlardan biri FIFA talablariga javob beradigan 55 ming oʻrinli stadion boʻladi. Kelasi yili u 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi jahon chempionatining asosiy arenalaridan biriga aylanadi.
Aholi sonining ortishini hisobga olgan holda mehmonxonalar, qahvaxonalar, restoranlar va koʻngilochar maskanlarga boʻlgan ehtiyojni aniqlash zarur. Prezident ushbu yoʻnalishlarni rivojlantirish boʻyicha takliflar tayyorlashni topshirdi.
Bir vaqtning oʻzida davlat organlarini Yangi Toshkentga koʻchirish ishlari davom etmoqda. Hozirda Qurilish, Transport va Energetika vazirliklari yengil konstruktsiyali binolarda joylashgan. Bundan tashqari, vazirlik va idoralarning 2,6 ming nafar xodimi uchun toʻqqizta bino qurilmoqda.
Bosh vazirga qolgan vazirlik va davlat tashkilotlarining Yangi Toshkentga koʻchib oʻtishini tashkil etish topshirildi.
Poytaxtdagi davlat organlarining amaldagi binolarini saqlab qalish va zarur taʼmirlash ishlarini olib borish sharti bilan sotish rejalashtirilmoqda. Ularni buzish va rekonstruktsiya qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentga tashrifi chogʻida shahar qurilishini jadallashtirish va xususiy investitsiyalarni faolroq jalb etish zarurligini taʼkidlagan edi. Uning soʻzlariga koʻra, biznesning loyihadagi ishtiroki surʼatlari hozircha mavjud imkoniyatlarga mos kelmayapti.

