Mahalliy

Yana qurilishdagi firibgarlik: bu safar “Izmir Art Stroy”

Yana qurilishdagi firibgarlik: bu safar “Izmir Art Stroy”

Toshkent shahrida “Izmir Art Stroy” MCHJ tomonidan boshlangan “Jarqo‘rg‘on”, “Neom Tower” va “Kelajak uylari” nomli 3 ta turar joy loyihasi o‘z vaqtida yakunlanmagani sababli xaridorlar bir necha yildan beri sarson bo‘lib kelmoqda. Xaridorlar Yashnobod tumani hokimligi hamda shahar prokuroriga ko‘plab murojaatlar yuborgan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu holat Toshkent shahri prokurori vazifasini bajaruvchi Anvar O‘rmonov va Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Raxmonqulovning shaxsiy nazorati ostiga olingan, ularning tashabbusi bilan loyihalarni davom ettirish uchun “Global Pipe Trade” kompaniyasi jalb etilgan. Kompaniya rahbari Kamoliddin Allamuratov eski qurilish kompaniyasining majburiyatlarini, jumladan, 10 milliard so‘mlik kreditorlik qarzlarini ham o‘z zimmasiga olgan.

Hozirda “Izmir Art Stroy” rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va iqtisodiy sudda ish boshlangan. Aniqlanishicha, kompaniya hisobida deyarli mablag‘ qolmagan, uning umumiy qarz majburiyatlari esa 13 milliard 347 million so‘mni tashkil etadi. 2026-yil iyunida qo‘zg‘atilgan firibgarlik ishi doirasida 400 dan ortiq fuqaro jabrlanuvchi sifatida tan olingan bo‘lib, umumiy zarar 173 milliard so‘mga yetgan. Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya rahbari Gulnora Hakimova hibsda, moliyaviy masalalarni boshqargan Akmal ismli shaxs va yana bir necha kishi qidiruvda.

Ma’lum bo‘lishicha, aksariyat xaridorlar kompaniyaga 150 milliondan 500 million so‘mgacha pul to‘lagan, biroq qurilish ishlari bundan bir yil oldin to‘xtab qolgan. Shunga qaramay, kompaniya vakillari Telegram guruhlarga guvohlik beruvchi soxta xabar va videolar tarqatib kelgan. Uchta loyihada jami 2688 ta xonadon qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning qariyb 90 foizi sotib bo‘lingan.

Yangi jalb etilgan quruvchi kompaniya vakilining aytishicha, ular 3 ta loyihadagi sotilmagan noturar joylar hamda hali to‘lanmagan 120 milliard so‘m mablag‘ hisobidan foyda ko‘rishni rejalashtirgan. Ushbu pullar uchun maxsus yangi hisob raqam ochilib, mablag‘lar faqat uylarni bitkazishga sarflanadi. Hozirda “Kelajak” loyihasida muammo mavjud: 9 qavatli uy qurish ruxsatnomasiga qaramay, oldingi rahbarlar o‘zboshimchalik bilan 10-qavatni qurib yuborgani va bu qavatdagi xonadonlar ham sotib yuborilgani aniqlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.