Mahalliy

Izmir Art Stroy mojarosi: rahbar qamoqqa olindi, qurilishni yangi kompaniya davom ettiradi

Toshkentdagi Izmir Art Stroy MCHJ qurilish kompaniyasi mas’ullariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozircha jabrlanuvchilar soni 1530 nafar, hisoblangan zarar — 287 mlrd so‘m. Kompaniya direktori qamoqqa olindi, 3 kishi qidiruvga berildi. Poytaxt prokurori va Yashnobod hokimi fuqarolar bilan uchrashdi. Gazeta reportaji.

**Izmir Art Stroy mojarosi: rahbar qamoqqa olindi, qurilishni yangi kompaniya davom ettiradi**

15-sentabr kuni Toshkentdagi Izmir Art Stroy MCHJning turar joy majmualaridan xonadon xarid qilish uchun shartnoma tuzib, pul to‘lagan, biroq uylariga ega bo‘lolmayotgan fuqarolar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda poytaxt prokurori Anvar O‘rmonov hamda Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov ishtirok etdi.

Uchrashuvda muammo poytaxtning Yashnobod tumanida joylashgan uchta loyiha — Jarqo‘rg‘on ko‘chasidagi Izmir House, Ohangaron shohko‘chasidagi Neom Tower va Kelajak uylari majmualari bilan bog‘liqligi aytildi.

Izmir House loyihasida 1152 ta, Neom Tower va Kelajak uylari majmualarida esa jami 1536 ta xonadon qurilishi rejalashtirilgan. Ko‘p qavatli uylarning qariyb 90 foizi bo‘yicha shartnomalar tuzilib, xonadonlar sotilgan. Biroq qurilishlar belgilangan muddatda yakunlanmagani fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘lgan. Jabrlanuvchilarning murojaatlaridan so‘ng, kompaniya faoliyati yuzasidan 2026-yil 25-iyun kuni Izmir Art Stroy MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ta’kidlanishicha, ushbu MCHJ mansabdor shaxslari bir nechta turar joy majmualaridan xonadon olishni istagan 1530 nafar fuqaro bilan shartnoma tuzib, oldindan to‘lov sifatida 287 mlrd so‘mni naqd va o‘tkazma yo‘llar bilan qabul qilgan hamda firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Hozirga qadar jinoyat ishi doirasida 552 nafar fuqaro so‘roq qilingan.

Anvar O‘rmonov uchrashuvda jinoyat ishi bo‘yicha tergov davom etayotganini bildirdi.

Uning aytishicha, kompaniyaning rasmiy direktori bo‘lgan G.H. qamoqqa olingan. Qurilishni “parda ortida boshqargan va moliyalashtirgan” deb ko‘rsatilgan norasmiy direktorlar — A.M., Z.I. va Z.K.ga nisbatan esa qidiruv e’lon qilingan.

Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, muammo ko‘tarilgach, mazkur shaxslar xorijga chiqib ketgan va tergovga kelmagan. Shu sabab ularga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangan.

“Siz, fuqarolar, bilan maslahatlashib, ularga imkoniyat berdik, kelib qurilish jarayonlarini yakuniga yetkazishlari uchun sharoit yaratishga qaror qildik. Ammo bir oy o‘tdi — ular kelmadi. Shuning uchun bugun (15-sentabr — tahr.) ularga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlandi. Bu hali ular qamoqqa olindi degani emas. Qidiruvga berildi. Sud sanksiyasi bilan, ushlangan kuni qamoqqa olinadi va izolyatorga joylashtiriladi”, — dedi prokuror.

Shundan keyin u yangi quruvchi bilan ilk bor uchrashayotganini aytib, obyektlarni qanday va qaysi mablag‘lar hisobidan yakunlash rejalashtirilayotganini so‘radi.

Muammoli obyektlarni qurib bitkazish uchun tadbirkor Kamoliddin Allamuratov rahbarligidagi Global Pipe Trader kompaniyasi jalb etilgan.

Uchrashuvda so‘z olgan Allamuratov o‘zini Surxondaryodan kelgan yirik klaster vakili sifatida tanishtirdi. U eksport, chorvachilik, dehqonchilik va qurilish yo‘nalishlarida faoliyat yuritishini aytdi. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya Izmir Art Stroydan qolgan chala obyektlarni qurib bitkazish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

U obyektlar qabul qilib olingach, hujjatlardagi kamchiliklarni bartaraf etish, loyihalarni tiklash va qurilishni bosqichma-bosqich davom ettirish ishlari boshlanganini qayd etdi.

Tadbirkorning aytishicha, kompaniya hozirgacha qurilish uchun fuqarolardan yangi mablag‘ olmagan va ishlar kompaniyaning o‘z mablag‘lari hisobidan olib borilmoqda. Shuningdek, qurilish materiallari yetkazib beruvchi korxonalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzilgan.

“Bizning asosiy maqsadimiz — odamlarga uyini tezroq bitkazib berish. Hozirgacha biror fuqarodan bir so‘m pul olganim yo‘q”, — dedi tadbirkor.

Allamuratovning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning shaxsiy hisobida hozir 10 mln dollar mablag‘ mavjud.

U qurilishni kengaytirish uchun qo‘shimcha ishchilar va texnika jalb qilish rejalashtirilayotganini aytdi. Jumladan, kranlar sonini ko‘paytirish, beton, armatura va gazoblok yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi.

Baxtiyor Rahmonqulovning aytishicha, Jarqo‘rg‘on ko‘chasidagi sakkizta va Ohangaron shohko‘chasidagi beshta — jami 13 ta blok bo‘yicha alohida tarmoqli grafik ishlab chiqiladi. Unda har bir blokda kotlovan qazish, poydevor, qavatlar, tom va boshqa ishlar qaysi muddatlarda bajarilishi ko‘rsatiladi.

Hokim grafiklar fuqarolarga taqdim etilib, ular qurilish ustidan jamoatchilik nazoratini olib borishi mumkinligini bildirdi.

“Har bir fuqaro o‘z uyini nazorat qilishi oson bo‘ladi. Qaysi kuni podval quyiladi, qaysi kuni poydevori qilinadi, qaysi kuni kotlovan qaziladi, qaysi kuni tomi yopiladi, qaysi kuni oynasi qo‘yiladi — har bitta jarayonni bilib turishi kerak”, — dedi u.

Rahmonqulovning ta’kidlashicha, yangi quruvchi Izmir Art Stroy MCHJning avvalgi faoliyati bilan bog‘liq holatlar uchun javob bermaydi. Shu sabab ish “oq varaqdan” boshlanishi va yangi grafiklar asosida nazorat qilinishi kerak.

Tadbirkor Kamoliddin Allamuratov qurilish obyektlari bilan birga hujjatlar ham qabul qilib olinganini qayd etdi. Ayrim shartnomalar topilmagani yoki hujjatlarda kamchiliklar bo‘lgani sababli ularni qayta yig‘ish va xonadonma-xonadon hisob-kitob qilish ishlari olib borilayotganini bildirdi.

Uning aytishicha, har bir fuqaroning qancha mablag‘ to‘lagani va qancha qarzi qolgani aniqlanadi. To‘lovning naqd, dollar yoki bank orqali amalga oshirilganidan ko‘ra, mavjud shartnoma va hisob-kitob asosida uyni kimga berish masalasi asosiy masala hisoblanadi.

Tadbirkor obyektlar bo‘yicha qariyb 140 mlrd so‘m mablag‘ to‘langanini ma’lum qildi. Shundan Jarqo‘rg‘on loyihasiga qariyb 120 mlrd so‘m, qolgan ikki obyektga esa 20 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ to‘langan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir xonadonga bir nechta shartnoma tuzilgan holatlar ham aniqlangan.

Bunday shartnomalarning haqiqiyligi tergov organlari bilan hamkorlikda tekshiriladi.

Uchrashuv davomida fuqarolar ikki marta sotilgan xonadonlar, soxta shartnomalar va to‘lovlarni qanday tasdiqlash masalasini ko‘tardi.

Poytaxt prokurori Anvar O‘rmonovning ta’kidlashicha, ayrim xonadonlar bir necha kishiga sotilgan bo‘lishi mumkin. Shu sababli jabrlanuvchilarning aniq soni tergov jarayonida belgilanadi.

“Biz uyni tezroq va sifatli bitirishimiz kerak. Fuqarolarga pulni qaytarish masalasi ikkinchi darajada bo‘ladi”, — dedi prokuror.

U fuqarolarga shubhali shartnoma yoki to‘lovga duch kelganda, tergov organlariga murojaat qilishni tavsiya etdi. Yangi quruvchi esa haqiqiyligi tasdiqlangan shartnomalar bo‘yicha fuqarolar bilan ishlashini bildirdi.

Fuqarolardan biri uchta obyekt bo‘yicha mablag‘lar bitta hisobraqamda jamlangani sababli har bir xaridorning hisob-kitobini alohida yuritishni taklif qildi. Prokuror bu taklifni qo‘llab-quvvatlab, har bir fuqaroning qaysi xonadon uchun qancha mablag‘ to‘lagani va qancha qarzi qolgani bo‘yicha alohida hisob-kitob tayyorlanishini aytdi.

Keyingi uchrashuvda mazkur hisob-kitoblar familiyalar kesimida taqdim etilishi rejalashtirildi. Agar fuqaro hisob-kitobda ko‘rsatilgan summa bilan amalda to‘lagan mablag‘i o‘rtasida farq borligini bildirsa, masala tergov orqali aniqlashtiriladi.

Yana bir fuqaro Aziya Invest Favorit MCHJ muammosiga to‘xtaldi. U yerda 2000 dan ziyod fuqaroning muammosi davlat aralashuvi bilan hal qilinganini aytdi. Prokuror esa bu holatni umumiy amaliyot sifatida qabul qilmaslik kerakligini ta’kidladi.

“Bu istisno bo‘lgan. Davlat [uy] qilib beradi degan narsani xayoldan chiqarib tashlash kerak”, — dedi Anvar O‘rmonov.

Fuqarolardan biri qurilish cho‘zilgani sababli shartnomada ko‘rsatilgan, ammo hozirgacha to‘lanmagan mablag‘larni qaysi hisobraqamga o‘tkazish kerakligini so‘radi.

Yashnobod tumani prokurori Zabixulla Ziyodullayevning ma’lum qilishicha, jinoyat ishi doirasida Izmir Art Stroy va Global Paper Trade hisobraqamlari xatlangan. Ularda kirim mavjud bo‘lishi, ammo chiqim cheklangani aytildi.

Uning tushuntirishicha, qurilish uchun zarur mablag‘ kerak bo‘lsa, quruvchi bu haqda tergov va prokuratura organlariga murojaat qiladi. Shundan keyin mablag‘ qurilish materiallari — g‘isht, temir, gazoblok va boshqa mahsulotlarni xarid qilish uchun maqsadli ravishda yo‘naltirilishi mumkin.

Hokim esa yangi quruvchi taqdim etadigan grafiklar avval tekshirilishi va keyin tasdiqlanishi kerakligini aytdi. U har bir obyektning muddati real bo‘lishi, fuqarolar esa uning bajarilishini haftalik nazorat qilishi zarurligini ta’kidladi.

Uchrashuvda fuqarolardan biri kompaniya tomonidan banklardan 81 mlrd so‘m miqdorda kredit olingani va bu kredit doirasida xonadonlar garovga qo‘yilgan-qo‘yilmaganini so‘radi.

Yangi quruvchi Kamoliddin Allamuratov ham bu masalani o‘rganish zarurligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar barcha xonadonlar uchun mablag‘ to‘langan bo‘lsayu, ular garovga qo‘yilgan bo‘lsa, bu holat qurilishning keyingi taqdiriga ta’sir qilishi mumkin.

Hokimlik va prokuratura vakillari kredit masalasi ham o‘rganilishi, hozirgi asosiy vazifa esa qurilishni to‘xtatmasdan davom ettirish ekanini bildirdi.

Global Pipe Trader rahbari Allamuratov tayyor bo‘lgan obyektlarni foydalanishga topshirish uchun suv va gaz tarmoqlarini ulash masalasi ham dolzarb ekanini aytdi. Uning ma’lum qilishicha, ayrim obyektlar qurilish jihatidan tayyor bo‘lsa-da, kommunikatsiyalar masalasi hal etilmagani sababli xonadonlarni fuqarolarga topshirish cho‘ziladi.

Shuningdek, ayrim binolarda loyiha bo‘yicha ruxsat etilgan qavatlardan ortiq qavat qurilgani va bu masala ham hal qilinishi kerakligi aytildi.

Uchrashuv yakunida yangi quruvchi Global Pipe Trader kompaniyasidan har bir obyekt bo‘yicha ish hajmi, mablag‘ va muddatlarni aniq ko‘rsatuvchi grafik hamda smeta tayyorlash talab qilindi.

Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov keyingi uchrashuvni bir haftadan so‘ng o‘tkazishni taklif qildi. Unda har bir blok bo‘yicha qurilishni qachon va qanday mablag‘ hisobidan tugatish rejalashtirilayotgani ekran orqali ko‘rsatilishi, fuqarolar esa savol berish va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkoniga ega bo‘lishini aytdi.

Yangi quruvchi va uning yuristi ham har bir shartnoma alohida tekshirilishi, haqiqiyligi tasdiqlangan shartnomalar bo‘yicha fuqarolar bilan ish davom ettirilishini ma’lum qildi. Fuqarolar esa grafik asosida keyingi to‘lovlarni amalga oshirishi kerak bo‘ladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.