Izmir Art Stroy ustidan tergov: kompaniyaning norasmiy rahbariga norasmiy yondashuv qoʻllanmoqda
Toshkentda Izmir House, Neom Tower kabi loyihalarni amalga oshirayotgan quruvchi kompaniya masʼullariga nisbatan firibgarlik alomatlari bilan ikkita jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ulardan birida jabrlanuvchilar soni kamida 430 kishi, hisoblangan zarar hozircha 173 mlrd soʻm. Kompaniyaning rasmiy taʼsischisi qamoqda, uning “orqasida turgan asosiy odam” esa tergovdan yashirinyapti, shunday boʻlsa-da qidiruvga berilmagan. Poytaxt prokurorining izohlashicha, agar u ham qamab qoʻyilsa, zararni undirish masalasi umidsiz boʻlib qoladi.

**"Izmir Art Stroy" ishi boʻyicha tergov: Kompaniyaning norasmiy rahbariga nisbatan noodatiy yondashuv qoʻllanilmoqda**
Toshkentda "Izmir House" va "Neom Tower" kabi loyihalarni amalga oshirgan "Izmir Art Stroy" qurilish kompaniyasi masʼullariga nisbatan firibgarlik alomatlari bilan ikkita jinoiy ish qoʻzgʻatildi. Ushbu ishlardan birida jabrlanganlar soni kamida 430 kishini tashkil etib, hozircha hisoblangan zarar 173 milliard soʻmga yetgan. Kompaniyaning rasmiy taʼsischisi hibsda boʻlsa-da, uning "ortida turgan asosiy shaxs" tergovdan yashirinmoqda, ammo qidiruvga berilmagan. Poytaxt prokurorining tushuntirishicha, agar u ham qamoqqa olinsa, zararni undirish masalasi umidsiz holga kelishi mumkin.
Toshkentda "Izmir Art Stroy" MChJning turar joy loyihalaridan xonadon sotib olish uchun pul toʻlagan koʻplab fuqarolar jiddiy muammolarga duch keldi. Qurilish belgilangan muddatlarda yakunlanmaganligi sababli shikoyatlar kelib tushgan va natijada kompaniya faoliyati yuzasidan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan.
Korxona taʼsischisiga nisbatan ushbu jinoiy ish doirasida "garov" ehtiyot chorasi qoʻllanilgan boʻlsa, boshqa bir jinoiy ish boʻyicha u qamoqqa olingan.
Gap Yashnobod tumanidagi uchta loyiha haqida ketmoqda: "Kun.uz" tanishgan tergov maʼlumotnomasiga koʻra, "Izmir House"da 1152 ta, "Neom Tower" va "Kelajak uylari"da jami 1536 ta xonadon qurilishi rejalashtirilgan boʻlib, ularning 90 foizi sotilgan.
2026-yil 25-iyun kuni holat yuzasidan firibgarlik moddasi bilan jinoiy ish qoʻzgʻatilib, hozirgacha 430 kishi jabrlanuvchi deb eʼtirof etilgan.
Yaqinda Toshkent shahar prokurori vazifasini bajaruvchi Anvar Oʻrmonov shartnoma tuzgan fuqarolar bilan uchrashdi. Unda ichki ishlar tergovchilari tomonidan berilgan maʼlumotga koʻra, ish boʻyicha hozirgi hisob-kitoblarga koʻra moddiy zarar miqdori 173 milliard soʻmni tashkil etadi. Bu raqam tergovning hozirgi bosqichidagi maʼlumot boʻlib, tergov va jabrlanuvchilarni aniqlash jarayoni davom etmoqda.
Uchrashuvda masʼul ichki ishlar xodimi holat boʻyicha quyidagicha qisqa tushuntirish berdi: "2025-yildan murojaat qilishni boshlashgan. Ularning shartnomalarida 2026-yil oxirigacha muddat koʻrsatilgani sababli bu muammo boʻlib kelgan. 2026-yil iyun oyida jinoiy ish qoʻzgʻatildi, bu vaqtda hisobraqamida umuman pullari boʻlmagan. Qurilish toʻxtatilgan, qurilish uchun mablagʻi yoʻq. Undan tashqari, fuqarolar murojaat qilishni boshlaganidan keyin, oʻziga tanish qurilish firmalarini shaxsiy iltimos bilan chaqirib, qurilish ketayotgandek qilib koʻrsatib, koʻzboʻyamachilik qilingan".
**Boshqa jinoiy ish ham mavjud**
Poytaxt prokurori Anvar Oʻrmonovning soʻzlariga koʻra, hujjatlarda "Izmir Art Stroy" taʼsischisi sifatida Gulnora Davronovna Hakimova koʻrsatilgan boʻlsa-da, kompaniyaning ortida Akmal ismli shaxs turadi – u boshqa bir jinoiy ish doirasida tergovdan yashirinmoqda, ammo hali qidiruvga berilmagan.
"Izmir Art Stroy"ning boshqa firmasi ham boʻlgan, ana shu boshqa firmasi Yangihayot tumanida bir fuqaroning yerida u bilan sherikchilikda "dom" qurmoqchi boʻlishgan. "Dom" qurishmagan, kotlovan qazishni boshlab, sotuv ofisi qilib qoʻyishgan. Sotuv ofisi orqali fuqarolardan jami 7 milliarddan oshiq pul yigʻilgan. Menimcha, u pullar sizlarning "dom"inglarga sarflangan boʻlsa kerak, lekin aniq bilmayman qayerga ketganini. U yerda qurilish boʻlmagan, natijada fuqarolar: "Biz shunga pul toʻlayapmiz, lekin qurilish boshlanmayapti, sotuv ofisini ham yopib qoʻydi, ularni topolmayapmiz", deb bizga murojaat qilishdi. Bu holat boʻyicha alohida ish qoʻzgʻatdik. Tergov Toshkent shahar prokuraturasida oʻtkazilyapti. Oʻsha ish boʻyicha "Izmir Art Stroy"ning rasmiy rahbarini va oʻsha ishga aralashgan boshqa fuqarolarni qamoqqa olganmiz. Hozirgacha aniqlangan 7 mlrd soʻm zararning 5 mlrd soʻmini ular bizga depozitga toʻlab berdi. Bu – boshqa [Yangihayotdagi] ish boʻyicha. Lekin buning ortida turgan asosiy odam, sizlar bilsanglar kerak, Akmal ismli shaxs ekan. Akmal ismli shaxs hozir tergovdan yashirinyapti. Biz uni qidiruvga bermadik, sanksiya olmadik, sababi hozir u ham qamalib qolsa, zararni qoplash ham toʻxtaydi, sizlarning "dom"inglar ham toʻxtab qoladi. [Zararni undirish masalasi] umidsiz boʻlib qoladi-da. Ularni qamagandan keyin sudga berish kerak boʻladi, sud ularga hukm oʻqiydi. Ularning sudlanib ketgani hech kimga yechim boʻlmaydi, sizlar uysiz qolishinglar ehtimoli bilan, biz uni endi nima qilishni hozircha oʻylab turibmiz", – dedi Oʻrmonov.
**Qurilishga ruxsat berishda temiryoʻl inobatga olinmagan**
Shahar prokurorining aytishicha, "Izmir House" masalasining boshqa jihati ham bor: temiryoʻl inobatga olinmagani sababli qurilishga berilgan ruxsatnoma bekor boʻlib ketgan.
"Menga tushuntirishdiki, Jarqoʻrgʻon koʻchasida qurilgan "dom" qurilishiga ruxsat berish vaqtida Qurilish vazirligi tomonidan temiryoʻl hisobga olinmasdan qurilishga ruxsat berilgan. Keyinchalik temiryoʻl kompaniyasi daʼvo ariza bilan murojaat qilib: "Bu yerda bizning temiryoʻl "vetka"miz bor, qurilishga ruxsat berishda bu hisobga olinmabdi" degan. [Shundan keyin] Qurilish vazirligining qurilishga bergan ruxsatnomasi bekor qilingan. Bu nima degani? Ertaga bu uy bitganda, shaharsozlik kengashining ruxsatisiz qurilgan deb hisoblanadi va foydalanishga qabul qilinmaydi, natijada sizlarga kadastr berish imkoniyati yoʻq boʻlib qoladi. Hozir biz Jarqoʻrgʻon koʻchasidagi bu qurilish boʻyicha sud chiqargan qaror qanchalik qonuniyligini oʻrganib, sud qaroriga protest keltirish masalasini koʻramiz. "Shaharsozlik ruxsatnomasining bekor qilinishi notoʻgʻri boʻlgan, bu yerda shuncha fuqaroning manfaati yotibdi, mana bunaqa joylari bor edi, sud inobatga olmabdi" degan mazmunda biz protest kiritamiz. Sud jarayoni boʻladi, biz sudda qurilishga berilgan ruxsatnomani tiklash uchun kurashamiz", – dedi Anvar Oʻrmonov.
Hozirda "Izmir Art Stroy"ning toʻlovga qobiliyatliligi iqtisodiy sudda koʻrib chiqilyapti. Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2026-yil 30-iyuldagi ajrimi bilan kompaniyaga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik (bankrotlik) toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilib, kuzatuv tartib-tamoyili joriy etilgan. Bu – kompaniya bankrot deb topildi degani emas, uning keyingi moliyaviy va huquqiy taqdiri iqtisodiy sud jarayonida hal qilinadi.
**Ayrim bloklar boshqa kompaniyaga sotilgan**
"Izmir Art Stroy"dan xonadon xarid qilganlardan birining aytishicha, u 2023-yil 24-oktabrda shartnoma tuzgan. Oʻtgan vaqt davomida qurilish bir necha marta keyinga surilgan, keyinchalik u sotib olgan xonadon joylashgan A va B bloklari boshqa kompaniyaga oʻtkazilgan.
"Qurilish 2025-yilning birinchi choragida tamomlanadi deyilgan edi. Kelib qarasam, qurilish toʻxtab qolibdi", – deydi u.
Fuqaroning aytishicha, keyinchalik A va B bloklarini boshqa kompaniya sotib olgan. Ammo u yangi kompaniyaga murojaat qilganida "Izmir Art Stroy"dan olgansiz, degan javobni olgan. "Izmir Art Stroy"ga murojaat qilganida esa bloklar boshqa kompaniyaga sotilganini aytishgan.
"Hozir sarson boʻlyapmiz. Hali bu uylarni ola olamizmi, yoʻqmi? Ikkita kompaniyaning oʻrtasida qolib ketdi bu uylar", – deydi fuqaro.
U xonadon uchun 438 million soʻm toʻlagani va toʻlovni toʻliq amalga oshirganini aytadi.
**Loyiha ham oʻzgargan**
Yana bir fuqaro esa ikkita xonadon olganini, keyinchalik qurilayotgan uylarning loyihasi oʻzgarganini aytadi. Uning soʻzlariga koʻra, 2025-yil may oyida qurilish obyektiga kelganida avvalgi loyiha oʻrniga boshqa reja boʻyicha qurilish ketayotganini koʻrgan. U yangi variantdagi xonadonni olishni istamagan va shartnomani bekor qilish boʻyicha murojaat qilgan.
"2025-yil mayidan beri sarsonmiz, pulimizni olomayapmiz", – deydi u.
**Tergov shahar IIBBga oʻtkaziladi**
Fuqarolar bilan uchrashuvda Toshkent shahar prokurori vazifasini bajaruvchi Anvar Oʻrmonov tergovchilarning hisobotlarini tingladi, fuqarolar esa oʻzlarini qiziqtirayotgan savollarni berdi.
Jinoiy ish Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tergoviga oʻtkazilishi, qoʻshimcha fuqarolar soʻroq qilinishi hamda kompaniyaning mol-mulkini aniqlash boʻyicha ishlar davom ettirilishi maʼlum qilindi.
"Bugundan ishni shaharga olamiz. Shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi tergoviga oʻtkaziladi. Tez kunda oʻsha 500 dan oshiq odamning soʻrogʻini qilamiz", – dedi Oʻrmonov.
Prokuror, shuningdek, aniqlangan mol-mulk va boshqa aktivlar bilan bogʻliq choralar koʻrilishi hamda fuqarolarning uylarini bitkazish imkoniyatlari koʻrib chiqilishini aytdi.
"Men harakat qilaman sizlarga yordam berishga. Men sizlar tarafman", – dedi poytaxt prokurori.
"Kun.uz" vaziyatni, tergov va sud jarayonlarini, shuningdek, fuqarolarning huquqlari qanday taʼminlanishini kuzatishda davom etadi.

