Mahalliy

“Yana qancha odam halok boʻlishi kerak?” – Neftchilar qishlogʻida yuk mashinasi bilan bogʻliq YTHlar nega koʻp boʻladi?

10-oktabr kuni Andijon viloyati Buloqboshi tumani Neftchilar qishlogʻida tuproq ortilgan HOWO yuk mashinasi qiyalikdan tushayotib boshqaruvni yoʻqotgan va yoʻlida uchragan mashina, bino va odamlarni surib ketgandi. Aytishlaricha avval ham aynan shu yerda yuk mashinasi odamlarni bosib qolishidan 10 nafarga yaqin odam halok boʻlgan.

“Yana qancha odam halok boʻlishi kerak?” – Neftchilar qishlogʻida yuk mashinasi bilan bogʻliq YTHlar nega koʻp?

Buloqboshi tumani Neftchilar qishlogʻidagi Konchilar koʻchasining bir qismi dovonga tutashgan. Qum va shagʻal ortgan ogʻir yuk mashinalari dovondan yuqori tezlikda qishloq tomonga tushadi va tormoz tizimi ishlamay qolishi oqibatida koʻngilsiz holatlar tez-tez yuz beradi.

Dovondan katta tezlikda tushayotgan yuk mashinalarining tormozi ishlamay qolishi, yoʻlning sifatsiz va torligi, savdo doʻkonlarining piyodalar yoʻlagigacha chiqib ketgani yillar davomida oʻlim bilan yakunlangan uzluksiz ayanchli YTHlarga sabab boʻlib kelgan.

Rasmiy maʼlumotlarda 10-oktabr kuni sodir boʻlgan YTHda 3 nafar fuqaro halok boʻlgani aytilgan. Biroq voqea guvohlari hayotdan koʻz yumganlar soni 10 nafarga yaqin ekanini bildirmoqda.

Sanobar Gʻofurovaning kenja oʻgʻli ham aynan yuk mashinasi bosib qolishi oqibatida vafot etgan ekan:

“Besh oʻgʻlim bor edi. Eng kichigi yuk mashinasi bosib qolishi oqibatida halok boʻlgan. U oʻshanda 34 yoshda edi. Marhumning ikki qizi bor edi, mashʼum hodisa sodir boʻlganda ayoli homilador boʻlgan. Koʻrgiliklarni deb 8 oylik homilasi chala, nogiron tugʻildi. Mana shu siqilishlar, stresslarni deb oʻzim ham kasal boʻlib qoldim, yuragim oʻynaydigan boʻlib qoldi, qon bosimi kasalini orttirib oldim. Kecha boʻlgan voqealarni koʻrib, eshitib, oʻgʻlimni eslab yana kasal boʻlib qoldim.

Voqea 2024-yilning 28-iyunida boʻlgan. Oʻshanda ham HOWO yuk mashinasi yuqori tezlikda kelayotgan boʻlgan. Tormozi ishlamay qolib, oʻgʻlimni bosib ketgan.

Rahbarlardan, tegishli tashkilotlardan iltimos qilaman, yoʻllarimizdan yuk mashinalari oʻtmasin. Yoʻlimiz yuk mashinalari harakatlanishi uchun talabga javob bermaydi. Yuk mashinalari dovondan ogʻir yuki bilan tushib keladi va oxir-oqibat tormoz ololmay qolib, koʻngilsiz holatlar koʻp boʻlyapti. Kuni kecha sodir boʻlgan avariyada koʻpchilik oʻldi, yana qanchasi reanimatsiyada yotibdi. Bir devor qoʻshni ayol oʻqituvchi edi. Eri nogiron, ayoli uni ishlab boqardi. Oʻsha oʻqituvchi ayolning ham holati juda yomon, reanimatsiyada yotibdi hozir. Bechora ayol ishlab erini davolatayotgan edi”, deydi bundan ikki yil avvalgi YTHda oʻgʻlini yoʻqotgan Sanobarxon aya Gʻofurova.

"Bir kunda ikki nevaramni yoʻqotdim"

“Bundan 6 yil avval yuk mashinalarini deb ikki nevaramdan ayrilganman. Oʻshanda katta nevaram 11, kichigi 3 yoshda edi.

Soat 17:00 lar atrofida dovondan tushayotgan yuk mashinasi tormozi ishlamay qolganmi yoki haydovchisi uxlab qolganmi, ikki nevaramni urib, oʻzi hovli devorini buzib kirib ketgan. GRPni ham buzib tashlagan. Yuk mashinasi bir parcha metallolomga oʻxshab qoldi. Haydovchining oʻzi ham halok boʻlgan.

Kelinim bolasining koʻyida avariya boʻlgan asfalt koʻchaga chiqib olib “zubila-molotok” bilan asfaltni uradigan odat chiqardi. Kelinni shifoxonaga olib borsam, shifokorlar keliningiz boshqa uyda yashamasa jinni boʻlib qolishi hech gap emas, dedi. Xoʻp dedim-u, (Rossiyada opasi ishlardi) opalarning yoniga joʻnatdim. Rossiyadan qishloqqa har zamon keladi. Oʻshanda ham uyimizga kirsa kiradi, boʻlmasa yoʻq.

Yuk mashinalari, bu dovon qancha odamlarning yostigʻini quritdi. Buni Neftchilar qishlogʻi aholisi juda yaxshi biladi. Tegishli tashkilotlardan iltimos qilib soʻraymiz, dovonni pasaytirib berishsin yoki bu koʻchadan umuman yuk mashinalari oʻtmasin”, deydi bir kunda ikki nevarasidan ayrilgan Abduqodir Nishonov.

"Temirga pulni qayerdan olaman, boshim qotyapti"

Kuni kecha sodir boʻlgan YTHda turmush oʻrtogʻimni HOWO yuk mashinasi bosib ketdi. Oyogʻi, qovurgʻasi 15 joyidan singan, boshi, yuzlari yorilib ketgan. Hozir reanimatsiyada yotibdi. Nima boʻlganini soʻrasam, tepalikdan katta tezlikda yuk mashinasi kelib qolgani, chekkaga qochishga ulgurmaganini aytdi.

3-4 odam oʻldi deyishyapti. Aslida reanimatsiyaning oʻzida YTHdan olib borilgan 16 nafar odamni sanadim. Ularning ichidan yana nechta odam oʻlgandir?!

Xudodan tilab olgan birgina oʻgʻlimiz bor. Uning baxtiga onasi sogʻayib ketsin. Onasi oʻqituvchilik qilib bizni boqardi. Oilamiz boquvchisi edi. I guruh nogironiman. Yuragimga stent qoʻyilgan, buyragim ishlamaydi, haftada uch marta dializ olaman. Dardimga malham boʻladigan shu ayolim edi. U ham fojiaga yoʻliqib turibdi. Oyogʻiga maxsus temir qoʻydirish kerak ekan. Narxi yetti mln soʻmdan oshiq turar ekan. Endi u temirga pulni qayerdan olaman, boshim qotib turibdi”, deydi turmush oʻrtogʻi reanimatsiyada qolayotgan Fathiddin Samiyev.

Surishtiruv davomida 10-oktabr kuni sodir boʻlgan YTHda yaqinlaridan ayrilgan bir nechta xonadonlarga kirdik. Lekin ular negadir holat haqida gapirishni xohlamadi.

Mahalliy aholi vakillariga koʻra, bundan 3 yil avval tuman hokimi Neftchilar qishlogʻi aholisiga yigʻilish oʻtkazib, dovonni pasaytirish uchun 83 mlrd soʻm ajratilganini aytgan. Hatto 1-2 kun bu borada amaliy ishlar ham olib borilgan. Biroq boshlab qoʻyilgan ish oxiriga yetmagan.

"Mablagʻ ajratilsa, dovonni pasaytiramiz"

“Har yili yilning boshida Andijon viloyati avtoyoʻl boshqarmasiga dovon yoʻlini pasaytirish uchun taklif beramiz. Boshqa muqobil yoʻl boʻlmagani bois yuk mashinalari yuki bilan dovondan tushib kelib, sement zavodiga boradi.

Yoʻllar tor, yuk mashinalarining bu koʻchadan harakatlanishi aslida mumkin emas. Yoʻllarni kengaytirish uchun esa aholini koʻchirishga toʻgʻri keladi.

Hozirda yoʻl boʻyidagi doʻkonlarni buzdiryapmiz. Hamma narsa mablagʻga taqaladi. Dovonni pasaytirish uchun mablagʻ ajratilsa, pasaytirishimiz mumkin”, deydi biz bilan telefon orqali suhbatlashgan Buloqboshi tumani Avtomobil yoʻllari boshqarmasi boshligʻi Beruniy Tojimatov.

10-oktabr kuni sodir boʻlgan HOWO yuk mashinasi bilan bogʻliq YTH yuzasidan Buloqboshi tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (Odamlar oʻlimiga sabab boʻlgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.