“Yagona alifbodan foydalanish qatʼiy belgilanadi”: Senat alifboga oʻzgartirish kiritishga oid qonunni maʼqulladi

“Yagona alifbodan foydalanish qatʼiy belgilanadi”: Senat alifboga oʻzgartirish kiritishga oid qonunni maʼqulladi
Bugun, 10-sentyabr kuni Senat lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga oʻzgartirish kiritishga oid qonunni maʼqulladi.
Hujjatga koʻra, alifbo 26 harf va uchta harflar birikmasi oʻrniga 28 ta harf hamda bitta tutuq belgisidan iborat boʻladi. Senator Ohunjon Mamatkarimovning taʼkidlashicha, bu bir tovush va bir harf tamoyiliga mos keladi.
“Oʻzbek alifbosidagi ayrim harflar bilan bogʻliq murakkablik va noqulaylik ilmiy asoslab berildi. Jumladan, birgina Oʻ va Gʻ harflarini kompyuterda yozish uchun oltita amalni bajarish talab etilmoqda. Amaliyotda bu harflarning 10 dan ziyod shakli ishlatilmoqda. Zamonaviy axborot texnologiyalari ushbu harflar qatnashgan soʻzlarni yaxlit soʻz sifatida qabul qilmayapti. Natijada turli dasturlar va lugʻatlar yaratishda, umuman oʻzbek tilini raqamlashtirishda jiddiy muammolar yuzaga kelmoqda. Xususan, amaldagi oʻzbek alifbosi kompyuter klaviaturalari, smartfonlar va qidiruv tizimlari uchun juda noqulay. Internet qidiruv tizimlari Oʻ va Gʻ belgilarini turli kodlarda oʻzbek tilidagi harflarni toʻliq indekslay olmayapti. Shuningdek, Sh va Ch harflari oʻzbek tilida faol tovushlar hisoblanib, ingliz tilida ona tilimizga nisbatan 3-5 baravar koʻp foydalaniladi. Tinch, xushchaqchaq, shoshilinch, achchiqtosh kabi soʻzlarda ketma-ket kelgan Sh va Ch harflarini yozishda va oʻqishda qiyinchiliklar yuzaga keladi. Bu harflar imloda ayrim chalkashliklarga ham sabab boʻladi. Isʼhoq va Asʼhob kabi soʻzlarni Ishoq va Ashob tarixida notoʻgʻri yozish va oʻqish holatlari kuzatilmoqda. Bu aholini savodxonligiga ham taʼsir qilmoqda”, dedi senator.
Yangi tahrirdagi alifboga oʻtish jarayonida fuqarolar va tashkilotlarning huquq hamda manfaatlarini hisobga olish maqsadida qonun kuchga kirguniga qadar amaldagi alifbo asosida rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qogʻozlarning muomalada boʻlishiga toʻsqinlik qilinmasligi belgilanmoqda. Davlat organlari va tashkilotlarining ayrim ramziy belgilari, peshlavha va koʻrsatkichlardan esa ular yaroqsiz holatga kelguniga qadar yoki belgilangan muddatgacha foydalanishga ruxsat beriladi.
Senatorlar fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi va imlo qoidalarini takomillashtirish, davlat tilidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, oʻzbek tilini raqamlashtirish jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Qonun asosida yagona alifbodan foydalanish qatʼiy belgilanadi. Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi. Qonun qabul qilingan kundan olti oy oʻtib kuchga kiradi.

