Mahalliy

Hujjatlardagi 7 ta so‘zni o‘zbekcha muqobillariga almashtirish ko‘zda tutilgan qonun Senatga yuborildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 'avans'ni 'bo‘nak', 'markirovka'ni 'tamg‘alash', 'marshrut'ni 'yo‘nalish', 'svetofor'ni 'yo‘lchiroq', 'kovorking'ni 'ish markazi', 'parol'ni 'o‘ron', 'progressiv'ni 'ilg‘or' so‘zlariga almashtirishni nazarda tutuvchi qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda qabul qilib, Sentaga yubordi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qonun hujjatlarida xorijiy tildan o‘zlashgan ayrim atamalarni o‘zbekcha muqobillariga almashtirishni nazarda tutuvchi qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.

Deputatlar 9-iyun kuni qonunni birinchi o‘qishda qabul qilib, ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun takomillashtirishga yo‘naltirgan edi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, quyidagi xorijiy so‘zlarni o‘zbekcha muqobiliga o‘zgartirish taklif etilgan edi:

* **markirovka** – **tamg‘alash**

* **parol** – **o‘ron**

* **marshrut** – **yo‘nalish**

Deputat Barno Berdiyeva qonunni ikkinchi o‘qishda majlis ishtirokchilariga tanishtirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida loyihaning konsepsiyasi o‘zgartirilmagan holda unga qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Xususan, amaldagi qonun hujjatlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilgan.

Qonun loyihasi doirasida Soliq kodeksi, “Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida”, “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida” hamda “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonunlarda qo‘llangan “markirovka” atamasi “tamg‘alash” so‘ziga almashtirildi. Fuqarolik kodeksining 776-moddasidagi “parol” atamasi esa “o‘ron” so‘zi bilan almashtirilgan.

“Soliq kodeksining 483-moddasi 69-qismidagi „markirovkani“ so‘zi „tamg‘alash belgilarini“ birikmasiga o‘zgartirildi. Bunda amaldagi qonunchilikda tegishli qoida aynan tamg‘alash belgilaridan foydalanishga nisbatan qo‘llanilishi inobatga olindi”, — dedi Berdiyeva.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdagi “marshrut” atamasi “yo‘nalish” atamasiga o‘zgartirildi. Shu munosabat bilan kodeksdagi “yo‘nalish taksilarining” birikmasi amaldagi qonunchilikda qo‘llanilayotgan atamalarga moslashtirilib, “yo‘nalishli taksilar” tarzida bayon etildi.

Deputatning qayd etishicha, qonun loyihasi matni tashabbuskorlar bilan kelishilgan, Qonunchilik palatasi devonining yuridik boshqarmasi hamda lingvistik ekspertiza, tarjima va tahririyat bo‘limlarining ijobiy xulosalari olingan. Hujjat parlamentdagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarida ham ko‘rib chiqilib, qo‘llab-quvvatlangan.

Qonun ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Ta’kidlash joizki, 2025-yil iyul oyida Atamalar bo‘yicha hukumat komissiyasi turli tillardan o‘zlashgan 40 ta so‘zning yangi o‘zbekcha tarjimasini tasdiqlagan edi. Ular orasida yuqorida qayd etilgan yettita so‘zning barchasi uchun tarjimalar mavjud. Ta’lim sohasi eksperti Komil Jalilov ham taklif etilgan muqobillar orasida “yo‘lchiroq” kabi bahslilari borligi haqida fikr bildirgan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.