Senatning 19-yalpi majlisida nimalar ko‘rilishi ma’lum qilindi
Davlat chegarasini qo‘riqlash hamda himoya qilishni yanada kuchaytirish, Milliy gvardiya faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonunlar ham

Senatning 19-yalpi majlisida qanday masalalar ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining navbatdagi yig‘ilishida Senatning o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisini chaqirish masalasi muhokama qilindi.
Kengash qaroriga ko‘ra, Oliy Majlis Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi 2026-yil 10-sentyabr kuni o‘tkaziladi.
Majlisda yalpi yig‘ilish kun tartibiga kiritiladigan masalalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo‘riqlash hamda himoya qilishni yanada kuchaytirish, Milliy gvardiya faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonunlar muhokama qilinadi.
Shuningdek, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi konvensiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan bog‘liq bayonnomalarni ratifikatsiya qilishga oid qonun ham ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, Navoiy viloyatining Zarafshon shahri va Tomdi tumani, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Jarqo‘rg‘on tumanlari ma’muriy-hududiy chegaralarini o‘zgartirishga doir masalalar ham kun tartibidan joy olgan.
Yalpi majlisda yer va ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solish holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi hamda mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham ko‘rib chiqiladi.
Senatorlar Oliy Majlis Senati Kengashi qarorlarini tasdiqlash masalasini ham muhokama qiladi.

