Layfstayl

Xotiralar yuki: Nima uchun eski buyumlardan voz kechish qiyin?

Uning falsafasida uyni tartibga keltirish shunchaki buyumlarni saralash emas. U har bir narsani qo‘lga olib,

**Xotiralar yuki: Nima uchun eski buyumlardan voz kechish qiyin?**

Issiq kunlar ortda qolib, havo salqinlashgani sari odatlar ham o‘zgaradi. Kunlar qisqaradi, tomorqadagi ishlar kamayadi, kun bo‘yi eshik oldida turgan ketmon, belkurak va chelaklar yana o‘z joyiga qo‘yiladi. Ko‘p qavatli uyda yashaydiganlar ham ko‘chaga kamroq chiqadigan bo‘lib qoladi. Ana shunda uyingizda keraksiz narsalar ko‘payib ketganini payqaysiz.

Fasl almashganda esa hammamiz shkaf va javonlarni titkilab chiqamiz. Kiyilmaydigan kiyimlar, ishlatilmaydigan idishlar, yillar davomida «bir kun kerak bo‘lib qolar» degan umid bilan saqlab kelingan buyumlar...

Bularning bari sizga hali ham kerakmi?

Uyda tartib o‘rnatish haqida bir nechta kitob yozgan yapon yozuvchisi Mari Kondo aynan shu savolni qo‘yadi. Uning qarashiga ko‘ra, uyni tartibga keltirish shunchaki buyumlarni ajratish emas. U har bir narsani qo‘lga olib, «Bu menga quvonch bag‘ishlaydimi?» deb so‘rashni tavsiya qiladi.

Savol oddiy ko‘ringani bilan, unga javob berish oson emas. Chunki biz buyumlarni faqat buyum bo‘lgani uchun saqlamaymiz. Masalan, bir ko‘ylagingiz bor, uch yildan beri unutilgan, ammo qizingizning to‘yida kiyilgani uchun o‘sha kunni eslatib turadi. Darz ketgan idish-chi, ha, u onangizdan yodgorlik. Dastasi qimirlab qolgan chovgum buvingizni eslatadi. Rangi uringan sumkani tutgingiz kelmaydi, lekin u birinchi maoshga olingan. Bularning hech birini tashlashga ko‘zingiz qiymaydi.

Shu tariqa uyimizda buyumlar emas, o‘tmishimizning mayda bo‘laklari to‘planib boradi. Biz ularni tashlashdan cho‘chiymiz. Go‘yo buyumni chiqarib yuborsak, u bilan bog‘liq xotira ham yo‘qolib ketadigandek.

Aslida-chi?

Shu bois ham uyni tartibga keltirish ba’zan kutilganidan og‘irroq kechadi. «Bir kun kerak bo‘lib qolar» degan ehtiyotkorlik buyumlar bilan xayrlasha olmaslikning eng qulay bahonasiga aylanadi.

Buyum arzimas bo‘lishi mumkin, ammo unga bog‘langan ma’no arzimas emasdek... Shuning uchun uyni bir kunda butunlay o‘zgartirishga urinmaslik kerak. Avval bitta tokchadagi narsalarga qarashning o‘zi yetarli. Kiyimlar, kitoblar, mayda-chuydalarni bir joyga yig‘ib ko‘rish ham qiziq tajriba: odam qancha narsaga ega ekanini emas, qancha ortiqcha yukni olib yurganini anglaydi.

Mari Kondo buyumlar bilan xayrlashayotganda ularga minnatdorchilik bildirish kerakligini aytadi. Bu kimlargadir ortiqcha marosimdek tuyulishi mumkin, ammo uning ortida oddiy haqiqat bor: sizdan ketayotgan narsa hayotingizda bir vaqtlar kerak bo‘lgan. Uni qo‘yib yuborish o‘sha davrni inkor etish degani emas.

«Sen o‘z vazifangni bajarding»

deb qo‘yishning o‘zi kifoya.

Yana bir jihat bor. Biz uyda bo‘sh joy qoldirishdan qo‘rqamiz. Bo‘sh tokcha, bo‘sh devor yoki burchak xuddi «nimadir yetishmayapti» degandek tuyuladi. Shuning uchun uni darhol to‘ldirishga oshiqamiz. Go‘yo uy to‘la bo‘lsagina hayot ham mukammaldek.

Aslida esa ba’zan insonga yana bir buyum emas, biroz bo‘shliq kerak bo‘ladi. Kreslo yonidagi ochiq joy, kitob qo‘yilmagan tokcha, hech narsa turmaydigan stol... Faqat siz o‘tirib, bemalol nafas oladigan makon. Ehtimol, uydagi eng qimmatli narsa aynan shu egallanmagan hududdir.

Kuz shuning uchun ham go‘zal fasl. Daraxtlar bargini to‘kadi va buni yo‘qotish emas, fasl almashishi deb qabul qiladi. Inson esa ko‘pincha voz kechishni yo‘qotish deb biladi. Biz ham kuz barg to‘kkandek eski narsalardan qutulsak, ehtimol yangi buyumlarga yo‘l ochilar...

Balki biz kuzdan har bir narsani abadiy ushlab turish shart emasligini o‘rganarmiz...

Bugun bitta javonni ochib ko‘ring. Undagi har bir narsani qo‘lingizga olib, o‘zingizdan so‘rang:

«Men buni hali ham xohlab saqlayapmanmi yoki shunchaki tashlashga qo‘rqyapmanmi?»

Javob, ehtimol, buyum haqida emas... Sizning hozirgi hayotingiz, bugungi kuningiz haqida bo‘ladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.