Xotira — ombor emas, omonat
Xotira ajib ne’mat. Unga “buni saqla, bunisini o‘chir”, deb buyruq berolmaymiz. Ba’zan unutishni istaganimiz xotiramizdan

**Xotira — ombor emas, omonat**
Kecha o‘qigan maqolamiz mazmunini bugun tafsilotlari bilan eslay olmasligimiz mumkin, ammo yigirma yil avval ustozimiz aytgan bir jumla hanuz yodimizda qoladi. Telefonni nima uchun qo‘lga olganimizni unutib qo‘yamiz, biroq bolalikdagi uyimizning bir burchagini ko‘zimizni yumib tasvirlab bera olamiz.
Xotira — g‘aroyib ne’mat. Unga “buni saqla, bunisini o‘chir”, deb buyruq bera olmaymiz. Ba’zan unutishni istagan narsamiz xotiramizdan ketmaydi, unutmasligimiz kerak bo‘lgan narsa esa bir zumda ko‘tariladi.
Aslida xotira nima?
Ilmiy ta’rifga ko‘ra, xotira — miyaning ma’lumotni qabul qilish, saqlash va kerak bo‘lganda qayta esga tushirish qobiliyatidir. Qisqa muddatli xotira axborotni soniyalar yoki daqiqalar davomida ushlab tursa, uzoq muddatli xotirada ayrim ma’lumotlar yillar davomida saqlanishi mumkin.
Inson miyasining imkoniyatini tasavvur qilish uchun fiziolog Sinan Janan qiziq bir qiyos keltiradi: miyadagi milliardlab hujayralar va ular orasidagi behisob aloqalardan kelib chiqib, inson xotirasining taxminiy sig‘imini 2,5 million gigabayt, ya’ni qariyb 300 yillik HD-tasvir hajmi bilan solishtiradi. Bu, albatta, xotiraning aniq biologik o‘lchovi emas. Ammo o‘xshatishning o‘zi kishini o‘ylantiradi: shuncha imkoniyatga ega miya bilan nega ba’zan bir sahifa matnni eslab qololmaymiz? Balki muammo xotiramizning “to‘lib qolganida” emasdir. Balki xotiramizdan oldin diqqatimiz zaiflashgandir.
Bugun bir kitobni tugatmay turib ikkinchisini boshlaymiz. Bir matnni o‘qiyotib telefonni tekshiramiz. Xabarni ochamiz, undan ijtimoiy tarmoqqa, u yerdan videoga o‘tamiz. Bir necha daqiqada o‘nlab axborot ongimizdan o‘tadi. Natijada ko‘p narsani ko‘ramiz, ammo kam tafakkur qilamiz. Biz yashayotgan asrning muammosi axborot tanqisligi emas, ongimizga kirish uchun kurashayotgan axborotning haddan tashqari ko‘pligidir.
Ilgari bir necha kitob orasida sochilib ketishdan qaytarilgan inson bugun birgina telefon ekranida o‘nlab “oyna”lar orasida yashayapti.
**Ulug‘larning dasturxoni sodda edi, xotirasi-chi?**
Xotira haqida gap ketganda, B12, omega-3, vitaminlar, yong‘oq, baliq va foydali mahsulotlar tilga olinadi. Buning ilmiy asosi bor. Muvozanatli ovqatlanish, yetarli uyqu, jismoniy faollik va stressni boshqarish miya faoliyati uchun muhim. Uyqu esa o‘rganilgan ma’lumotning mustahkamlanishida alohida o‘rin tutadi. Ammo tarix juda qiziq savolni o‘rtaga tashlaydi: ulug‘ ilmu-ma’rifat egalarining dasturxoni bugungidek rang-barang bo‘lmagan bo‘lsa, ular qanday qilib kuchli ong egasi bo‘lishgan?
Bugun zehnni sog‘lom ovqatlanish, xotirani B12 bilan bog‘layotgan paytimizda sahobalarning sodda hayot sharoitida bunchalik kuchli ong va tafakkurga ega bo‘lganini qanday tushunish mumkin?! Buning javobini “ular kam yegan, shuning uchun xotirasi kuchli bo‘lgan” degan jumlaga sig‘dirib bo‘lmaydi. Miya ham tananing bir qismi. Unga ham oziq, uyqu va salomatlik kerak.
Ajdodlarimiz eshitgan hikmatu hadislar navbatdagi “kontent” emas edi. Ularni anglash, tafakkur qilish, yodda saqlash, unga amal qilish va boshqalarga yetkazish kerak edi. Hikmatlar suhbatlarda qayta-qayta eslatilar, hayotiy vaziyatlarda tatbiq etilar edi. Bilim bir marta eshitilib, keyingi yuzta xabar ostida ko‘milib ketmasdi. Suhbatlar, savollar, qiziqishlar turli ilm va ta’limotlarni o‘rganish atrofida shakllangan. Eshitilgan bilim amalda qo‘llanilib, boshqalarga yetkazilgan. Zamonaviy ilm ham takrorning xotiradagi o‘rnini tasdiqlaydi: ma’lumotni ma’lum vaqt oralig‘ida qayta eslash uning uzoq muddatli xotirada mustahkamlanishiga yordam beradi. Demak, xotiraning ozig‘i faqat dasturxonda emas. Uning ozig‘i — diqqat, takror, amal va ma’no hamdir.
**Kompyutersiz dunyoda Imom Buxoriy yetishgan edi...**
Tasavvur qiling, Imom Buxoriy yashagan dunyoda bilimni miyadan tashqaridagi qurilmaga topshirib qo‘yish imkoniyati yo‘q edi. Hadislarni eshitish, hikoyat va rivoyatlarni bilish, tekshirish, yodda saqlash zarur edi. Bugun esa bir ma’lumotni unutib qo‘ysak, ko‘pincha bezovta ham bo‘lmaymiz: “Kerak bo‘lsa, qidirib topaman”, — deymiz. Ana shu qulaylik xotiraning vazifasini o‘zgartirdi. Telefonimizning xotirasi kattalashib boryapti, istalgan ma’lumotni bir necha soniyada topamiz.
Istalgan ma’lumotni qidiramiz. Ammo ma’lumotni topa olish bilan uni bilish bir xil narsa emas. Ularning qidiruv tizimida borligi boshqa, qalbingizda, xotirangizda muhrlanishi boshqa masala. Hikmatli so‘zni internetdan topa olish boshqa, hayotingizning eng og‘ir daqiqasida u xotirangizdan chiqib, sizga yo‘l ko‘rsatishi butunlay boshqa. Agar birgina tugmani bosish bilan ilm hosil bo‘lganida, balki barchamiz alloma bo‘lardik.
Inson xotirasi o‘tmishni saqlash bilan birga, ilm va tajribani kelajakka yetkazish vositasidir.
Qalbga singgan bilim boshqalarga o‘rgatilsa, bir insonning shaxsiy tajribasi jamoaviy boylikka aylanadi. Bir avlod o‘rganganini keyingi avlodga yetkazadi va shu tariqa ilm uzluksiz yashaydi.
Zero, inson unutilsa ham qalbi va ilmida qoldirgan izi avlodlar xotirasida yashaydi.
Kitoblar yo‘qolishi mumkin. Sahifalar yirtilishi mumkin. Ammo bir kalom yuzlab, minglab qalblarga ko‘chgan bo‘lsa, uni yo‘qotish oson emas. Shuning uchun har bir inson uchun kuchli ong va tafakkur — o‘rganilgan bilimni anglash, hayotiy tajribani saqlash va kerakli paytda undan to‘g‘ri foydalanish qobiliyatidir.
**Unutish ham kerakmi?**
Xotirani kuchaytirish haqida gapiryapmiz. Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor. Inson hech narsani unutmasa nima bo‘lardi? O‘n yil oldingi haqorat bugun ham o‘sha kundagidek yurakni og‘ritsa... Yo‘qotilgan yaqin insonning musibati yigirma yildan keyin ham birinchi kundagidek azob bersa... Har bir xato, har bir uyat, har bir ayriliq hissiy kuchini mutlaqo yo‘qotmasa... Bunday “mukammal xotira” haqiqatan ham ne’mat bo‘larmidi? Biz foydalangan manbada yaqinlarning vafoti va hayotdagi og‘ir hodisalardan tug‘ilgan qayg‘uning vaqt o‘tishi bilan susayishi inson uchun ham kerakligi aytiladi. Demak, unutishning ham hikmati bor.
Ilmning unutilishi yo‘qotish bo‘lishi mumkin. Lekin kechagi alamning unutilishi qalb uchun shifodir. Xatoning sabog‘i qolib, azobi ketsa, balki inson uchun eng sog‘lom xotira ham shudir.
Ilm dasturxonida asal oxirida tortiladi. Bilasizmi, muvaffaqiyatning lifti yo‘q, unga hamisha zinadan chiqiladi. Ilm uchun yo‘lga chiqar ekansiz, avval so‘qmoqdan, xor-u alaflik o‘nqir-cho‘nqirlardan yurasiz, keyin esa katta yo‘l ko‘rinadi. Va shuni unutmangki, ilm dasturxonining avvalida achchiq piyoz tortiladi, asal esa oxirida yeyiladi. Ushbu tashbehlar ilm olishning tabiatini juda aniq tasvirlaydi. Chunki biz bugun natijani tez qo‘lga kiritishni xohlaymiz. Uch marta o‘qib yod bo‘lmasa, “xotiram yaxshi emas”, deymiz. Bir kitob og‘ir kelsa, ikkinchisiga o‘tamiz. Holbuki, xotira ham mehnat bilan tarbiyalanadi. Miya g‘unchadir, muayyan ilm bilan muntazam “sug‘orilgan” sari kurtak yozadi. Xotiraning saqlanishi va kuchayishi uchun avvalo nigohni asrash lozim. Chunki ko‘zimizni nimaga ko‘p qaratsak, ongimizni ham o‘sha narsa bilan band qilamiz.
Ulug‘ ajdodlarimizdan oladigan eng katta sabog‘imiz — ularning qancha yegani yoki qancha uxlaganida emas, nimaga butun diqqatini berganida bo‘lsa kerak. Shu sabab kuchli xotira hamma narsani eslab qolish degani emas. Eslashga arziydigan narsani qalbda asrash, unutishga arziydigan narsani esa qo‘yib yubora bilishdir.
Xotira — boshimizdagi ombor emas, bizga berilgan omonatdir.

