Texnologiya

Xitoyning 135 metrlik giganti dengiz ostida yöl oçmoqda

Xitoyda uzunligi 135 metr bölgan ulkan tunnel qaziş maşinasi dengiz ostida temiryöl uçun yöl oçmoqda. «Yunçjou» deb nomlangan kompleksni operatorlar quruqlikdagi markazdan masofadan boşqaryapti. Kameralar va datçiklar uning işini uzluksiz kuzatib, ehtimoliy nosozliklar haqida mutaxassislarning smartfonlariga xabar yuboradi.

Xitoyning 135 metrlik giganti dengiz ostida yo‘l ochmoqda

«Yunçjou» kompleksi Xitoyning Çjetszyan viloyatidagi Ninbo va Çjouşan shaharlarini bog‘laydigan Szintan suvosti tunneli qurilishida ishlamoqda. Ushbu inshoot dunyodagi eng uzun dengiz osti tezyurar temiryo‘l tunneli sifatida tavsiflanmoqda.

Tunnelning umumiy uzunligi 16,18 kilometrni tashkil etadi. Shundan 11,21 kilometri maxsus tunnel qazish mashinalari yordamida ochiladi. Ikki tomondan bir-biriga qarab harakatlanayotgan komplekslar dengiz ostida belgilangan nuqtada tutashishi kerak.

Ninbo tomonidan ishlayotgan «Yunçjou» hozirga qadar to‘rt kilometrdan ortiq masofani qazib o‘tgan. Bu mashinaga ajratilgan qazish ishlarining qariyb 83 foizi bajarilganini anglatadi.

Hozir kompleks trassaning qariyb 93 metr chuqurlikdagi qismiga yaqinlashmoqda. Oldinga siljigani sari geologik sharoit murakkablashib, qazish ishlari ham qiyinlashyapti.

Operatorlar mashinani qazish nuqtasidan bir necha kilometr uzoqlikda, quruqlikda joylashgan boshqaruv markazidan nazorat qiladi. Shu bilan birga, kompleks ichidagi mutaxassislar uskunalarning ishlashini joyida kuzatib turadi.

Masofaviy boshqaruv tizimi yer ustidagi markazni mashinaning yer ostidagi ishchi tizimlari bilan bog‘laydi. Kameralar va datchiklar aylanuvchi kesish qismining holati, keskichlarning yeyilishi hamda qazish ko‘rsatkichlarini real vaqtda kuzatadi. Bu muhandislarga nosozliklarni paydo bo‘lishi bilan aniqlash imkonini beradi.

Nazorat tizimi ogohlantirishlarni bevosita mutaxassislarning smartfonlariga ham yuboradi. Masalan, kesish qismining burovchi momentida g‘ayrioddiy o‘zgarish kuzatilsa, tunnel qoplamasining segmentlari siljisa yoki moy tizimi va zichlagichlardagi bosim o‘zgarsa, mas’ul xodimlar darhol xabar oladi.

«Yunçjou» aynan shu trassaning murakkab geologik sharoitlariga moslab yaratilgan. Uning qazish diametri 14,57 metrni tashkil etadi, aylanuvchi old qismiga esa 308 ta keskich o‘rnatilgan. Kompleks 2024-yil may oyida ish boshlagan.

Ninbo tomonidagi yo‘nalishning qariyb 70 foizi qazish uchun noqulay qatlamlardan iborat. Mashina ayrim joylarda yaxlit qattiq qoya jinslarini, boshqa hududlarda esa yumshoq gruntni kesib o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Ba’zi uchastkalarda uning kesish qismi bir vaqtning o‘zida ham yumshoq gruntga, ham o‘ta qattiq tog‘ jinslariga duch keladi.

Qoya jinslarining mustahkamligi 240 megapaskalgacha yetadi. Manbada keltirilishicha, bu oddiy beton mustahkamligidan sakkiz baravardan ham yuqori.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.