Uzunligi 220 metr, vazni 3 500 tonna: Xitoy tunnel qazuvchi ulkan mashina yaratdi
Xitoyda qazish diametri boʻyicha dunyodagi eng yirik ikki qalqonli tunnel qazish mashinasi ishlab chiqarildi. Yuexi nomli 3 500 tonnali kompleks Sichuan provinsiyasida 18,4 kilometrlik avtomobil tunnelini qurishda qoʻllanadi.

Uzunligi 220 metr, vazni 3 500 tonna: Xitoy tunnel qazuvchi ulkan mashina yaratdi
Mashina sentabr oxirida Sichuan provinsiyasining maʼmuriy markazi bo‘lgan Chendu shahrida ishlab chiqarish liniyasidan chiqarildi. Uning umumiy uzunligi 220 metr, qazish diametri esa 13,01 metrni tashkil etadi.
Yuexi’ni Shudao Investment Group infratuzilma kompaniyasi hamda tunnel qazish texnikalarini ishlab chiqaruvchi China Railway Engineering Equipment Group birgalikda ishlab chiqdi. Bu rekord barcha tunnel qazish mashinalariga emas, aynan ikki qalqonli komplekslar toifasiga tegishli.
Bunday mashinalar aylanuvchi kesish diski yordamida tog‘ jinslarini maydalab, tunnel ochadi. Ikki qalqonli konstruksiya turli geologik sharoitlarda, jumladan, mustahkam va darz ketgan jinslarda ishlashga moslashtirilgan.
Yuexi’ning old qismida har birining diametri qariyb 48 santimetr bo‘lgan 83 ta diskli keskich o‘rnatilgan. Ular tog‘ jinslarini maydalaydi, gidravlik tizim esa mashinani oldinga siljitadi.
Kompleks bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani bajarishi mumkin: jinslarni qazish, tunnel devorlariga yig‘ma temir-beton qismlarni o‘rnatish, atrofdagi jinslarni mustahkamlash va qazilgan materialni tashqariga chiqarish.
Mashina burg‘ilash va geologik razvedka tizimlari bilan ham jihozlangan. Ular oldindagi jinslar holatini kompleks o‘sha nuqtaga yetib bormasidan avval baholash imkonini beradi. Avtomatik lazerli yo‘naltirish tizimi esa qazish yo‘nalishini yuqori aniqlikda saqlashga xizmat qiladi.
Yuexi Sichuan provinsiyasidagi Szinkouxe - Sichan tezyurar avtomobil yo‘lining Yuesi tunneli qurilishida ishlatiladi. U oyiga 380 metrdan ortiq masofani qazib o‘tishi mumkinligi bildirilmoqda.
Ushbu usul faqat burg‘ilash va portlatishga asoslangan an’anaviy qurilishga nisbatan uch–besh barobar samarali bo‘lishi kutilmoqda.
Loyiha Xitoyda yirik diametrli ikki qalqonli mashinaning avtomobil tunneli asosiy qismini qazishda ilk bor qo‘llanishi bo‘ladi. Ilgari bunday komplekslar ko‘proq temiryo‘l va metro tunnellari qurilishida ishlatilgan.

