Xitoyda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan ilk dorini ishlab chiqarishga ruxsat etildi

Xitoyda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan ilk dori ishlab chiqarishga ruxsat oldi
Xitoyda sun’iy intellekt ko‘magida yaratilgan birinchi innovatsion dori Tibbiy buyumlar milliy boshqarmasi (NMPA) tomonidan ma’qullandi. Yangi dori moddasi aniqlanganidan boshlab odamlarda sinovdan o‘tkazilguniga qadar atigi uch yarim yil vaqt sarflandi. Bu haqda Vestleyk universitetiga tayanib Global Times xabar berdi.
Mprosevir nomli ushbu preparat Vestleyk universiteti, Vestleyk laboratoriyasi va Westlake Pharmaceuticals kompaniyasi tomonidan hamkorlikda ishlab chiqildi. Boshqarma uni kattalardagi yengil va o‘rtacha og‘irlikdagi COVID-19 infeksiyasini davolash uchun sotuvga shartli ravishda ruxsat berdi.
Sinxua axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, bu dori ilgari Xitoyda ham, xorijda ham sotuvga chiqarilmagan yangi preparat hisoblanadi. U butunlay yangi kimyoviy tuzilishga, yangi ta’sir mexanizmiga va aniq klinik qiymatga ega bo‘lgan mutlaqo yangi ishlanmadir.
Mazkur dori “DNK bilan kodlangan kutubxona texnologiyasi” (DEL) asosida muvaffaqiyatli tasdiqlangan dunyodagi ilk kichik molekulali innovatsion preparat bo‘ldi. Tide News’ga ko‘ra, bu DEL texnologiyasi konsepsiyasi ilgari surilganidan 34 yil o‘tib erishilgan tarixiy natijadir.
Olimlar ishning boshidayoq sun’iy intellekt va DEL texnologiyasini birgalikda qo‘lladi. Sun’iy intellekt noto‘g‘ri birikmalarni chiqarib tashlab, dori bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lgan moddalarni saraladi. Mprosevirni topish uchun 49 milliardta birikmadan iborat ulkan bazadan foydalanildi. Avval shu bazadan 100 dan ortiq mos modda ajratib olindi.
Odatda 100 dan ortiq moddani alohida sinash uchun juda ko‘p vaqt va resurs talab etiladi. Ammo sun’iy intellekt bu ro‘yxatni bir necha kunda 9 tagacha qisqartirdi. Ushbu to‘qqizta molekulaning faollik testi natijasida ulardan oltitasi yuqori faollik ko‘rsatgani aniqlandi. Bu esa taxminiy aniqlik darajasi juda yuqori ekanini ko‘rsatdi.
Zaharlilik, moddalar almashinuvi va boshqa sinovlardan so‘ng olimlar yakunda WLU6937 molekulasini eng maqbul modda sifatida tanladi. Tadqiqotchilar guruhining aytishicha, Mprosevir dori vositalarini sun’iy intellekt yordamida yaratish hozirgi kunda juda samarali va amalga oshirish mumkin bo‘lgan jarayon ekanini isbotladi.
Keyingi ikki yil davomida jamoa ushbu molekula ustida to‘liq takomillashtirish ishlarini olib bordi. Uning faolligi oshirildi, dori xususiyatlari yaxshilandi, toksikligi kamaytirildi. Shuningdek, trubkadagi va sichqonlardagi tajribalardan tortib klinik sinovlargacha bo‘lgan bosqichlar bosib o‘tildi. Sun’iy intellekt bu bosqichda ham muhim rol o‘ynadi.
Sun’iy intellekt insult ehtimolini ko‘rsatib, bolani shifokorga olib borishni tavsiya qilgan. Ona bolani shifoxonaga olib borgan. Biroq ko‘rikdan so‘ng shifokorlar uni uyiga jo‘natgan.

