Texnologiya

Apple Xitoy uchun o‘zining sun’iy intellekt modelini yaratdi

Apple Xitoy bozori uchun o‘zining sun’iy intellekt modelini yaratdi. Bu haqda Reuters agentligi vaziyatdan xabardor uch manbaga tayanib xabar berdi.

Yangi model Alibaba Group bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va uning ko‘magida o‘qitilgan. Avvalroq Apple Xitoyda uchinchi tomon modellaridan foydalanishni rejalashtirayotgani aytilgan edi, ammo maxsus model yaratilgani haqida ma’lumot berilmagandi.

Xitoyda OpenAI’ning ChatGPT va Anthropic’ning Claude kabi AQSH modellaridan foydalanish taqiqlangan. Shu sababli Apple mahalliy hamkorlar texnologiyasidan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Apple va Alibaba bu borada izoh berishdan bosh tortdi.

Kutilishicha, Apple Intelligence sun’iy intellekt vositalar to‘plami iOS operatsion tizimi yangilangach, yaqin oylarda Xitoyda ishga tushadi. O‘z modeliga ega bo‘lish Apple’ga Xitoy bozorida sun’iy intellekt imkoniyatlarini yaxshiroq nazorat qilish imkonini beradi. Shuningdek, u Xitoyda o‘z SI modelini taklif qilish uchun Pekindan ruxsat olgan birinchi xorijiy kompaniyaga aylanadi.

Iyul oyida Xitoy kiberhudud ma’muriyati Apple’ning sun’iy intellekt xizmatini ro‘yxatdan o‘tkazgan va tartibga solish g‘ovlarini olib tashlagan edi. Avvalroq tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Xitoydagi Apple qurilmalariga Alibaba’ning Qwen modeli hamda Baidu texnologiyalari integratsiya qilinadi.

Kompaniya o‘tgan haftada Xitoydagi Mac foydalanuvchilari Qwen modelini Siri va Writing Tools funksiyasiga qanday ulashi haqida yo‘riqnoma e’lon qildi. Biroq keyinchalik ushbu yo‘riqnoma sababsiz o‘chirib tashlandi.

Alibaba raisi Jo Tsay 2025-yil fevral oyida Dubaydagi sammitda Apple Xitoydagi telefonlari uchun ularning texnologiyasini tanlaganini tasdiqlagan edi. Biroq xizmatni ishga tushirish mahalliy talablarga moslashtirish jarayoni sabab biroz kechikdi.

Xitoy Apple uchun eng muhim bozorlardan biridir. Xitoydagi iPhone’larda sun’iy intellekt funksiyalarining yo‘qligi sotuvlar hajmi kamayishiga sabab bo‘layotgan edi. Xaridorlar mahalliy SI yordamchilariga ega bo‘lgan Huawei kabi brendlarni afzal ko‘rmoqda. Apple’ning o‘z modeli va uchinchi tomon modellari birga qanday ishlashi hozircha aniq emas. Kuni kecha Apple 110 ta mamlakatdagi foydalanuvchilarni josuslik hujumidan ogohlantirgani haqida xabar berilgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.