Korxonalarga sun’iy intellekt joriy qilish xarajatining 50 foizi qoplab beriladi
O‘zbekistonda “10 ming korxona uchun – sun’iy intellekt hamkor” dasturi boshlanadi. Dastur doirasida korxonalarga sun’iy intellekt joriy qilish xarajatining 50 foizi kompensatsiya qilinadi. Shuningdek, tadbirkorlar foydalanishi uchun tayyor SI dasturlari ochiq platformaga joylashtiriladi. Yangi mahsulot uchun SI modelini yaratishda O‘zbekistondagi birinchi superkompyuterdan bepul foydalanish imkoni beriladi. Ilmiy-tadqiqot xarajatlari ham byudjetdan qoplanadi.

Korxonalarga sun’iy intellektni tatbiq etish xarajatlarining yarmi qoplab beriladi.
O‘zbekistonda “10 ming korxona uchun – sun’iy intellekt hamkor” dasturi ishga tushirilmoqda. Ushbu dastur doirasida korxonalarga sun’iy intellekt tizimlarini joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi kompensatsiya qilinadi.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazida birinchi superkompyuter klasteri faoliyat boshladi. Kelgusi yilda uning quvvati uch barobar oshiriladi. Yangi mahsulotlar uchun sun’iy intellekt modelini yaratishda ushbu superkompyuterdan bepul foydalanish imkoniyati taqdim etiladi. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot xarajatlari ham davlat byudjetidan qoplanadi.
Bundan tashqari, tadbirkorlar foydalanishi uchun tayyor sun’iy intellekt dasturlari ochiq platformaga joylashtiriladi. Dasturning dastlabki bosqichiga kamida 100 million dollar ajratiladi.
To‘qimachilik sohasidagi tajriba elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoatiga ham tatbiq etiladi. Ushbu korxonalarda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy etish xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

