Xitoyda odamsimon robotlar doʻkonda 24 soat ishladi (video)
Ular xaridorlarni kutib olgan, oziq-ovqat va ichimliklar taqdim etgan, stollarni artgan va qahva tayyorlagan.

Xitoyda odamsimon robotlar do‘konda 24 soat ishladi (video)
Xitoyning Shanxay shahrida odamsimon robotlar do‘konda 24 soatlik ish smenasiga qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, oltita AgiBot Genie G2 robotlari kundalik ehtiyoj mollari do‘konida ishlagan. Ish smenasi davomida robotlar xaridorlarni kutib olgan, ularga oziq-ovqat va ichimliklar bergan, rastalardagi mahsulotlar zaxirasini to‘ldirgan, stollarni artgan va qahva tayyorlagan. Robotlarning ishini masofadan turib internet orqali kuzatish mumkin bo‘lgan.
Tajriba davomida sun’iy intellektga ega robotlarning xaridorlarga xizmat ko‘rsatish imkoniyati baholangan. Robotlar laboratoriyadan tashqarida ham yumushlarni bajara olishini namoyish etgan.
Ma’lumot uchun, avvalroq Xiaomi kompaniyasining gumanoid robotlari avtomobil zavodida ilk bor 8 soatlik smenada ishlab, kunlik me’yorni to‘liq bajargan edi. Bu robotlarning haqiqiy ishlab chiqarish sharoitidagi ilk sinovi bo‘lgan.
Smena davomida robotlar ikki marta zaryad olish uchun to‘xtagan. Birinchi marta 3 soat 2 daqiqalik ishdan keyin, ikkinchi marta esa 6 soat 3 daqiqadan so‘ng quvvatlangan. Smenaning ikkinchi yarmida robotlardan biri panelni yerga tushirib yuborgan. Uni g‘ildirakli robot joyiga qo‘ygan. Umuman olganda, robotlar 8 soat 5 daqiqa ishlagan.

