Texnologiya

Xiaomi’ning gumanoid robotlari ilk bor avtomobil zavodida 8 soatlik smenada ishladi (video)

Robotlar avtomobil qismlarini saralab, joy-joyiga qo‘ygan. Smena davomida ular ikki marta zaryad olish uchun to‘xtagan.

Xiaomi’ning gumanoid robotlari avtomobil zavodida ilk bor 8 soatlik smenada ishladi (video)

Xiaomi asoschisi Ley Szyun kompaniyaning gumanoid robotlari avtomobil zavodida birinchi marta sakkiz soatlik smenada ishlaganini ko‘rsatuvchi videoni e’lon qildi. Bu haqda Xitoyning The Paper nashri xabar berdi.

Xiaomi ma’lumotiga ko‘ra, robotlar belgilangan kunlik ish me’yorini to‘liq bajargan. Bu sinov robotlarning haqiqiy zavod sharoitida ishlashini tekshirish bo‘yicha ilk tajriba ekani aytildi.

Video avtomobillarni yakuniy yig‘ish sexida olingan. Unda CyberOne 02 modelidagi ikkita — qora va oq rangli robot ishlayotgani tasvirlangan. Robotlar avtomobil saloniga o‘rnatiladigan yon panellarni saralagan. Ular qutilarda tartibsiz yotgan detallarni olib, kerakli tomonga burib, javonlarga joylashtirgan. Bunda robotlar avtomobil yig‘ish tezligiga mos ravishda tez ishlashi kerak bo‘lgan.

Smena davomida robotlar ikki marta zaryad olish uchun to‘xtagan. Birinchi marta 3 soat 2 daqiqalik ishdan keyin, ikkinchi marta esa 6 soat 3 daqiqadan so‘ng quvvatlangan.

Smenaning ikkinchi yarmida robotlardan biri panelni yerga tushirib yuborgan. Uni g‘ildirakli robot joyiga qo‘ygan. Umuman olganda, robotlar 8 soat 5 daqiqa ishlagan.

Zavod uchun bunday robotlar kerakligiga shubha qilgan foydalanuvchilarga Ley Szyun shunday javob berdi:

“Bu universal gumanoid robot. Uning texnik qismlarini o‘zgartirish shart emas. U turli ish joylari va vazifalarga moslasha oladi”.

Shunga o‘xshash sinovlar boshqa kompaniyalar tomonidan ham o‘tkazilgan. Jumladan, Figure 03 roboti AQSHning Spartanburg shahridagi BMW zavodida, AgiBot G2 esa Xitoyning Nanchan shahridagi Longcheer planshet ishlab chiqarish fabrikasida ishlagan.

Ma’lumot uchun, iyul oyi oxirida AQSH Federal aloqa komissiyasi xorijda ishlab chiqarilgan yangi gumanoid robotlarni mamlakatga olib kirishni taqiqlagan. Komissiya bu qarorni xavfsizlik bilan izohlagan. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, taqiq birinchi navbatda Xitoyga qaratilgan. Chunki dunyodagi gumanoid robotlar bozorining 85 foizi ushbu mamlakat hissasiga to‘g‘ri keladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.