Xitoy turli xil dronlarni bitta «aqlli toʻda»ga birlashtirmoqchi
Xitoy bir xil turdagi koʻp sonli dronlarni birgalikda boshqarish texnologiyasidan yangi bosqichga - havo, quruqlik va dengizda harakatlanadigan turli uchuvchisiz tizimlarni yagona tarmoqda muvofiqlashtirishga oʻtmoqchi. Kelajakda bunday tizim razvedkadan tortib radioelektron bostirish va yuqori aniqlikda zarba berishgacha boʻlgan vazifalarni bajarishi koʻzda tutilgan.

Xitoy turli turdagi dronlarni yagona «aqlli toʻda»ga birlashtirishni rejalashtirmoqda
Xitoy elektron texnologiyalar korporatsiyasi (CETC) ishtirokida tayyorlangan maqolada mamlakatda dronlar toʻdasi texnologiyalarini rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari yoritilgan.
CETCning Intellektual texnologiyalar instituti mutaxassislari dronlar toʻdasini shunchaki bir paytda harakatlanadigan koʻp sonli uchuvchisiz apparatlar yigʻindisi sifatida emas, balki taqsimlangan yagona tizim sifatida tasavvur qilmoqda.
Bunday tizimda alohida apparatlar bir-biri bilan maʼlumot almashadi, harakatlarini muvofiqlashtiradi va mahalliy vaziyatdan kelib chiqib mustaqil qarorlar qabul qiladi.
Xitoy allaqachon bir xil turdagi koʻplab dronlardan iborat toʻdalarni yaratishda sezilarli natijalarga erishgan. CETC maʼlumotiga koʻra, bunday tizimlar markazlashtirilmagan tarmoq qurish, uni vaziyatga qarab qayta shakllantirish va moslashuvchan algoritmlardan foydalanish imkoniyatini koʻrsatgan.
Bu esa ayrim dronlar ishdan chiqsa, aloqa uzilsa yoki radioelektron xalaqitlar yuzaga kelsa ham, butun tizimga ishni davom ettirish imkonini beradi.
CETC mutaxassislari dronlar toʻdasining jangovar samaradorligini belgilovchi beshta asosiy xususiyatni ajratib koʻrsatgan. Ular — yashovchanlik, vaziyatdan xabardorlik, rejalashtirish va qaror qabul qilish, vazifalarni bajarish hamda mustaqil oʻrganish va rivojlanish qobiliyati.
Hozirgi paytda Xitoy ushbu yoʻnalishlarning ayrimlarida yetarlicha rivojlangan texnologiyalarga ega ekani qayd etilgan. Biroq turli xil uchuvchisiz apparatlarni bir vaqtning oʻzida havo, quruqlik va dengizda harakatlantirish hanuz ancha murakkab vazifa boʻlib qolmoqda.
Dronlar toʻdasining muhim ustunliklaridan biri — koʻplab apparatlardan kelayotgan maʼlumotlarni birlashtira olishidir. Bir nechta dronning kuzatuv maʼlumotlarini umumlashtirish orqali alohida apparatning texnik imkoniyatlaridagi cheklovlarni qisman bartaraf etish mumkin.
Bunday toʻda nishonlarni mustaqil ravishda qidirishi, niqoblangan obyektlarni aniqlashi, ularning joylashuvini belgilashi va bir vaqtning oʻzida atrofdagi vaziyatning yaxlit manzarasini shakllantirishi mumkin.
Shu bilan birga, kichik va yaxshi yashirilgan obyektlarni kuchli radioelektron taʼsir hamda shovqin sharoitida aniqlash hanuz qiyin vazifa boʻlib qolmoqda.

