Xitoy qaramog‘ida qancha panda borligi ma’lum qilindi
Hozirgacha xalqaro dasturlar doirasida xorijga jami 69 ta panda yuborilgan. Natijada boshqa davlatlarda 73 ta panda dunyoga kelgan.

**Xitoy qaramog‘ida qancha panda borligi ma’lum qilindi**
Xitoyda tutqunlikda boqilayotgan pandalar soni 830 taga yetdi. Shu bilan birga, ularning genetik xilma-xilligi ham yaxshilanib bormoqda. Bu haqda 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Global Panda Partners 2026 konferensiyasida ma’lum qilindi.
So‘nggi yillarda maxsus ekologik koridorlar qurildi. Ular ilgari bir-biridan ajralib qolgan 13 ta pandani umumiy populyatsiya bilan qayta bog‘ladi. Tadqiqotchilar ushbu koridorlarda pandalar va boshqa hayvonlarning 150 dan ortiq harakatlanish holatini qayd etgan. Natijada pandalarning hududlar bo‘ylab ko‘chishi va juft topishi ancha osonlashdi.
Panda Xitoyning ramzi va biologik xilma-xillikni asrash timsoli hisoblanadi. Ularni tomosha qilish uchun dunyo bo‘ylab 1 milliarddan ortiq tashrif qayd etilgan. 2026-yilda pandalar milliy parki tashkil etilganiga besh yil to‘ldi. Park ekologiyani muhofaza qilishda dastlabki natijalarga erishdi.
Parkning Sichuan qismi qariyb 19,3 ming kvadrat kilometrni tashkil etadi. Bu umumiy maydonning taxminan 90 foiziga teng. Mazkur hududda 1227 ta yovvoyi panda yashaydi. Sichuan o‘rmon xo‘jaligi va o‘tloqlar boshqarmasi vakilining aytishicha, so‘nggi besh yilda 22,6 ming gektardan ortiq panda yashash joyi tiklangan.
Milliy parkda inson faoliyati ustidan nazorat kuchaytirildi. Tabiatga zarar yetkazuvchi faoliyat bosqichma-bosqich to‘xtatildi. Shu sabab 200 ta konchilik litsenziyasi bekor qilindi. Shuningdek, yopilishi lozim bo‘lgan 281 ta kichik gidroelektrostansiyaning 270 tasi tugatildi.
Shu tariqa yovvoyi pandalar soni 1980-yillardagi 1100 tadan bugungi kunda 1900 taga yetdi. Tutqunlikdagi pandalar soni esa ilmiy yordam tufayli ortib bormoqda. Konferensiyada Xitoy-ingliz tillarida tahliliy hisobot taqdim etildi. Unda Xitoyning ekologik sivilizatsiya va tabiatni muhofaza qilish borasidagi tajribasi yoritildi.
**Boshqa turlar uchun “soyabon” himoyasi**
Milliy parkning tashkil etilishi boshqa turlarni ham himoya qilishga xizmat qildi. Sichuanda so‘nggi besh yilda 14 ta yangi o‘simlik turi hamda amfibiya va reptiliyalarning ikkita yangi turi topildi.
Kamyob hayvonlar soni ham tiklanmoqda. Qoplonlar (qor qoplonlari) aniqlangan hududlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Oltin rang maymunlar soni esa barqaror saqlanib, ayrim joylarda ko‘paygan.
**Xalqaro hamkorlik va pandalar diplomatiyasi**
Shu fonida pandalarni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlik kengaydi. 1990-yillardan beri Xitoy 20 ta davlatdagi 26 ta muassasa bilan birgalikda tadqiqotlar olib bormoqda.
Hozir pandalar AQSH va Fransiya kabi mamlakatlarda yashamoqda. Xitoy Ispaniya va Belgiya bilan pandalarni ko‘paytirish bo‘yicha maxsus dasturlarni amalga oshirmoqda. Mutaxassislar pandalarni ko‘paytirish, bolalarini parvarish qilish va kasalliklarni davolash ustida birgalikda ishlamoqda.
Shuningdek, 27-sentyabr kuni Pingping va Fushuang ismli ikkita panda AQSHdagi Atlanta zooparkiga yetib bordi. Ular u yerda 10 yil yashaydi.
Hozirgacha xalqaro dasturlar doirasida xorijga jami 69 ta panda yuborilgan. Ushbu hamkorlik natijasida xorijda 73 ta panda bolasi tug‘ilgan. Bu ilmiy resurslarni birlashtirish va tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

