Xitoy qanday qilib o‘zining eng go‘zal aktrisasidan voz kechdi? Fan Binbin va kinosanoatni larzaga solgan mojaro

Xitoy o‘zining eng go‘zal aktrisasidan qanday voz kechdi? Fan Binbin va kino sanoatini larzaga solgan mojaro
Xitoyning eng go‘zal aktrisasi Fan Binbin 16-sentyabr kuni 45 yoshga to‘ldi. Uning filmografiyasida 50 dan ortiq kinoasar bor, biroq jamoatchilik hozir uning rollarini emas, balki o‘n yil avval yuz bergan firibgarlik sxemasini muhokama qilmoqda. 2018-yilda Fan Binbin ekranlardan g‘oyib bo‘ldi. Keyin u barcha muxlislariga alamga to‘la maktub yuborib, “hammasi uchun to‘lashga” va’da berdi. Ma’lum bo‘lishicha, aynan shu paytda u uy qamog‘ida bo‘lgan. Xo‘sh, o‘sha vaqtda nima yuz bergan va boyligi 100 million dollarga baholangan aktrisaning yo‘qolib qolishiga nima sabab bo‘lgan?
2018-yil 28-may kuni aktrisa dugonasi va jamoasi bilan Los Anjelesga uchib ketayotgan edi. O‘sha paytda unga qarshi haqiqiy urush avj olgandi — mashhur teleboshlovchi Suy Yun’yuan Weibo tarmog‘ida Fanning “Mobil telefon 2” filmida suratga tushish bo‘yicha shartnomasining birdaniga ikkita nusxasini e’lon qildi. Ancha vaqtdan beri aktrisaning “Mobil telefon 2” prodyuserlari bilan munosabatlari yaxshi emasdi. Fan aynan Suyning o‘ziga juda o‘xshab ketadigan qahramonning jazmani rolini ijro etgan edi.
Shartnomalardan birida 7,8 million dollar, ikkinchisida esa 1,5 million dollar gonorar ko‘rsatilgan edi. Shu tariqa, Fan soliq to‘lashdan qochish maqsadida gonorar miqdori ataylab kamaytirib ko‘rsatilgan deklaratsiya topshirgani oshkor bo‘ldi. Bu Binbinga unchalik katta muammo bo‘lib tuyulmagandi, ammo kutilmaganda hammasi o‘zgarib ketdi — vatandoshlari undan yuz o‘girdi. Muxlislar Fanning daromadi yomon emasligini doim bilishardi, biroq uning gonorari aslida qanchalik yuqori ekanini bilib, hayratda qolishdi.
“Mobil telefon 2” filmi prodyuseri bo‘lgan kinokompaniya rasmiy bayonot bilan chiqib, Suy ularning advokatlaridan ogohlantirish xati olishini ta’kidladi. Boshlovchining o‘zi esa uzr so‘radi, biroq boshlangan jarayonni to‘xtatib bo‘lmasdi.
Fanga aloqador kompaniyalarning aksiyalari darhol 10 foizga tushib ketdi — bu Xitoy fond bozorida bir kun ichida yuz berishi mumkin bo‘lgan eng yuqori pasayish ko‘rsatkichidir. Oradan atigi uch kun o‘tgach, xitoylik senzorlar Fanning o‘zini “zapret”ga tiqishdi — internetdan unga, daromadlariga va filmlariga oid barcha ma’lumotlar yo‘qoldi.
Mojaro nafaqat Fanning karyerasiga, balki butun mamlakat kino sanoatiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Shunday qilib, Xitoyda yangi qonun paydo bo‘ldi: endi aktyorlarga film umumiy byudjetining qirq foizi miqdorida maksimal gonorar belgilanadi.
Binbin tufayli hukumat to‘satdan kino sanoati “ijtimoiy qadriyatlarni buzayotganini” va “yulduzlarni doimiy ravishda suratga jalb qilish” orqali “pulga sig‘inishni” rag‘batlantirayotganini payqab qoldi. Endi ular buning uchun badal to‘lashlariga to‘g‘ri keladi — bundan buyon kino sanoati xodimlari g‘aznaga eng yuqori stavkada — 45 foizlik daromad solig‘ini to‘lashga majbur etildi.
Binbinning o‘ziga kelsak, uning zimmasiga soliqlar va jarimalar ko‘rinishida 131 million dollar, jumladan, shaxsiy mablag‘laridan 70 million dollar to‘lash majburiyati yuklatildi.
2020-yilda u ijodga qayta boshladi. Aktrisa Harper’s Bazaar Vietnam va New York Times Style Magazine Singapore jurnallarining muqovalarida paydo bo‘ldi. Shuningdek, u o‘zi yo‘qligi sababli suratga olish ishlari to‘xtatib qo‘yilgan, Xitoy tarixidagi eng qimmat seriallardan biri ustida ishlash uchun vataniga qaytib keldi.
Eslatib o‘tamiz, Fan — eng mashhur xitoylik aktrisa. U o‘ziga o‘xshash uchun har qanday plastik operatsiyaga tayyor bo‘lgan muxlislar armiyasiga ega: aktrisaning yuzi “qovun urug‘i” shaklida bo‘lib, bu Xitoyda go‘zallik ideali hisoblanadi. Yulduz adidas, Louis Vuitton va boshqa shu kabi yirik brendlar bilan hamkorlik qilgan. U dastlab o‘z vatanida “Mening kichik malikam” seriali orqali mashhurlikka erishgan bo‘lsa, “Pekinda yo‘qolganlar” filmi bilan dunyoga tanilgan.

