Xitoyda 18-qavatdan tushib ketgan qiz omon qoldi

Xitoyda 20 yoshli qiz yigiti bilan janjallashib, 18-qavatdagi uyining balkonidan o‘zini tashlaganiga qaramay, tirik qoldi. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qiz 12-iyul kuni ertalab soat 4 da balkondan sakragan. Daraxt shoxlari uning tushish tezligini sekinlashtirib, butalar orasiga tushishiga sabab bo‘lgan.
Yigiti uni darhol kasalxonaga olib borgan va davolanish uchun 20 000 yuan (3 000 AQSH dollari) to‘lagan. Shifokorlar qizning boshi, o‘pkasi, jigari va talog‘i jarohatlangani, tos, chanoq suyagi va ikkala oyog‘i singanini aniqlagan. Qiz ikkita jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan.
Qiz 10-iyul kuni yigiti bilan munosabatlarini tugatishga qaror qilib, Yunnanga qaytish uchun poyezd chiptasini sotib olgan. 11-iyul kuni bo‘lib o‘tgan janjaldan so‘ng, yigiti uning shaxsiy guvohnomasi va mobil telefonini olib qo‘ygan, shuningdek, eshikni qulflab qo‘ygan.
Qizning hikoyasi uning oilasi tibbiy xarajatlarni qoplashda moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelib, ommaviy axborot vositalaridan yordam so‘raganida ma’lum bo‘ldi. Jabrlanuvchining onasiga 2022-yilda saraton tashxisi qo‘yilgan, otasi esa uning davolanishi uchun jamg‘armalarini sarflab, qarz olgan.
Hozirda qizning tibbiy to‘lovlari 100 ming yuandan (qariyb 15 ming AQSH dollari) oshgan, oila shifoxonadan 60 ming yuan (8 ming 800 dollardan ortiq) qarzdor. Ular onlayn xayriya platformasi orqali 90 ming yuan yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. Politsiya qizning yiqilishi bilan bog‘liq holatlarni o‘rganishni davom ettirmoqda.
"Jiyanim chindan ham omadli. Ko‘kalamzorlashtirilgan hududdan bir necha fut narida sementli yer bor, agar u yerga tushsa, halok bo‘lishi aniq edi", dedi qizning tog‘asi Li.
Aprel oyida Xitoyning Dalyan shahrida 11-qavat oynasidan tushib ketgan to‘rt yoshli bola ham tirik qolgandi. Onasining aytishicha, xonadon eshigi va deraza to‘ri qulflangan, uydagi vaziyat esa kamera orqali nazorat qilib turilgan. Biroq bola qandaydir tarzda derazaning kalitini topib, uni o‘zi ochishga muvaffaq bo‘lgan.

