Dunyo

Xitoy Nvidia bosh direktorini nishonga olgan aygʻoqchilik operatsiyasi haqidagi ayblovlarni rad etdi

AQSh razvedkasining mansabdor shaxslari xitoylik tadbirkor ayol Pekin uchun AQShning chiplar ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyasi haqida maʼlumot yigʻayotgan edi, deb hisoblamoqda, xabar beradi The New York Times.

Xitoy Nvidia bosh ijroiya direktori Jansen Xuangga qarshi aygʻoqchilik operatsiyasini amalga oshirgani haqidagi daʼvolarni rad etib, bu ayblovlarni «asossiz taxminlar» deb atadi.

The New York Times xabariga koʻra, AQSh razvedka xizmati mulozimlari Singapurda joylashgan Megaspeed maʼlumotlarni qayta ishlash markazi kompaniyasi bilan bogʻliq xitoylik tadbirkor ayol Elis Xuang Pekin uchun AQShning chip ishlab chiqaruvchi giganti haqida maʼlumot yigʻayotgan boʻlgan deb hisoblaydi. Xabarda aytilishicha, Jansen Xuangga qarindoshlik aloqasi boʻlmagan Elis Xuang Nvidia’ning zamonaviy sunʼiy intellekt chiplarini Xitoyga noqonuniy ravishda yuborish mumkinligi boʻyicha tergov qilingan va Jansen bilan yaqin munosabat oʻrnatgan.

Nvidia nashrga ularning aloqalari odatiy biznes munosabatlari boʻlganini maʼlum qildi, Pekin esa Vashingtonni Xitoyga tuhmat qilishga urinishda aybladi. Elis Xuang gazetaning izoh berish soʻroviga javob bermadi.

The New York Times tomonidan keltirilgan ismi oshkor etilmagan manbalarning aytishicha, AQSh razvedka agentliklari Elis Xuangning harakatlarini kuzatib borgan va u Xitoy hukumati nomidan harakat qilgan degan xulosaga kelgan.

Xabar qilinishicha, kuzatuv davomida Elis Xuang va keyinchalik «oshkor qilish» jarayoni orqali Jansen Xuang ekani aniqlangan AQSh fuqarosi oʻrtasidagi muloqotlar aniqlangan.

Xuang Le nomi bilan ham tanilgan Elis Xuangning Pekinga aynan qanday maʼlumotlarni uzatgani, bu maʼlumotlar qanchalik muhim boʻlgani yoki u qachondan beri razvedka maʼlumotlarini yigʻa boshlagani hozircha nomaʼlumligicha qolmoqda.

Juma kuni boʻlib oʻtgan odatiy brifingda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi notigʻi Go Tszyakun shunday dedi: «Tilga olingan xabar asossiz taxminlarga tayanadi va Xitoyga tuhmat qilishga boʻlgan navbatdagi urinishdan boshqa narsa emas».

Times xabariga javob berar ekan, Nvidia vakili Jon Ritszo shunday dedi: «Jansenning Xuang xonim bilan muloqotlari gʻayriodatiy yoki kutilmagan holat emas».

Uning taʼkidlashicha, Megaspeed kabi mijozlar «odatiy tijorat maʼlumotlarini olishadi, Nvidia’ning maxfiy savdo sirlarini yoki milliy xavfsizlikka oid hech qanday maʼlumotni emas».

U, shuningdek, Singapur kompaniyasi Xitoyga chiplarni noqonuniy olib oʻtgani haqidagi daʼvolar «oʻtgan yili sinchkovlik bilan tekshirilgani va oʻz tasdigʻini topmaganini» qoʻshimcha qildi.

Ushbu xabar AQShning sunʼiy intellekt tizimlarini rivojlantirish uchun juda muhim deb qaraluvchi ilgʻor kompyuter texnologiyalaridan Xitoyning foydalanishi boʻyicha uzoq vaqtdan beri mavjud boʻlgan xavotirlari fonida paydo boʻldi.

Jansen Xuang Nvidia’ga oʻz mahsulotlarini Xitoyga koʻproq sotishga ruxsat berish global SI sanoatida AQShning raqobatbardoshligini saqlab qalish uchun muhim deb taʼkidlab keladi.

Biroq, Vashington milliy xavfsizlik xavotirlari va bu texnologiya Xitoyning harbiy operatsiyalarini kuchaytirishi mumkinligi xavfini vaj qilib, 2022 yildan beri Nvidia’ning eng ilgʻor chiplarini Xitoyga eksport qilishni cheklab qoʻygan. Shu bilan birga, Tramp maʼmuriyati davrida cheklovlar biroz yumshatilgan edi.

AQSh rasmiylari bir nechta firmalar chiplarni Xitoy chegarasi orqali noqonuniy olib oʻtayotganda ushlanganini maʼlum qildi. Ular, shuningdek, uchinchi mamlakatlar orqali faoliyat yuritayotgan kompaniyalar Xitoy korxonalariga cheklangan texnologiyalarni olishda yordam berayotgan yoki bermayotganini tekshirmoqda.

Nvidia amaldagi eksport qonunlariga amal qilishini va uning chiplari Xitoyga noqonuniy olib oʻtilgani haqida hech qanday dalil yoʻqligini bildirgan.

Megaspeed kompaniyasining amaldagi rahbariyati ushbu ayblovlarga jiddiy qarashini va ichki tergov oʻtkazish uchun tashqi yuridik maslahatchilarni yoshlaganini maʼlum qildi. Kompaniya, shuningdek, AQSh hukumatiga hamkorlik qilishga tayyorligini bildirganini aytdi.

Elis Xuangning Megaspeed bilan hozirda qanchalik yaqin aloqada ekani nomaʼlumligicha qolmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.