Xitoy bilan «abadiy doʻstlik»: Senat qonunni maʼqulladi
Senat Markaziy Osiyoning besh davlati va Xitoy oʻrtasidagi Abadiy yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni maʼqulladi. Hujjat savdo, investitsiya, transport, energetika va raqamli texnologiyalar sohalarida uzoq muddatli hamkorlikning huquqiy asoslarini belgilaydi.

Xitoy bilan «abadiy doʻstlik»: Senat qonunni maʼqulladi
Oliy Majlis Senati 3-oktabr kuni boʻlib oʻtgan yalpi majlisda “Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston, Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida abadiy yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomani (Ostona, 2025-yil 17-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunni maʼqulladi.
Mazkur shartnoma “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati doirasida imzolangan ilk koʻp tomonlama xalqaro hujjat boʻlib, Markaziy Osiyo davlatlari hamda XXR oʻrtasidagi uzoq muddatli hamkorlik uchun huquqiy asoslarni belgilaydi.
Unda davlatlarning suveren tengligi, hududiy yaxlitligi, ichki ishlarga aralashmaslik, kuch ishlatmaslik va nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish tamoyillari asosida strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, hujjatda siyosiy muloqot mexanizmlarini kengaytirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport-kommunikatsiya aloqalarini kuchaytirish, energetika, sanoat kooperatsiyasi, raqamli texnologiyalar, “yashil” taraqqiyot va gumanitar yoʻnalishlardagi hamkorlikni chuqurlashtirish belgilangan.
Senat xabariga koʻra, shartnomaning amalga oshirilishi Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻlini barpo etish, transport yoʻlaklarini rivojlantirish, logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, “Elektron Ipak yoʻli” savdo platformasini rivojlantirish kabi muhim loyihalar uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

