O‘zbekiston va Ozarbayjon Abadiy do‘stlik to‘g‘risida shartnoma imzoladi
Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasini imzoladi. Qolaversa, davlat rahbarlari huzurida pensiya, madaniyat, turizm hamda shaharlararo birodarlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan bayonnomalar tasdiqlandi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda Oliy davlatlararo kengash uchinchi yig‘ilishining qarorini imzoladilar.
Ozarbayjon OAV tomonidan e’lon qilingan shartnoma matnida tomonlar xalqaro huquqning umumiy e’tirof etilgan tamoyillari va normalariga amal qilgan holda, o‘z munosabatlarini abadiy do‘stlik, o‘zaro ishonch, strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslashlarini tasdiqlaydi.
Shuningdek, tomonlar o‘z milliy voqelikka mos keladigan rivojlanish yo‘llari va modellarini tanlashda bir-birlarini, shuningdek, o‘zlarining tub manfaatlariga daxldor asosiy masalalar bo‘yicha bir-birlarining pozitsiyalarini qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldilar.
Mamlakatlar bir-birining suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga zarar yetkazadigan har qanday blok yoki ittifoqlarda ishtirok etmaslik, shuningdek, bir-biriga qarshi qaratilgan har qanday harakatlarda qatnashmaslik majburiyatini oldilar. Tomonlar, shuningdek, uchinchi mamlakatlar tomonidan o‘z hududlaridan boshqa tomonning davlat suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga zarar yetkazish maqsadida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon parlamentlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, huquqiy hamkorlikni, savdo-iqtisodiy, gumanitar, madaniy aloqalarni, shuningdek, turli sohalardagi qo‘shma loyihalarni mustahkamlash niyatida. Ular, shuningdek, o‘zaro bog‘liq transport tizimini mustahkamlash uchun sharoit yaratishga kelishib oldilar.
Shartnomada tomonlar nizolarning oldini olish va ularni hal qilish hamda mintaqaviy va global xavfsizlik va barqarorlik muammolarini hal etishda BMTning markaziy rolini mustahkamlashga sodiqliklarini tasdiqladilar.
Nomuayyan muddatga tuzilgan hujjatda u uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmagani va tomonlar a’zosi bo‘lgan boshqa ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmasligi ta’kidlanadi.
Davlat rahbarlari huzurida, shuningdek, boshqa hujjatlar ham imzolandi.
Avvalroq O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari bir-birini ikki mamlakatning oliy davlat ordenlari bilan mukofotlagan edi. Shavkat Mirziyoyev “Haydar Aliyev” ordeni, Ilhom Aliyev esa “Oliy darajali do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

