Xitoy 54 million kişini elektr bilan taʼminlaş uçun AESni kengaytirmoqda
Xitoydagi «Xayyan» atom elektr stansiyasining uçinçi bosqiçi qurilişi boşlandi. Barça oltita energoblok işga tuşirilgaç, majmua yiliga 60,9 milliard kilovatt-soatgaça elektr işlab çiqarişi kutilmoqda. Bu qariyb 54 million kişining yillik maişiy elektr ehtiyojini qoplaşga yetadi.

Xitoy 54 million kishini elektr bilan taʼminlash uchun AESni kengaytirmoqda
Xitoyning sharqidagi Shandun viloyatining Xayyan shahrida joylashgan atom elektr stansiyasida beshinchi energoblokning «yadroviy oroli» qurilishiga kirishildi.
State Power Investment Corporation - SPIC kompaniyasi maʼlumotiga ko‘ra, 31-oktabr kuni mazkur qism poydevoriga dastlabki beton quyilgan. Shu tariqa «Xayyan» atom energetika majmuasini barpo etishning uchinchi bosqichiga start berildi. Loyiha uch bosqichda million kilovatt quvvat toifasiga mansub oltita energoblok qurishni nazarda tutadi.
«Xayyan» uchinchi avlod yadroviy texnologiyalari asosida amalga oshirilayotgan dunyodagi dastlabki atom energetika loyihalaridan biri hisoblanadi. Yangi, uchinchi bosqich beshinchi va oltinchi energobloklarni qamrab oladi. Ularda passiv xavfsizlik tizimlariga ega takomillashtirilgan uchinchi avlod suv-suv reaktorlaridan foydalaniladi.
Passiv xavfsizlik tizimlarining xususiyati shundaki, ayrim himoya vazifalari tabiiy fizik jarayonlarga tayanadi. Bunday yondashuv favqulodda vaziyatlarda tashqi elektr taʼminoti va faol mexanik uskunalarga bog‘liqlikni kamaytirishga xizmat qiladi.
Uchinchi bosqich Xitoyning 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan 15-besh yillik rejasi davrida Shandun viloyatida qurilishi boshlangan birinchi atom energetika loyihasi bo‘ldi.
Yangi ishlar boshlanishi bilan «Xayyan» majmuasi bir nechta energoblok bir vaqtning o‘zida ishlatiladigan, boshqalari esa quriladigan rivojlanish bosqichiga o‘tmoqda. Kompaniya bunday yondashuv atom energiyasidan foydalanish yo‘nalishlarini kengaytirish va hududda yirik atom energetika markazini shakllantirishni tezlashtirishini taʼkidlamoqda.
SPIC Shandong Nuclear Power kompaniyasining «Xayyan» loyihasi rahbari Lyu Feyning aytishicha, oltita energoblok to‘liq qurilib, foydalanishga topshirilgach, majmua to‘liq passiv xavfsizlik tizimli suv-suv reaktorlari texnologiyasiga asoslangan atom energetika obyektlari orasida dunyodagi eng yirigiga aylanadi. Yillik elektr ishlab chiqarish 60,9 milliard kilovatt-soatga yetishi, bu esa 54 million aholining maishiy elektr ehtiyojini qoplashga teng bo‘lishi kutilmoqda.
Xitoy atom energetikasini mamlakat miqyosida ham jadal kengaytirmoqda. Xabarda keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, mamlakatda ishlayotgan, qurilayotgan yoki qurilishi tasdiqlangan jami 120 ta atom energobloki mavjud. Ularning umumiy quvvati 135 million kilovattni tashkil etadi. Ishga tushirilgan va rejalashtirilgan obyektlar birgalikda hisoblanganda, Xitoy bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi.

