Dunyo

Misr “Rosatom”ni AES qurilishi vaqtida xavfsizlik qoidalarini buzganlikda va xodimlarining ichkilikbozligida aybladi

Misr hukumati "Rosatom"ni atom elektr stansiyasi qurilishi jarayonida xavfsizlik qoidalarini buzganlikda va xodimlarining ichkilikbozligida aybladi. Bu haqda Politico nashri xabar berdi.

E'tirozlar El Dabaa atom elektr stansiyasi qurilishi vaqtida yuzaga kelgan. "Rosatom" korporatsiyasi barcha xavfsizlik talablariga rioya qilinayotganini ta'kidlasa-da, uning ichki hujjatlarida muammolar aniqlangan. Misrdagi bu vaziyat Vengriyadagi loyihaning taqdiriga ham ta'sir qilishi mumkin, u yerda "Rosatom" tomonidan qurilayotgan ikkita yangi energoblokni tekshirish boshlangan.

Misr atom elektr stansiyalari boshqarmasi 4-iyun kuni "Rosatom"ning yuqori lavozimli menejerlaridan biriga yuborgan maxfiy maktubida qurilishi tugallanmagan reaktor bloklarida aniqlangan nuqsonlar, yadroviy xavfsizlik etikasining buzilishi va loyiha xodimlaridan biri tomonidan qasddan beparvolik haqida ma'lumot bergan. Xususan, 1, 2 va 3-energobloklar poydevor plitalaridagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun bir yil vaqt sarflangan, 4-blok betonida esa bo'shliqlar topilgan.

Boshqarma "Rosatom"ni stansiya qurilishi yarmidan ko'prog'iga yakunlanganini isbotlash uchun chalg'ituvchi usullar va soxta ishlarda aybladi. Obyektdagi vizual ko'rik asosiy inshootlar hali ham yerosti qurilish bosqichida ekanini ko'rsatgan.

Regulyatorning ta'kidlashicha, "Rosatom"da noprofessional korporativ madaniyat shakllangan: xodimlarda taqiqlangan alkogolli ichimliklar aniqlangan, ular soxta ruxsatnomalardan foydalangan, qurilish maydonchasida olingan surat va videolarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan. Og'ir ochiq sinish jarohati olgan ishchini esa jihozlangan tez yordam mashinasida shifoxonaga olib borish o'rniga, voqeani qasddan yashirish uchun shaxsiy mashinada olib ketgan.

Politico bu va boshqa hujjatlarni maxsus xizmat xodimlaridan olgan. Ular orasida "Rosatom"ning maxfiy hujjatlari ham bor. Ularda Misr rasmiylarining xavotirlari asosli ekani, kechikishlar, qurilish sifati bilan bog'liq muammolar va loyihani boshqarishdagi muvaffaqiyatsizliklar batafsil bayon etilgan.

"Rosatom"ning 2025-yilgi auditorlik xulosasi qoralamasida shartnoma majburiyatlarini bajarmaslik borasida sezilarli xavf haqida ogohlantirish mavjud bo'lgan. Davlat korporatsiyasi AESning birinchi energoblokini ishga tushirishni bir yarim yilga — 2028-yil sentyabridan 2030-yil mart oyiga kechiktirishi kutilmoqda.

"Rosatom"ning Politico nashriga ma'lum qilishicha, Misr rasmiylari maktubidagi hech bir da'vo "loyihada ko'zda tutilgan shartnomaviy, texnik va nazorat tartib-qoidalari doirasida tasdiqlanmagan".

**Vengriyadagi loyiha va tekshiruv**

Shunga o'xshash nomuvofiqliklar Vengriyada ham aniqlanishi mumkin. U yerda Rossiya davlat korporatsiyasi "Paksh" AESda ikkita yangi reaktor qurmoqda. "Paksh-2" loyihasini amalga oshirish bo'yicha kelishuv 2014-yilda tuzilgan bo'lib, Rossiya o'sha paytdagi Viktor Orbanning hukumatiga 10 milliard yevrogacha davlat moliyalashtirishini ajratgan edi.

Biroq amaldagi bosh vazir Peter Madyar loyihaning amalga oshirilishini shubha ostiga qo'ygan. Uning so'zlariga ko'ra, Vengriya bir nechta omborxonalar va ikkita katta beton chuqur deb ta'riflagan obyektga qo'shimcha ravishda taxminan 2,8 milliard yevro sarflagan.

"Paksh-2" 2024-yilda ishga tushishi kerak edi, ammo men ularning shartnoma shartlariga haqiqatan ham rioya qilayotganini ko'rmayapman, degan Madyar.

Bundan tashqari, yangi energobloklar sovutish uchun Dunay suvidan foydalanishi kerak bo'ladi, biroq Yevropadagi iqlim o'zgarishi bu texnologiyaning samaradorligini shubha ostiga qo'ymoqda. Kuchli issiq tufayli Dunay daryosining sayozlashishi avgust oyi boshida "Paksh" AES reaktorlarini vaqtincha o'chirib qo'yishga majbur qildi.

"Rosatom" bosh direktori Aleksey Lixachevning ta'kidlashicha, "Paksh-2" qurilishi jadvalga muvofiq davom etmoqda, 5-energoblokning beton tayyorgarlik ishlari 80 foizdan ortiqqa bajarilgan, 6-blok bo'yicha ishlar esa olib borilmoqda. Shunga qaramay, Madyar hukumati moliyalashtirish va loyihalashni o'z ichiga olgan "Paksh-2" loyihasini to'liq taftish qilishga qaror qildi.

**O'zbekistondagi loyiha**

"Rosatom" O'zbekistonda ham kichik quvvatli atom elektr stansiyalari qurish bo'yicha dastlabki kelishuvga ega. 5-iyun kuni Forish tumanida AES poydevorini qurish boshlangani munosabati bilan marosim bo'lib o'tgan. Unda qatnashgan "O'zatom" agentligi direktori "Daryo" muxbiri savoliga javoban Jizzax viloyatida qurilayotgan stansiyasining bazaviy qiymati 9,5 mlrd dollarga yetishini aytgan.

Mulozimga ko'ra, mazkur mablag'ning 85-90 foizi kreditlar hisobidan jalb qilinadi. Vladimir Putin esa Rossiya O'zbekistonga bu maqsad uchun imtiyozli kreditlar ajratishini ta'kidlagandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.