Xegset AQSh harbiy rahbariyatining yana bir qator yuqori lavozimli vakillarini ishdan boʻshatishi kutilmoqda
Xegset mudofaa vazirligini boshqarishga kirishganidan beri taxminan 20 nafar admiral va general ishdan boʻshatildi yoki isteʼfoga chiqdi.

Xegset AQSh harbiy rahbariyatining yana bir qismini ishdan boʻshatishi kutilmoqda
AQSh OAVlariga koʻra, Mudofaa vaziri Pit Xegset AQSh Qurolli Kuchlaridagi admiral va generallarning 20 foizini ishdan boʻshatishini eʼlon qilishi kutilmoqda.
Ushbu eʼlon chorshanba kuni Virjiniya shtatidagi Kuantiko dengiz piyodalari bazasida, 2025 yildagi avvalgi kadrlar qisqartirilishidan soʻng amalga oshirilishi kutilmoqda.
Mudofaa vazirligining soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, Quruqlikdagi qoʻshinlar, Harbiy-dengiz kuchlari, Dengiz piyodalari korpusi, Harbiy-havo kuchlari va Kosmik kuchlarda 800 dan ortiq faol xizmatdagi general va admirallar bor.
Xegset oxirgi marta 2025 yil sentyabr oyida Kuantikoda harbiy rahbarlarni birlashtirganida, vazirlikni haddan tashqari «liberal» (woke) deb qoralagan va uning rahbarlarini jismoniy holati yomonligi uchun tanqid qilib, «semiz general va admirallar» «xunuk koʻrinish» ekanini aytgan edi.
Xegsetning kutilayotgan boʻshatishlari uning rahbarligi ostida AQSh harbiy tizimini keng koʻlamli isloh qilishning navbatdagi bosqichi boʻlib, bu mudofaa vazirligiga u «jangchilik ruhi» deb ataydigan narsani singdirishga, jumladan, vazirlik nomini Urush vazirligi deb oʻzgartirishga qaratilgan.
Bi-bi-sining yangiliklar boʻyicha hamkori CBS News xabariga koʻra, Xegset mudofaa vaziri boʻlganidan beri kamida 20 nafar general, admiral va fuqarolik harbiy rahbarlari ishdan boʻshatilgan yoki isteʼfoga chiqqan.
Bunga shtab boshliqlari birlashgan qoʻmitasi raisi hamda Quruqlikdagi qoʻshinlar, Harbiy-dengiz kuchlari va Harbiy-havo kuchlarining oliy martabali harbiy mulozimlarining ishdan boʻshatilishi kiradi.
Federal qonun generallar va flagman ofitserlar sonini cheklaydi. Boʻsh qolgan lavozimlarni toʻldirish majburiy emas.
Ushbu kadrlar almashinuvi fonida Xegset bir nechta huquq himoyasi tashkilotlari, jumladan, NAACP va Milliy ayollar huquqlari markazi tomonidan qora tanlilar va ayollarning harbiy lavozimlarda koʻtarilishiga toʻsqinlik qilishda ayblandi.
Arizona shtatidan demokrat senator Mark Kelli seshanba kuni jurnalistlarga Xegset «harbiylarning yuqori eshelonini eng yaxshi rahbarlardan tozalash jarayonida» ekanini aytdi.
«Bizga kuchli rahbarlar kerak. Bu odamlar oʻn yillik tajribaga ega, ular armiyamiz koʻrgan eng yaxshi rahbarlardir. U esa ulardan qutulmoqda», dedi Kelli.
Kongress tadqiqot xizmatining may oyidagi hisobotida aytilishicha, rahbariyat tepasida haddan tashqari koʻp yuqori martabali mulozimlarning boʻlishi baʼzi kamchiliklarga ega.
Bularga yuqori martabali harbiy xizmatchilarni boqish xarajatlarining quyi boʻgʻin ofitserlariga qaraganda koʻpligi va «qaror qabul qilish jarayonlarining sekinlashishi» ehtimoli kiradi.
Xegset tomonidan AQSh harbiy rahbariyatining qisqartirilishi AQSh-Isroilning Eron bilan urushi yettinchi oyiga kirib, oʻq-dorilar zaxiralarini tugatayotgan bir paytga toʻgʻri kelmoqda.

