Iroq hukumati: mamlakatdagi barcha AQSH harbiylari olib chiqildi
Iroq hukumati AQShning barcha jangovar boʻlinmalari va logistika taʼminoti kuchlari mamlakatdan chiqib ketganini maʼlum qildi. Vashington xabar eʼlon qilingan paytga qadar bu maʼlumotni rasman tasdiqlamagan.

Iroq hukumati: mamlakatdagi barcha AQSH harbiylari olib chiqildi
DW nashri dpa agentligiga tayanib yozishicha, Iroq hukumati vakili bu haqda 28-sentabrga oʻtar kechasi maʼlum qilgan.
«Barcha jangovar boʻlinmalar va logistika taʼminotini amalga oshirgan kuchlar mamlakatni tark etdi», - degan hukumat vakili.
AQSH va Iroq Amerika qoʻshinlarini olib chiqish boʻyicha 2024-yilda kelishuvga erishgan edi. Vashington maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi yillarda Iroqda qariyb 2 500 nafar AQSH harbiysi joylashtirilgan.
Amerikaning oxirgi boʻlinmalari Kurdiston mintaqasidagi Erbil shahrida, Bagʻdod aeroporti yaqinidagi harbiy bazada hamda poytaxtning hukumat idoralari joylashgan «yashil hudud»ida boʻlgan.
AQSH va uning ittifoqchilari 2014-yildan beri Iroq va Suriyada ISHID terrorchilik tashkilotiga qarshi kurash olib borgan.
Tashkilot ikki mamlakatda ilgari nazorat qilgan katta hududlarini yoʻqotgan boʻlsa-da, uning ayrim yashirin guruhlari saqlanib qolgan va hanuz terrorchilik hujumlarini amalga oshirmoqda.
dpa qayd etishicha, Erondagi urush fonida Iroqdagi xavfsizlik vaziyati ham yomonlashgan. Mojaro davomida mamlakatdagi AQSH obyektlari va kurd kuchlariga tegishli obyektlarga hujumlar uyushtirilgan.
Agentlik maʼlumotiga koʻra, AQSH qoʻshinlarini olib chiqish muddati tugaydigan 28-sentabr kuni Iroqda «Mustaqillik kuni» sifatida bayram tadbirlari oʻtkazilishi kutilmoqda. Shu kuni barcha davlat muassasalari yopiq boʻlishi aytilgan.
Avvalgi rejaga koʻra, Amerika qoʻshinlari chiqib ketishi bilan bir vaqtda Eronga aloqador qurolli guruhlar qurolsizlantirilishi, ularning aʼzolari esa davlat kuch tuzilmalari tarkibiga kiritilishi kerak edi.
Biroq Iroq bosh vaziri Ali az-Zaydiy bu chora 2027-yil iyunigacha kechiktirilishini eʼlon qilgan.
AQSH va uning ittifoqchilari 2003-yilda Saddam Husayn hokimiyatini agʻdarish maqsadida Iroqqa bostirib kirgan edi. Keyinchalik mamlakatdagi xalqaro harbiy ishtirokning asosiy yoʻnalishlaridan biri IShIDga qarshi kurash boʻldi.

