Xarkivda dron hujumidan 6 kishi halok boʻldi
Xarkiv viloyatining Novaya Vodolaga shaharchasidagi bogʻga Rossiya droni zarba berishi oqibatida olti kishi halok boʻldi. Qurbonlar orasida bir va 11 yoshli bolalar bor. Yana 15 kishi, jumladan, yetti bola jarohatlangan.

Xarkivda dron hujumi oqibatida 6 kishi halok boʻldi. DW xabariga koʻra, hodisa 19-oktabr kuni, bogʻda bolali oilalar hordiq chiqarayotgan vaqtda yuz bergan. Xarkiv viloyati maʼmuriyati rahbari Oleg Sinegubov zarba Shahed turidagi dron orqali berilganini bildirgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning aytishicha, dron oddiy kafe yonidagi bogʻga kelib urilgan.
Halok boʻlganlar orasida bir yoshdan endi oshgan Angelina ismli qiz ham bor. Zelenskiyning maʼlumotiga koʻra, u 2025-yil avgustda tugʻilgan. Qizning onasi Inna esa shifoxonada vafot etgan.
Hujumdan keyin Zelenskiy hamkor davlatlarni Ukrainaning havo hujumidan mudofaa imkoniyatlarini kuchaytirishga chaqirgan. U tinch aholi hayotini himoya qilish uchun qoʻshimcha mudofaa vositalari zarurligini taʼkidlagan.
Shuningdek, Ukraina prezidenti AQSH va Yevropa mamlakatlarini Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilmaslikka, Kiyevni qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga hamda Vashingtonning Moskvaga qarshi yangi sanksiyalarini kuchga kiritishga undagan.
«Biz tinchlik oʻrnatilishi va xavfsizlik kafolatlanishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishni soʻraymiz. Ukraina tinchlikni xohlaydi», - degan Zelenskiy.

