Tataristonda halok bo‘lgan o‘zbeklarning jasadlari vatanga olib kelindi
Ukraina dronlarining 10-avgust kungi Nijnekamsk shahriga uyushtirgan hujumida halok bo‘lgan 8 o‘zbekistonlikning jasadi 12-avgust kuni vatanga olib kelindi.

Tataristonda dron hujumi natijasida hayotdan ko‘z yumgan O‘zbekiston fuqarolarining jasadlari mamlakatga yetkazildi.
Tashqi ishlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, jasadlarni olib kelish maqsadida 12-avgust kuni O‘zbekiston Harbiy havo kuchlarining samolyoti maxsus parvozni amalga oshirgan.
10-avgust kuni Nijnekamsk shahriga Ukraina tomonidan uyushtirilgan dron hujumlari vaqtida 8 nafar o‘zbekistonlik qurilish ishchilari halok bo‘lgan edi. Ularning jasadlari vataniga qaytarilishidan avval Nijnekamskdagi masjidlardan birida janoza namozi o‘qildi.
Qurbonlardan tashqari, bir qancha o‘zbekistonliklar turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonalarga yotqizilgan.
Ushbu dron hujumi natijasida kamida 13 kishi halok bo‘lgan, ulardan 8 nafari O‘zbekiston fuqarosi, bir nafari esa Tojikiston fuqarosi bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning 9 nafari hujum vaqtida yotoqxonada bo‘lgan. Hujumda, shuningdek, 39 kishi jarohatlangan.
Bu, so‘nggi oylarda Rossiyada tinch aholi orasida eng ko‘p qurbonlar berilgan hodisalardan biri bo‘ldi.
O‘zbekiston tomoni fuqarolik ob’ekti bo‘lgan yotoqxonaga qilingan hujum yuzasidan Ukraina tomoniga hozircha ommaviy ravishda hech qanday munosabat bildirmadi.

