Voyaga yetmaganlarni jazolashdan maqsad qasos olish yoki qiynash emas, balki qayta tarbiyalashdir — Toshkent sudlari
Toshkent shahar sudlari YPX xodimini urib yuborib, oʻlimga sababchi boʻlgan maktab oʻquvchisiga nisbatan chiqarilgan hukm (2 yilu 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish) yuzasidan tushuntirish eʼlon qildi. Unda hukmdan koʻzlangan maqsad voyaga yetmagan shaxsdan oʻch olish yoki uni qiynash emas, balki uni qayta tarbiyalash ekani taʼkidlangan hamda hukm hali qonuniy kuchga kirmagani qoʻshimcha qilingan.

Voyaga yetmaganlarni jazolashdan maqsad — qasos olish yoki qiynash emas, balki qayta tarbiyalashdir — Toshkent sudlari
Toshkentda mashinada YPX xodimini urib yuborib, uning oʻlimiga sabab boʻlgan voyaga yetmagan Doniyor Turgʻunovga sud tomonidan 2 yil-u 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻldi. Bu boʻyicha Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati izoh berdi.
Matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi jinoyat ishlari yopiq sud majlislarida koʻrib chiqiladi. Voyaga yetmaganlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi Jinoyat kodeksining 85-moddasi talablariga muvofiq tayinlanadi. Kodeksda bunday jazo umumiy tartibli koloniyalarda emas, balki tarbiya koloniyalarida oʻtalishi belgilangan.
Jinoyat sodir etilgan vaqtda — 2026 yilning fevralida Doniyor Turgʻunov hali 16 yoshga toʻlmagan, maktabning 10-sinfida oʻqir edi. Sud uni JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) bilan aybdor deb topdi.
Poytaxt sudlari matbuot xizmati voyaga yetmaganlar ruhiy, fiziologik va ijtimoiy jihatdan hali toʻliq shakllanib ulgurmagan deb hisoblanishini, ularni jazolash tizimi esa insonparvarlik tamoyillariga asoslanishini taʼkidladi. «Jazodan koʻzlangan asosiy maqsad qasos olish yoki qiynash emas, balki axloqan tuzatish, qayta tarbiyalash va shaxsni jamiyatning sogʻlom aʼzosi sifatida qaytarishdir», — deyiladi izohda.
Turgʻunovga hukm chiqarishda uning maktab oʻquvchisi ekani va jinoyat sodir etilgan vaqtda 16 yoshga toʻlmagani hisobga olingan.
«Jinoyat oqibatida bevaqt hayotdan koʻz yumgan YPX xodimining fidoyiligi oʻsib kelayotgan avlod uchun namunadir. Voyaga yetmagan bolaning qilmishi esa nafaqat ular, balki ota-onalar uchun ham achchiq saboqdir», — deyiladi izohda.
Shahar sudlari hukm hali qonuniy kuchga kirmaganini qayd etdi. Tomonlar qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli. Bunday holatda ish yuqori sud instantsiyasida koʻrib chiqiladi.
«Gazeta»ning yozishicha, maktab oʻquvchisi BMW M4 avtomobilida urib yuborgan kichik serjant Hosilbek Eshnazarov ogʻir jarohatlar olib, shifoxonada hushiga kelmay vafot etgan. Prezident uni vafotidan keyin «Jasorat» medali bilan mukofotlagan.
Shuningdek, oʻsmirning ota-onasi muqaddam ikki marta maʼmuriy javobgarlikka tortilgani xabar qilingan edi. 2025 yil sentyabrida — oʻquvchining darslarni qoldirgani sababli, 2026 yil yanvarida esa — avtomobilni oʻzboshimchalik bilan boshqargani va Yoʻl harakati qoidalarini qoʻpol ravishda buzgani uchun.
IIV, shuningdek, BMW M4 avtomobili 2002 yilda tugʻilgan Leyla Atadiyanovaga tegishli ekanligini maʼlum qildi. Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, u 2024 yildan buyon 18 marta avtomobillarni haydovchilik guvohnomasi boʻlmagan shaxslarga boshqarish uchun topshirgan va 37 marta boshqa qoʻpol YHQ buzilishlariga yoʻl qoʻygan.
Oʻsmir IIV tomonidan eʼlon qilingan videoda muqaddam avtomobilni boshqargani uchun ogohlantirish olganini tan oldi. «Boshqa mashina haydamayman deb vaʼda bergandim. Lekin yana qoidani buzib, rulga oʻtirdim. Mening barcha harakatlarim notoʻgʻri», — degan u.

