Mahalliy

YPX xodimi o‘limiga sababchi bo‘lgan bolaga tayinlangan jazo bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi

YPX xodimi o‘limiga sabab bo‘lgan bolaga tayinlangan jazo yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berildi

Toshkentda YPX inspektorini BMW’da urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan voyaga yetmagan D.T.ga 2 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangani ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘lgach, Toshkent shahar sudlari bu borada qo‘shimcha izoh berdi.

Ta’kidlanishicha, jazodan asosiy maqsad bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan shaxslarni axloqan tuzatish va tarbiyalashdir. Ya’nikim, jazodan maqsad aslo qasd olish yoki azob berish emas, balki jinoyat sodir etgan shaxsni jamiyatga sog‘lom a’zo sifatida qaytarish hisoblanadi.

Qonunchilikda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyat ishlarini sud tartibida ko‘rib chiqish va jazo tayinlash masalalari alohida tartibga solingan. Xususan, voyaga yetmagan shaxslarga oid jinoyat ishlari yopiq sud majlislarida ko‘rib chiqilishi, ozodlikdan mahrum etish jazosi esa Jinoyat kodeksining 85-moddasi tartibida tayinlanishi shular jumlasidandir. Shuningdek, tayinlangan jazo umumiy koloniyalarda emas, balki alohida tarbiya koloniyalarida o‘talishi ham qonunchilikda alohida qayd etilgan.

Xabarda bildirilishicha, qonunchilikdagi mazkur normalar bejiz emas. Chunki voyaga yetmaganlar ruhiy, fiziologik va ijtimoiy jihatdan hali to‘liq shakllanmagan bo‘lib, qayd etilgan huquqiy tartiblar jazodan maqsad qayta tarbiyalash ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.

“To‘g‘ri, marhumlarni hayotga qaytarib bo‘lmaydi. Shu nuqtayi nazardan, jamoatchilikning ehtirosli munosabatlariga tushunish bilan qaraladi. Biroq, sud tomonidan bosiqlik va jinoyat ishi bo‘yicha har bir holat chuqur tahlil qilingan holda to‘xtamga kelinishini ham e’tibordan soqit qilmaslik lozim. Shu nuqtayi nazardan, voyaga yetmagan Turg‘unovga jazo tayinlashda yuqoridagi qonun normalariga tayangan holda, uning maktab o‘quvchisi ekani, jinoyat sodir etilgan paytda hali 16 yoshga to‘lmagani, eng muhimi, axloqan tuzatish, qayta tarbiyalash va yangi jinoyatlar sodir etilishining oldini olish kabi omillar ham e’tiborga olingan ko‘rinadi. Chunki jinoyat huquqida voyaga yetmaganlarga nisbatan jazo tizimi insonparvarlik tamoyillariga asoslangan”, deyiladi rasmiy izohda.

Shu bilan birga, hukm hali qonuniy kuchga kirmagani, unga nisbatan taraflarning shikoyat berish huquqi qonun bilan kafolatlangani, hukmga nisbatan taraflardan shikoyat tushsa, yuqori sud instansiyasida tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, huquqiy baho berilishi ma’lum qilindi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.