Volkswagen direktorlar kengashi 100 000 ta ish oʻrnini qisqartirish rejasini maʼqulladi
Tarkibiga Audi, Porsche, Skoda, shuningdek, VW brendi kiruvchi guruh mart oyida 50 000 ta ish oʻrnini qisqartirishini maʼlum qilgan edi.

Volkswagen direktorlar kengashi 100 000 ta ish oʻrnini qisqartirish rejasini maʼqulladi
Germaniyaning Volkswagen avtomobil giganti direktorlar kengashi keng koʻlamli sogʻlomlashtirish dasturi doirasida yana 50 000 ta ish oʻrnini tugatish rejasini tasdiqladi. Bu bilan kompaniya 2030 yilgacha qisqartirishni rejalashtirayotgan ish oʻrinlarining umumiy soni 100 000 taga yetadi.
Tarkibiga Audi, Porsche, Skoda va VW brendlari kiruvchi guruh shu yilning mart oyida oʻn yillikning oxirigacha 50 000 ta ish oʻrnini qisqartirishini maʼlum qilgan edi.
Bu qadam kompaniya kelajagi uchun «kuchli signal» boʻlib, u «butun ishchi kuchimiz uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olmoqda», dedi payshanba kungi bayonotida VW bosh ijrochi direktori Oliver Blyum.
Blyum iyul oyida BBC'ga bergan intervyusida kompaniya qoʻshimcha qisqartirishlarni amalga oshirish imkoniyatlarini koʻrib chiqayotganini aytgan edi.
Kompaniya sotuvlar hajmining kamayishi va ayniqsa Xitoy brendlari tomonidan kuchli raqobat fonida foydaning pasayishidan zarar koʻrdi.
VW bayonotida, shuningdek, oʻzgaruvchan talab va texnologik oʻzgarishlarga duch kelayotgan kompaniyaning raqobatbardoshligini himoya qilish uchun «global ishchi kuchi salohiyatini tubdan moslashtirish zarur» ekanligi aytilgan.
Unda «Guruh miqyosida taxminan 50 000 ta ish oʻrnini, shu jumladan rahbarlik lavozimlarini qisqartirish zaruriy chora boʻladi», deb qoʻshimcha qilingan.
2025 yil holatiga koʻra, mashhur «Beetle» («Qoʻngʻiz») avtomobili ishlab chiqaruvchisida butun dunyo boʻylab 660 000 dan ortiq kishi mehnat qilgan.

