Porsche yana 5 ming xodimni qisqartirishini e’lon qildi
Germaniyaning Porsche AG kompaniyasi 2035 yilgacha jami 9 400 nafardan ortiq xodimni qisqartirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya bu qarorni Xitoydagi sotuvlar pasayishi, AQSh bojlarining oshishi va elektromobillarga kiritilgan sarmoyalar kutilgan natijani bermayotgani bilan izohladi.

Porsche yana 5 ming ish o‘rnini qisqartirishini e’lon qildi.
27-iyul kuni Porsche AG kuzatuv kengashi xodimlar yig‘ilishidan so‘ng kompaniyada qo‘shimcha 5 mingta ish o‘rni qisqartirilishini ma’lum qildi.
Avvalroq, 2025-yilda qabul qilingan "Kelajak pakti" doirasida Porsche kompaniyasining 3 900 nafar, uning sho‘ba korxonalarida esa yana 500 nafar xodimni qisqartirish rejasi e’lon qilingan edi. Shu tariqa, 2035-yilga qadar qisqartiriladigan ish o‘rinlari soni 9 400 tadan ortiqni tashkil etadi.
Yangi choralar Porsche’ning Shtutgart-Tsuffenxauzendagi asosiy zavodi hamda Vaysax shahrida joylashgan ilmiy-tadqiqot markaziga taalluqli bo‘ladi. Shu bilan birga, kompaniya ishlab chiqarish maydonlarini saqlab qolish va 2035-yilgacha ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun 2,1 milliard yevro investitsiya kiritishini ma’lum qildi.
Kompaniya ma’lum qilishicha, qisqartirishlar "ijtimoiy mas’uliyatli tarzda" amalga oshiriladi. Bu jarayon asosan tabiiy kadrlar almashinuvi, xodimlarning pensiyaga chiqishi hamda ixtiyoriy ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi kelishuvlar orqali tashkil etiladi. Porsche rahbariyatining ta’kidlashicha, maqsad kompaniyaning raqobatbardoshligini oshirish va imkoni boricha ko‘proq ish o‘rinlarini uzoq muddatda saqlab qolishdan iborat. Biroq Reuters agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, qisqartirishlar deyarli har beshinchi ish o‘rniga ta’sir qiladi.
Kompaniya xarajatlarni qisqartirish maqsadida mehnat shartlariga ham o‘zgartish kiritmoqda. Jamoaviy shartnoma bo‘yicha rejalashtirilgan maosh oshirishlarining 3,5 foizi ushlab qolinadi. Shuningdek, Rojdestvo mukofoti bir oylik maoshning 100 foizidan 60 foizigacha qisqartiriladi. IG Metall kasaba uyushmasi a’zolariga esa yiliga 200 yevro miqdorida qo‘shimcha bonus va transformatsiya dasturi bo‘yicha bir martalik 1 500 yevrolik to‘lovga qo‘shimcha 411 yevro ustama berilishi rejalashtirilgan.
Masofadan ishlash imkoniyati ham cheklanadi - xodimlar oyiga 12 kun o‘rniga 8 kun uydan ishlay oladi. Shuningdek, xodimlar va rahbariyatning katta qismi uchun maoshlarni oshirish sur’ati ham pasaytiriladi.
Porsche so‘nggi yillarda davom etayotgan moliyaviy bosimga duch kelmoqda. Kompaniyaning 2025-yildagi sof foydasi 91 foizga kamayib, 310 million yevroga tushgan. Bu salbiy tendensiya 2026-yilning birinchi choragida ham davom etgan, garchi pasayish sur’ati sekinlashgan bo‘lsa-da. Kompaniya inqirozning asosiy sabablari sifatida Xitoy bozorida sotuvlar qisqargani, AQShning import bojlari oshgani hamda elektromobillar ishlab chiqarishiga kiritilgan katta sarmoyalar hozircha kutilgan iqtisodiy samarani bermayotganini ko‘rsatmoqda.

