Dunyo

Vengriyada mast erkak samolyotni o‘g‘irlab, atom elektr stansiyasi tomon uchdi (video)

Vengriyada mast holatdagi 24 yoshli yigit uchuvchilik va haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan holda "Cessna 172" rusumli yengil samolyotni o‘g‘irlab, Paks atom elektr stansiyasi (AES) tomon uchgan. Biroq bir necha daqiqadan so‘ng samolyot dalaga qulagan. Bu haqda Gazeta.ru xabar berdi.

Voqea 29-avgust kuni ertalab Vengriyaning Kalocha shahrida sodir bo‘lgan. Robert ismli yigit aerodromga kirib, "Cessna 172" samolyotini o‘g‘irlagan. Vengriya politsiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, u samolyotni yerga mahkamlab turgan arqonlarni uzib, havoga ko‘tarilgan.

Samolyot Paks AES atrofidagi havo hududiga kirib, stansiya yaqinida "xavfli manyovrlar"ni amalga oshirgan. Fuqarolik samolyotlarining AESga 3 kilometrdan yaqinlashishi va uning ustida 6 ming metrgacha balandlikda uchishi taqiqlangan. Shu sababli, shuningdek, samolyot o‘g‘irlangani uchun Vengriya Mudofaa vazirligi ikki JAS 39 Gripen qiruvchisini havoga ko‘targan.

Oradan bir necha daqiqa o‘tib, "Cessna" Keren qishlog‘i yaqinidagi kungaboqar dalasiga favqulodda qo‘ngan. Qo‘nish vaqtida samolyotning shassisi sinib, fyuzelyaji yon tomonga ag‘darilgan. Qiruvchilar shikastlangan samolyotni aniqlab, qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar voqea joyi ustida qolgan. Ma’lum bo‘lishicha, mast yigit qattiq qo‘nish oqibatida jarohatlanmagan. Boshqa jabrlanganlar ham bo‘lmagan.

Samolyotdan tushgan Robert yaqin atrofdagi 512-sonli avtomobil yo‘liga chiqqan. Yo‘ldan o‘tayotgan haydovchilardan biri yigitni ko‘rib, yordam berish uchun to‘xtagan. Biroq Robert yordam taklifini qabul qilish o‘rniga uning avtomobilini o‘g‘irlashga uringan. Haydovchi uni to‘xtatib, politsiyani chaqirgan. Shundan so‘ng yigit qo‘lga olingan.

Robert shifoxonaga olib borilgani sababli politsiya uni faqat ertasi kuni so‘roq qilgan. Tekshiruv uning spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lganini ko‘rsatgan. Huquq-tartibot idoralari u boshqa moddalarni ham iste’mol qilgan-qilmaganini tekshirmoqda. Robert politsiyaga samolyotni o‘g‘irlab, uchganini umuman eslamasligini, chunki juda mast bo‘lganini aytgan. Unga nisbatan transport vositalarini noqonuniy egallab olish kabi bir qator moddalar bo‘yicha tergov boshlangan. Uning hibsga olinishi masalasi yaqin kunlarda hal qilinadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.