Hindistonda samolyot komandiri giyohvand modda ta’sirida uchgani ma’lum bo‘ldi
U parvoz chog‘ida o‘zini nazorat qila olmay qolgan, samolyot esa balandlikni keskin yo‘qotgan.

Hindistonda Air India aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti komandiri giyohvand modda ta’sirida bo‘lgani sababli halokatga uchrashiga oz qoldi.
Voqea 4-avgust kuni sodir bo‘lgan. The Times of India nashrining xabar berishicha, Tailandning Pxuket shahridan Hindiston poytaxti Nyu Dehliga uchayotgan Airbus A320neo samolyotining komandiri to‘satdan o‘zini yomon his qila boshlagan va unga bort kuzatuvchisi tomonidan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Shu vaqtda layner balandlikni yo‘qotib, keskin pastga tushgan. Salondan olingan videolarda yukxonalar eshigi ochilib, buyumlar sochilib ketgani va ayrim yo‘lovchilar jarohat olgani ko‘rinadi.
Samolyot aeroportga qo‘nganidan so‘ng 20 nafar yo‘lovchi va ekipajning to‘rt a’zosi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan, 17 kishi shifoxonaga yotqizilgan.
Dastlab aviakompaniya rahbariyati hodisaning haqiqiy sababini yashirishga urinib, buni samolyotning turbulentlik zonasiga tushib qolgani bilan izohlagan. Biroq, tekshiruvlar davomida samolyotning birinchi uchuvchisi marixuana iste’mol qilgani aniqlangan. O‘tkazilgan test uning organizmida giyohvand modda borligini tasdiqlagan.
Ta’kidlanishicha, bu vaziyatda faqat ikkinchi uchuvchi boshqaruvni o‘z qo‘liga olgani va samolyotni belgilangan manzilga olib borgani uni aviahalokatdan saqlab qolgan.

