Parvozda 90 metrga pastlab ketgan samolyot uchuvchisi narkotik chekkani ma’lum bo‘ldi (video)

**Parvoz vaqtida 90 metrga tushib ketgan samolyot uchuvchisi giyohvand modda iste’mol qilgani ma’lum bo‘ldi (video)**
Bloomberg agentligining manbalarga tayanib xabar berishicha, Hindistonning Air India aviakompaniyasi samolyotini boshqargan uchuvchilardan biri parvoz paytida giyohvand moddalar ta’sirida bo‘lganligi aniqlangan.
Voqea 4-avgust kuni Pxuketdan Nyu Dehliga uchayotgan Airbus A320neo samolyoti bilan sodir bo‘lgan. Samolyot turbulentlik zonasiga tushib qolgach, balandligini birdaniga qariyb 90 metrga pasaytirgan. Bortda 137 nafar yo‘lovchi va sakkiz nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Hodisa natijasida 20 nafar yo‘lovchi va to‘rt nafar ekipaj a’zosi Hindiston poytaxtiga qo‘ngach, kasalxonaga yotqizilgan.
Samolyotni boshqargan har ikki uchuvchi psixoaktiv moddalar bo‘yicha test topshirgan. Dastlabki test natijasida uchuvchilardan birida ijobiy ko‘rsatkich aniqlangan. Keyinchalik o‘tkazilgan takroriy test ham ijobiy natija bergan.
Hindiston Fuqaro aviatsiyasi vazirligi tergov davom etayotganini ma’lum qildi. Vazirlik qoidalariga ko‘ra, birinchi ijobiy test natijasidan so‘ng qoidabuzar reabilitatsiya dasturiga yuboriladi. Parvoz qilish huquqini tiklash uchun u qayta test topshirib, salbiy natija olishi kerak. Takroriy ijobiy natija qayd etilsa, uchuvchining litsenziyasi uch yilga to‘xtatiladi. Uchinchi ijobiy natija esa litsenziyaning butunlay bekor qilinishiga olib keladi.
Avvalroq Kanadada bola xavfsizlik kamarini taqishdan bosh tortgani sababli samolyot parvozi bekor qilingan edi. Shuningdek, Malayziyadan Hindistonga uchayotgan erkak samolyotning favqulodda chiqish eshigini ochishga uringan. Hodisa yuz bergan paytda uchoq 9 ming metr balandlikda bo‘lgan. Yakunda ekipaj a’zolari va boshqa yo‘lovchilar uni zararsizlantirib, qo‘llarini bog‘lab qo‘ygan. Politsiya tomonidan so‘roq qilinganida erkak o‘z xatti-harakatlarini o‘sha lahzada shunday qilgisi kelgani bilan izohlagan.

