Sport

“Vazmin optimizm” o‘zini oqlamoqda. Shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston qanday ishtirok etmoqda?

O‘zbekiston-1 erkaklar jamoasi shaxmat Olimpiadasida barcha 6 ta bahsda g‘alaba qozonib, yakka peshqadam bo‘lib oldi. 6-turda mezbonlar Hindistonni mag‘lubiyatga uchratdi. Oldinda Xitoyga qarshi uchrashuv kutmoqda. Mamlakatning uchta erkaklar va uchta ayollar milliy jamoasi qanday odimlayotgani — Gazeta obzorida.

“Vazmin optimizm” o‘zini oqlamoqda. Shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston qanday ishtirok etmoqda?

Samarqandda xalqaro shaxmat Olimpiadasining yarmi ortda qoldi. Erkaklar ham, ayollar ham muxlislar ishonchini to‘liq oqlab, eng yuqori o‘rinlar uchun kurashni davom ettirmoqda.

Oltinchi turdan keyin O‘zbekiston erkaklar milliy jamoasi turnirning yaqqol peshqadami bo‘lib turibdi. Jamoa sharafini Nodirbek Abdusattorov (2762), Javohir Sindarov (2778), Nodirbek Yoqubboyev (2685), Shamsiddin Vohidov (2654) va Muhiddin Madaminov (2611) himoya qilmoqda — ularning barchasi xalqaro grossmeysterlar.

Ushbu Olimpiadada alohida e’tibor joriy yilda shaxmat toji uchun dona suradigan Javohir Sindarovga qaratilgan. Birinchi turda dam olgan Sindarov olti turdan so‘ng imkoniyat doirasidagi 5 ochkodan 4 tasini jamg‘ardi — uch g‘alaba va ikki durang. Sindarovning xalqaro turnirlarga, jumladan, shaxmat Olimpiadasiga tayyorgarligi va ishtiroki, shuningdek, murabbiylar bilan ishlashi O‘zbekiston Milliy banki ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Javohir Sindarov.

Musobaqa boshlanishidan oldin erkaklar asosiy jamoasi murabbiyi Rustam Qosimjonov “vazmin optimizm” holatida ekanini aytgandi.

Uning shogirdlari uchun jiddiy sinovlar uchinchi turdan boshlandi — Avstriya termasiga 2020−2021-yillardagi Nomzodlar turniri ishtirokchisi, tajribali Kirill Alekseyenko kapitanlik qildi. Ular bilan bahsda klassik jamoaviy taktika ish berdi: qora donalarda o‘ynaganlar raqibni tiyib turdi, oq donalardagilar esa g‘alabaga intildi. Natijada — ikkita g‘alaba va ikkita durang (yakuniy hisob — 3:1).

Keyingi raqib ko‘plab mutaxassislar tomonidan imkoniyati ancha past baholangan Turkiya terma jamoasi bo‘ldi. To‘rtinchi turda birinchi doskada harakat qilgan 15 yoshli Yag‘iz Kaan Erdog‘mush 5 ochkodan 4,5 ochko jamg‘arib, allaqachon onlayn reytingda top 20 talikka kirib ulgurgandi. U Nodirbek Abdusattorovga qarshi o‘yinda ham tashabbusga ega bo‘ldi, biroq ustun pozitsiyada yurishlarni takrorlashga o‘tdi.

Javohir Sindarov va Shamsiddin Vohidov qora donalarda durangga erishdi, uchinchi doskada o‘ynagan Nodirbek Yoqubboyev esa Vahap Shanalning tavakkalchi g‘oyasiga munosib zarba topdi (raqib debyutda noaniq o‘ynab, piyodasini boy berdi) va ishonchli g‘alabaga erishib, jamoaga 2,5:1,5 hisobidagi yakuniy g‘alabani keltirdi.

Beshinchi turda O‘zbekiston Vengriya terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Yevropaliklarning birinchi doskasida yorqin va nostandart o‘yin uslubi bilan tanilgan top grossmeyster Rixard Rapport, ikkinchi doskasida esa uning shaxmatdagi tamomila aksi — himoyasini yorib o‘tish murakkab bo‘lgan va o‘z vaqtida Vladimir Kramnik bilan jahon toji uchun bahslashgan Peter Leko o‘ynadi.

Biroq vengriyalik shaxmatchilarga na maqom, na tajriba yordam berdi. Abdusattorov va Yoqubboyev tez fursatda ishonchli ravishda yutuqli pozitsiyalarga erishgach, Javohir Sindarov va Shamsiddin Vohidov jamoa g‘alabasini mustahkamlash uchun durang taklif qilishlari ham mumkin edi. Ammo ular o‘yinni davom ettirib, raqiblarini taslim etdi va uchrashuvni yirik 4:0 hisobi bilan yakunladi.

Shamsiddin Vohidov va Dommaraju Gukesh.

Olimpiadaning yana bir asosiy favoritlari bo‘lmish Hindiston shaxmatchilari ham katta sur’at bilan odimlayotgan edi. Birinchi turda Arjun Erigaysi kutilmaganda tailandlik yosh xalqaro usta Prin Laoxavirapapga imkoniyatni boy berib qo‘ygan bo‘lsa-da, shundan so‘ng hindlar xatosiz harakat qilib, dastlabki beshta uchrashuvning barchasida zafar quchdi.

Oltinchi turdagi O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi bahs ramziy ma’noga ham ega edi: unda so‘nggi ikki Olimpiada g‘oliblari to‘qnash keldi — O‘zbekiston 2022-yilda Chennaydagi, Hindiston esa 2024-yilda Budapeshtdagi turnirda zafar quchgan edi.

Kurashning boshlanishiyoq bahs shiddatli va og‘ir kechishini ko‘rsatdi. Nodirbek Abdusattorov Rameshbabu Pragnanandhaga qarshi ustunlikka erisha olmadi, Javohir Sindarov Arjun Erigaysi bilan bahsda strategik jihatdan murakkab pozitsiyani ushlab turdi. Shamsiddin Vohidov esa amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukeshga qarshi muvozanatni ta’minladi. Har uchala partiya durang bilan yakunlandi, shu bois Yoqubboyevning Nihal Saringa qarshi o‘yini hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.

Nodirbek Yoqubboyev.

Yoqubboyevning holati raqibinikidan ustun emasdi, ammo ma’lum ma’noda xavfsizroq ko‘rinardi. Ehtimol, aynan shu holat uni durang uchun yetarli bo‘lgan oddiy davomni tanlashdan voz kechishga va obyektiv jihatdan yutqazuvchi, lekin hujum uyushtirish imkonini beruvchi yo‘lni ma’qul ko‘rishga undadi.

31-yurishga kelib, vaziyat ancha tahlikali tus oldi: Yoqubboyevda 10 daqiqadan kam vaqt qolgan bo‘lsa, tezkor o‘yini bilan tanilgan Sarinda 38 daqiqa bor edi. Biroq bu ruhiy bosimga birinchi bo‘lib hindistonlik grossmeyster dosh berolmadi.

Sarin haddan tashqari xotirjamlikka berilib, shohini xavf ostida qoldirdi: avvaliga g‘alaba imkoniyatini qo‘ldan chiqardi, so‘ngra taktik zarbani o‘tkazib yubordi. Bu esa Yoqubboyevga g‘alaba keltirdi. Keyinchalik o‘zbekistonlik shaxmatchining o‘zi ham partiyaning ushbu pallasi u uchun nihoyatda hayajonli o‘tganini ta’kidladi.

Shu tariqa, O‘zbekiston milliy jamoasi oltita uchrashuvning barchasida g‘alaba qozonib, individual partiyalarning birortasida ham mag‘lubiyatga uchramadi. Asosiy raqobatchi — o‘tgan Olimpiada chempioni Hindiston taslim etildi, ammo xotirjamlikka berilishga hali erta.

Yettinchi turda jamoani Xitoy kutmoqda — ular ham ikki karra Olimpiada g‘olibi sanalgan, xavfi kam bo‘lmagan jiddiy raqibdir. Dastlabki olti tur davomida ular faqat bir marta — Armaniston bilan durang o‘ynab, jamoaviy g‘alabani qo‘ldan chiqardi. Sobiq jahon chempioni Din Lijen, aftidan, avvalgi sport formasini tiklamoqda; u kecha jahonning top 10 taligiga kiruvchi germaniyalik grossmeyster Vinsent Kaymerni mag‘lub etdi (uchrashuvning yakuniy hisobi — Xitoy foydasiga 3:1).

Din Lijen.

So‘nggi Nomzodlar turniri ishtirokchisi Vey I ham ajoyib o‘yin namoyish etmoqda: u uch nafar grossmeyster ustidan qozonilgan g‘alaba bilan start olib, shundan so‘ng qora donalarda kuchli raqiblarga qarshi ikkita partiyani duranggacha ushlab qoldi.

Garchi Javohir Jahon kubogida ham, Nomzodlar turnirida ham xitoylik grossmeysterni mag‘lub etgan bo‘lsa-da (shu yilning aprel oyida Sindarov Nomzodlar turnirida zafar quchgan va endilikda Dommaraju Gukesh bilan jahon toji uchun bahsni kutmoqda), bu qarama-qarshilikda kuchlar nisbati hali mutlaqo noma’lum.

Javohir Sindarov va Vey I Da’vogarlar turnirida.

Xitoydan tashqari, o‘zbekistonlik muxlislarni yana ikki raqib jiddiy xavotirga solishi mumkin: biri — reytingdagi past ko‘rsatkichlarini birdamlik va yuksak jamoaviy ruh evaziga necha bor yopib kelayotgan Armaniston, ikkinchisi — agar o‘z o‘yinini topib, nomiga yarasha tezlik olsa — AQSh terma jamoasidir.

O‘zbekistonning ikkinchi terma jamoasi ham yuqori natijalar qayd etmoqda. Tarkibdan Jahongir Vohidov (2527), Abdimalik Abdisalimov (2548), Muhammadzohid Suyarov (2540), Humoyun Begmuratov (2514) va Ortiq Nigmatov (2484) o‘rin olgan. Kapitan — Pavel Elyanov.

Olti tur yakunlariga ko‘ra, ular 13-o‘rinda bormoqda. Faqatgina juda kuchli o‘yin namoyish etayotgan nemislarga yutqazgan o‘zbekistonliklar qolgan barcha raqiblarini, jumladan, Ispaniyaning kuchli jamoasini ham mag‘lub etdi.

Birinchi doskada Jahongir Vohidov boshqa mamlakatlarning eng kuchli shaxmatchilariga munosib qarshilik ko‘rsatmoqda, ikkinchi va uchinchi doskalardagi Abdimalik Abdisalimov hamda Muhammadzohid Suyarovni esa jamoaning asosiy kuchlari deb atash mumkin.

Uchinchi jamoa hozircha 65-o‘rinni egallab turibdi — bu ularning boshlang‘ich raqamidan o‘n pog‘ona past. Saidakabar Saydaliyev (2475), Almas Rahmatullayev (2418), Bahrom Bahrillayev (2412), Muhammadali Abdurahmonov (2390) va Asrorjon Omonov (2347) faqat reytingda ustun bo‘lgan Germaniya va Avstraliya jamoalariga yutqazdi. Avstriya termasi bilan qayd etilgan durangni esa katta muvaffaqiyat sifatida e’tirof etish joiz.

Asrorjon Omonov o‘zi o‘tkazgan barcha beshta partiyada g‘alaba qozonib, ajoyib sport formasida ekanini namoyish etmoqda.

O‘zbekistonning asosiy ayollar milliy jamoasi ham turnirni juda muvaffaqiyatli boshladi. Jamoa safida Afruza Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva va Guldona Karimova dona surmoqda. Kapitan — Nafisa Mo‘minova.

Jamoa dastlabki to‘rtta uchrashuvda g‘alaba qozonib, beshinchi turda amerikaliklar bilan durang qayd etdi.

Afsuski, Gruziya jamoasidan uchralgan og‘ir mag‘lubiyat (0,5:3,5) ularni orqaga — 18-o‘ringa surib tashladi. Biroq ushbu jamoa ayollar shaxmatida an’anaviy tarzda eng kuchlilardan biri hisoblanadi va ularga har qanday raqib imkoniyatni boy berishi mumkin.

Hozirgi sport formasi saqlab qolinsa, o‘zbekistonlik shaxmatchi qizlar medallar uchun kurashishga hali to‘liq qodir.

Ikkinchi va uchinchi ayollar jamoalari jadvalda yonma-yon — 39 va 38-o‘rinlarda joylashgan. Bu ularning boshlang‘ich raqamlaridan yuqori, bu esa, shubhasiz, yomon bo‘lmagan oraliq natijadir.

Ikkinchi jamoa yetakchisi Nilufar Yoqubboyeva 5 ochkodan 4,5 ochko jamg‘arib, o‘z doskasida medal olishga da’vogarlik qilmoqda.

22-sentabr Olimpiadada dam olish kuni deb e’lon qilingan. Yettinchi tur bahslari 23-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Turnir shveysarcha tizim bo‘yicha 11 turdan iborat tarzda o‘tkazilmoqda. Har bir jamoaviy uchrashuvda to‘rt nafar shaxmatchi dona suradi, yana bir nafari zaxira a’zosi hisoblanadi. Jamoaviy g‘alaba uchun ikki ochko, durang uchun esa bir ochko beriladi.

Vaqt nazorati: dastlabki 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, so‘ngra partiya yakunigacha yana 30 daqiqa ajratiladi. Shuningdek, birinchi yurishdan boshlab har bir o‘yinchiga har bir yurish uchun 30 soniyadan qo‘shib boriladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.