Shaxmat Olimpiadasi. O‘zbekiston Turkiyani mag‘lub etdi, Sindarov durang o‘ynadi
O‘zbekiston erkaklar va ayollar jamoalari shaxmat Olimpiadasida ketma-ket 4-g‘alabasini qo‘lga kiritib, maksimal 8 ochkoli natijani saqlab qoldi. Erkaklar Turkiyani (2,5:1,5), ayollar Argentinani (3:1) yengdi. Javohir Sindarov mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirdi, muhim g‘alabani Nodirbek Yoqubboyev keltirdi.

**Shaxmat Olimpiadasi. O‘zbekiston Turkiyani mag‘lub etdi, Sindarov durang o‘ynadi**
19-sentabr kuni Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasining to‘rtinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning birinchi raqamli erkaklar jamoasi Turkiya ustidan g‘alaba qozonib, ketma-ket to‘rtinchi jamoaviy yutug‘ini qayd etdi. “O‘zbekiston-2” Yangi Zelandiyani mag‘lub etgan bo‘lsa, uchinchi terma jamoa Yamanni tor-mor keltirdi. Ayollar turnirida esa asosiy tarkib Argentinani taslim qildi, “O‘zbekiston-3” Kubaga imkoniyatni boy berdi.
**Javohir Sindarov.**
Ikkinchi doskada o‘ynagan Javohir Sindarov (2778) Turkiyaning eng kuchli yosh shaxmatchilaridan biri Ediz Gurel (2636) bilan durangga rozi bo‘ldi. O‘zbekistonlik grossmeyster o‘z uyida o‘tayotgan Olimpiadada uchinchi partiyasini o‘tkazdi; bungacha u Peru va Avstriya vakillarini mag‘lub etgan edi. Ayni paytda uning hisobida maksimal 3 ochkodan 2,5 ochko bor.
Sindarovning xalqaro turnirlarga, jumladan, shaxmat Olimpiadasiga tayyorgarligi va ishtiroki, shuningdek, murabbiylar bilan ishlash jarayoni O‘zbekiston Milliy banki ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Turkiyaga qarshi uchrashuvda hal qiluvchi g‘alabani Nodirbek Yoqubboyev ta’minladi. U uchinchi doskada qora donalar bilan Vahap Sanalni (2544) yengdi. Nodirbek Abdusattorov Yag‘iz Kaan Erdog‘mush (2716) bilan, Shamsiddin Vohidov esa Emre Jan (2534) bilan durang qayd etdi.
Natijada O‘zbekiston 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozonib, yuz foizlik natijasini saqlab qoldi — to‘rtta bahsda to‘rtta g‘alaba va jamoaviy 8 ochko. Ushbu turga qadar O‘zbekiston va Turkiya hali birorta ham ochko yo‘qotmagan jamoalar safida edi.
Bosh vazir Abdulla Aripov musobaqa o‘tkazilayotgan majmuaga tashrif buyurib, O‘zbekiston terma jamoalarining o‘yinlarini kuzatdi.
O‘zbekistonning erkaklar o‘rtasidagi ikkinchi jamoasi Yangi Zelandiya ustidan 2,5:1,5 hisobida zafar quchdi.
Muhammadjo‘hid Suyarov Sravan Renjitni, Humoyun Begmuratov Daki Maoni mag‘lub etdi. Abdumalik Abdisalimov Feliks Se bilan durang o‘ynadi, Ortiq Nigmatov esa Tom Middelburgga yutqazdi.
Uchinchi turda Germaniyadan uchragan mag‘lubiyatdan keyin “O‘zbekiston-2” yana g‘alaba yo‘liga qaytdi.
Uchinchi erkaklar jamoasi Yaman ustidan 3,5:0,5 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi.
Olmos Rahmatullayev, Muhammadali Abdurahmonov va Asrorbek Omonov o‘z partiyalarida g‘alaba qozondi, Saydakbar Saydaliyev esa Bashir al-Qudaymiy bilan durangga imzo chekdi.
Bu “O‘zbekiston-3” uchun ketma-ket ikkinchi yirik g‘alaba bo‘ldi: uchinchi turda jamoa Marokashni ham xuddi shunday 3,5:0,5 hisobida mag‘lub etgandi.
**AQSh shaxmat terma jamoasi: Fabiano Karuana, Uesli So va Hans Nimann.**
O‘zbekistonning asosiy raqobatchilari orasida Hindiston Ispaniyani 3:1 hisobida taslim etdi. Arjun Erigaisi va Gukesh Dommaraju to‘liq ochko keltirgan bo‘lsa, Pragnanandha va Nihal Sarin o‘z uchrashuvlarini durang bilan yakunladi.
Xitoy ham Serbiya ustidan 3:1 hisobida ustun keldi. Vey I va Syanjuy Kun g‘alaba qozondi, Din Lijen hamda Yuy Yan’i durang qayd etdi.
Xabar e’lon qilingan paytda AQSh Ukrainaga qarshi g‘alabani deyarli rasmiylashtirib bo‘lgan edi — hisob 2,5:0,5 bo‘lib, faqat Vasiliy Ivanchuk va Fabiano Karuana o‘rtasidagi bahs davom etayotgandi. Uesli So Anton Korobovni, Levon Aronyan Roman Dextyarovni yengdi, Hans Nimann esa Igor Samunenkov bilan durang qayd etdi.
Fransiya va Ruminiya 2:2 o‘ynadi — barcha to‘rtta partiya durang bilan yakunlandi. Ozarbayjon ham Chexiya bilan xuddi shunday hisobni qayd etdi. Armaniston Argentinani 2,5:1,5, Vengriya esa Isroilni shu hisobda mag‘lub etdi.
O‘zbekistonning birinchi ayollar jamoasi ham ketma-ket to‘rtinchi g‘alabasini nishonlab, Argentina ustidan 3:1 hisobida zafar quchdi.
Gulruhbegim Tohirjonova Maxo Kamposni, Umida Omonova esa Anapaola Bordani yengdi. Afruza Hamdamova Kandela Gekamburu bilan, Guldona Karimova esa Ernestina Adam bilan ochkolarni bo‘lishdi.
Shu tariqa, ayollarning asosiy tarkibi ham erkaklar singari dastlabki to‘rt turdan so‘ng maksimal 8 ochkoga ega bo‘lib turibdi.
Uchinchi ayollar jamoasi Kubaga 1,5:2,5 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Maftuna Bobomurodova Yerisbel Mirandani mag‘lub etib, jamoaga yagona g‘alabani olib keldi. Zilola Aktamova Maritsa Arribas bilan durang o‘ynadi, Shohina Ahmedova va Barchinoy Shokirjonova esa raqiblariga yutqazdi.
Ikkinchi terma jamoa Qirg‘izistonga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Nilufar Yoqubboyeva Nuray Sovetbekovani taslim etgan bo‘lsa-da, Marjona Malikova, Asal Salimova va Mumtozbegim Mansurova o‘z bahslarida yutqazdi.
Ayollar musobaqasidagi yetakchilar orasida Hindiston Mo‘g‘ulistonni 3:1 hisobida yengdi, Xitoy Vengriyani 3,5:0,5 hisobida tor-mor etdi, AQSh ham xuddi shu hisob bilan Ispaniyani taslim qildi. Qozog‘iston Armanistondan 3:1, Polsha esa Vetnamdan xuddi shunday hisobda ustun keldi.
Germaniya Isroilni 3:1, Ozarbayjon Angliyani 2,5:1,5 hisobida yengdi. Bolgariya kutilmaganda Ruminiya ustidan 3,5:0,5 hisobida yirik g‘alabaga erishdi, Serbiya ham Eronni shu hisobda mag‘lub etdi. Gruziya Avstriya bilan 2:2 hisobida durang qayd etdi, Fransiya esa Moldova ustidan 3,5:0,5 hisobida zafar quchdi.
Musobaqa Shveysariya tizimi bo‘yicha 11 turdan iborat tartibda o‘tkazilmoqda. Jamoaviy g‘alaba uchun ikki ochko, durang uchun esa bir ochko beriladi.
Partiyalar translyatsiyasini YouTube`dagi **UzChess** (o‘zbek tilida) va **City Chess** (rus tilida) kanallari orqali tomosha qilish mumkin.

