Dunyo

“Vazir va generallar olishishsin”. Yoqilgan asarlar, qatl etilgan singil va natsistlarga dushman bo‘lgan nemis yozuvchisi fojiasi

“Vazir va generallar olishishsin”. Yoqilgan asarlar, qatl etilgan singil va natsistlarga dushman bo‘lgan nemis yozuvchisi fojiasi

Bardamlik bilan sudralishda davom eting, har qanday yoʻl oxirida sizni, baribir, Yaratgan kutib oladi!

Xudoyim yozuvchi va ijodkor zotiga rostdan ham betakror darajada goʻzal yoki xuddi shu darajada ayanchli taqdirlarni nasib qilgan. Ammo ularning ichida bir germaniyalik yozuvchi borki, oʻz yurtida asarlari olovda yoqilgan, singlisining boshini chopishib uning oilasiga sud va qamoq xarajatlari uchun chek yuborishgan, butun umri va ijodi jahon urushlari ichida oʻtgan. Uning asarlari va biografiyasi oʻrtasida koʻp ham farqni topmaysiz. Bu, albatta, Erix Mariya Remark!

Adabiyot olamida uning ismini eshitgan lahzada har bir kitobxon xayolida urush dahshatlari, unutilgan avlod iztirobi va gʻamgin qadah sadolari yangraydi. U dunyoning eng koʻp oʻqilgan, millionlab nusxada sotilgan asarlar muallifi bo‘lish bilan birga, cheksiz uqubat va sirlar, ayblovlar-u, tuhmatlarga to‘la, ayanchli hamda qiziqarli hayot yo‘liga ega.

Ushbu maqolada oʻsha xandaqlardan to Shveysariyaning sokin qabristonigacha boʻlgan yoʻlni birga bosib oʻtamiz ( asarlar haqida gap ketganda ham imkon boricha syujetni fosh etmaslikka harakat qilamiz ).

Qabrtoshlar, goʻsht maydalagich va Remark

1898-yil 22-iyun. Germaniyaning Osnabryuk shahri. Kitob muqovalovchi usta oilasida chaqaloq dunyoga keldi. Unga Erix Paul deb ism berishdi. Bolalik yillari katolik seminariyalarining qatʼiy qoidalari va otasi bilan tinimsiz ziddiyatlar ichida oʻtdi. U yoshligidan sanʼatga, musiqaga talpindi, biroq taqdir uning uchun mutlaqo boshqa “konsert” tayyorlab qoʻygan edi.

1916-yil. Birinchi jahon urushining eng qonli pallasi. 18 yoshli Erix oʻz tengdoshlari qatori Flandriya botqoqliklariga, 1917-yil 17-iyunda esa koʻrinmas oʻlim va zaharli gazlar hukmron boʻlgan Gʻarbiy frontga tashlandi. Maktab partasidan toʻgʻri jangga kirgan bu yigitlar tez orada bir haqiqatni anglab yetishdi: vatanparvarlik haqidagi balandparvoz nutqlar dushman oʻqi oldida bir chaqaga ham arzimas ekan. U bir yildan soʻng 5 joyidan yaralanib harbiy gospitalga tushadi. Snaryad parchalari uning tanasini yirtib yubordi, ammo eng katta jarohat uning ruhiyatiga yetgan edi. Harbiy gospitalda yotganida, 19 yoshli yigitning onasi Anna Mariya saratondan vafot etdi.

“Men uni kasalxonada oʻlik holda koʻrdim, lekin uni taniy olmadim”, deb yozadi u kundaligiga.

Urush tugadi. Ammo frontdan qaytgan yigitlar tinch hayotga moslasha olishmadi. Ular uylariga qaytishdi, biroq ularning uyi endi yoʻq edi. Remark tirikchilik ilinjida nimalar qilmadi deysiz: maktabda oʻqituvchi boʻldi, ruhiy kasalxonada ishladi, hisobchilik qildi, hatto qabristonlarda qabrtoshlari savdosi bilan ham shugʻullandi. Aynan shu qabrtoshlari sotuvchisi sifatidagi tajribalari keyinchalik uning “ Qora haykal ” romaniga asos boʻldi. Unda qadrsizlangan pullar, inflyatsiya va har kuni oʻz joniga qasd qilayotgan odamlar fonida insoniyligini yoʻqotmaslikka uringan shaxslar tasvirlangan.

1928-yil. Remark yozuv mashinkasi qarshisida oʻtirib, oʻz ichidagi barcha iblislarni qogʻozga toʻkib sochishga qaror qildi. U bor-yoʻgʻi olti hafta ichida bir romanni yozib tugatdi. Bu asar 1929-yilda “ Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq ” nomi bilan chop etildi.

Urush eʼlon qilishdan oldin umumxalq sayli uyushtirilishi kerak, xuddi buqalar jangi tomoshasida boʻlganiday, musiqa chalinib, chiptalar sotilishi lozim. Keyin dushman mamlakatlarning vazir va generallari maydonga tushib, bir-birlari bilan olishishsin. Kim yengsa, oʻsha mamlakat gʻolib chiqqan deb hisoblanadi. Shunda adolatli ish boʻladi. Hozirchi? Mutlaqo notanish odamlar bir-birlarini oʻldirib yotishibdi.

Portlash yuz berdi. Kitob shunchaki ommalashmadi, u hammani larzaga soldi. Asar juda qisqa vaqt ichida 26 tilga tarjima qilinib, ilk yildayoq yarim million nusxada sotildi. Kitobda o‘sha yillarda urush haqidagi asarlarda odatiy bo‘lgan qahramonlik ruhi yoʻq edi. Unda ochlik, qurt bosgan ovqatlar, uzilgan oyoqlar va 150 kishilik rotadan tirik qolgan 32 ta askarning mungli koʻzlari bor edi, xolos. Remark millionlab “ yoʻqotilgan avlod ” vakillarining ovoziga aylandi. Ammo bu muvaffaqiyatning toʻlovi juda ogʻir boʻlishi turgan gap.

Quvgʻin va Kramer afsonasi

“Qayerda kitoblar yoqilsa, keyinchalik u yerda odamlar ham yoqiladi ”. Genrix Geynening bu soʻzlari Germaniya uchun dahshatli bashoratga aylandi.

1930-yil 5-dekabr kuni Berlindagi “Mozartsaal” kinoteatrida “Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq” romanining Gollivud tomonidan suratga olingan filmi premyerasi boʻlib oʻtayotgan edi. Asar nemis askarlarini “yengilmas qahramon” sifatida koʻrsatmagani va urushning qonli haqiqatini ochib bergani uchun, Yozef Gebbels boshchiligidagi natsistlar bu namoyishni buzishga tayyorgarlik koʻrishgan. Ular zalga yashirincha kirib, tomosha oʻrtasida sassiq bombalar tashlashgan, aksirtiruvchi kukunlar sochishgan va olomonga qarab yuzlab sichqonlarni qoʻyib yuborishgan. Natijada zalda vahima koʻtarilib, odamlar qochib chiqishga majbur boʻlgan, seans esa toʻxtatilgan.

“Oʻn daqiqada zal butunlay tartibsizlik ichida qoldi. Politsiya ojiz edi. Gʻazablangan olomon yahudiylarga nisbatan oʻz qahrini koʻrsatdi. Bu bizning birinchi katta yutugʻimiz. Biz “ Yoʻqolsin yahudiylar, yashasin Gitler! ”, deya baqirdik. Politsiya biz bilan maslakdosh boʻldi. Gazetalar bizni qoʻllab-quvvatladi. Millat biz tomonda. Bir soʻz bilan aytganda — gʻalaba”, deya yozib qoldiradi Gebbels oʻz qaydlarida.

Fashistlar uchun Remarkning asari nemis askarining shaʼniga dogʻ tushiruvchi xiyonat edi. Ular yana tinchlik boʻyicha Nobel mukofotiga nomzod boʻlgan bu yozuvchini obroʻsizlantirish uchun qabih kampaniya ham boshlashdi. Goʻyoki Remark, umuman, urushda qatnashmagan, uning asl familiyasi esa teskarisiga oʻqiladigan “ Kramer ” boʻlib, oʻzi yahudiy emish.

Lekin ushbu “yahudiy” 1918-yilda I darajali temir xoch bilan taqdirlangan. 1919-yil 5-yanvarda Remark orden va faxriy nishondan voz kechib, armiyadan boʻshatilgan edi.

1933-yil 10-may. Berlin, Bebelplats maydoni. Qip-qizil mashʼalalar koʻtargan talabalar oʻz qoʻllari bilan jahon adabiyoti durdonalarini olovga otishdi. Karl Marks, Jek London, Tomas Mann va Erix Mariya Remarkning kitoblari gulxanda yonardi. Natsistlar oʻz kelajagini kitoblarni kul qilishdan boshladi. Remark hayoti xavf ostida ekanini anglab, Shveysariyaga koʻchib oʻtdi. 1938-yilda esa fashistik Germaniya uni rasman fuqarolikdan mahrum qildi. Endi u butun dunyo taniydigan, ammo oʻz vatani yoʻq quvgʻundiga aylangan edi.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan surat

Gilyotina ostidagi jon va 495 markalik chek

Remark xavfsiz joyda — dastlab Shveysariya, soʻngra AQSHda yashardi. Ammo uning Germaniyada qolgan oilasi natsistlar nishonida edi. Yozuvchining singlisi Elfrida Shols tikuvchilik qilib tirikchilik qilardi. 1943-yilda u mijozlaridan biriga “ Urush baribir magʻlubiyat bilan tugaydi, askarlar bekorga oʻlyapti ”, deb aytib qoʻyadi. Chaqimchilik ortidan Elfrida darhol Gestapo tomonidan hibsga olinadi.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan surat

Sud majlisida mashhur sudya Roland Freysler unga qarab shunday deydi: “ Baxtga qarshi, akang bizning qoʻlimizdan qochib, mamlakatni tark etdi, lekin biz seni qoʻlga tushirdik! ”. 1943-yil 16-dekabr kuni 43 yoshli Elfridaning boshi gilyotina ostida tanasidan judo qilindi.

Biroq eng dahshatli va sovuqqon voqea shundan keyin yuz berdi. Fashistik davlat Remarkning oilasiga xat yubordi. Xat ichida chek bor edi — davlat Elfridani qamoqda saqlash, sud qilish va qatl etish ( gilyotina pichogʻini charxlashgacha ) xarajatlari uchun 495 marka va 80 pfenning toʻlashni talab qilgandi. Bu xabar yozuvchining yuragini parchalab tashladi. U bu azob va aybdorlik hissi bilan umrining oxirigacha yashadi va keyinchalik konslagerlardagi dahshatlarni fosh qiluvchi “ Hayot uchquni ” romanini aynan halok boʻlgan singlisi xotirasiga bagʻishladi.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan surat

Soxta baron, arosatdagi muhabbat va “Uch ogʻayni” sirlari

Remarkning shaxsiy hayoti asarlaridagi kabi ziddiyatli va ehtirosli edi. 1925-yilda u raqqosa Ilze Yutte Zambonega uylanadi. Ular teatrlar, qimmatbaho restoranlarda vaqt oʻtkazishar, hattoki Remark oʻzini aristokratlardek tutish uchun 500 markaga baronlik unvonini ham sotib olgandi. Ularning turmushi atigi 3 yil davom etdi va ajrashishdi. Biroq natsistlar quvgʻini boshlanganda, Remark sobiq xotinini qutqarib qolish uchun 1938-yilda unga qaytadan uylanadi va oʻzi bilan Shveysariyaga olib ketadi. Aynan mana shu Ilze Yutte barchamiz sevib oʻqiydigan “ Uch ogʻayni ” asaridagi Patritsiya Xolman (Pat) obrazining prototipi hisoblanadi. ( Remark 1957-yilda u bilan rasman ajrashganda ham, umrining oxirigacha unga katta miqdorda nafaqa toʻlab kelgan ).

Yozuvchining hayotidagi eng yorqin, ammo eng zaharli muhabbat — amerikalik kino yulduzi Marlen Ditrix bilan boʻlgan munosabatlaridir. Ditrix goʻzal, jozibali, biroq mutlaqo erkin va xudbin ayol edi. Remark uni telbalarcha sevardi, qizgʻanardi va ezilardi. Ularning munosabatlari xuddi jarga qarab ketayotgan poyga mashinasiga oʻxshardi. Yozuvchi oʻzining “ Zafar darvozasi ” romanidagi Joan Madu obrazini aynan Ditrixdan koʻchirib yozgan. Asardagi muhabbat qanchalik fojiali boʻlsa, hayotda ham shunday yakun topdi. Ular ajrashishdi.

Ayol sizni hech qachon tark etmaydiganday seva olishi va hech qachon sevmaganday tark eta olishi mumkin.

1951-yil. Nyu York. Remark ruhiy tushkunlik, ichkilikbozlik va nevrasteniya iskanjasida yashayotgan bir paytda u bilan uchrashadi. U — Charli Chaplinning sobiq xotini, 40 yoshli aktrisa Polett Goddard edi. Quvnoq, erkin, hayotga muhabbat bilan qaraydigan bu ayol yozuvchini chuqur depressiyadan tortib oldi.

Ular birgalikda vaqt oʻtkazishni boshlashdi. Polettning hayotiy energiyasi Remarkka shunchalik kuch berdiki, u “ Hayot uchquni ” romanini yozib tugatdi. Aynan shu asarda u birinchi marta fashizm va totalitar tuzumlarning gʻayriinsoniy mohiyatini tenglashtirib koʻrsatdi. Polettning taʼsirida u yana yashashni xohlab qoldi, biroq Remarkning oʻtmish jarohatlari butunlay bitib ketmadi. U baribir kundaliklarida “hushyor holatda odamlar tugul oʻzi bilan ham gaplasha olmasligini” yozib, tinimsiz ichardi.

Remark oʻzining mashhur “ Qarzga olingan umr ” romanini yozganda ehtiros, oʻlim yoqasidagi hayot va poygalarni tasvirlaydi. Asar qahramoni Lilian silga chalingan boʻlib, oʻlimini kutar, ammo oxirgi oylarini toʻlaqonli yashash uchun pullarini hashamatli liboslar-u kafelarga sarflaydi. Bu oʻlim bilan yuzma-yuz kelgan insonning tabiatidir. Asarning bosh gʻoyasi oddiy: inson har bir lahzaning tugashini, umrining oʻtkinchiligini butun vujudi bilan his qilgandagina hayotning qadriga yetadi.

Kim biladi deysiz, balki hayot bizga jazo sifatida boshqa bir dunyoda qilgan gunohimiz uchun berilgandir. Balki hozirgi hayotimizning oʻzi doʻzaxdir, cherkovdagilar oʻlimdan keyingi doʻzax azobi haqida gapirib adashishayotgandir...

Vayronalar ustidagi arvohlar: soʻnggi bekati

1952-yilda Remark oʻttiz yillik tanaffusdan soʻng oʻz vataniga, Germaniyaga boradi. U vayron boʻlgan, ammo qayta qurilayotgan Osnabryukni koʻradi. U yerda otasi va tirik qolgan singlisi Erna bilan koʻrishadi. Biroq Berlin xarobalari uni larzaga soladi. U koʻchalarda oʻzini “arvohlar, ruhi zoʻrlangan zombilar” orasida qolgandek his qiladi. Germaniya ham endi unga begona edi, u bu vatanni ruhan qabul qila olmadi. Hukumat ham unga fuqaroligini qaytarib bermadi (hatto 1967-yilda orden berishganda ham bu eʼtiborsiz qoldirildi).

1960-yillarga kelib yozuvchining sogʻligʻi keskin yomonlasha boshladi. U 1963 va 1965-yillarda bir necha bor insultni boshdan kechirdi. U asosan Shveysariyaning Lokarno va Askona shaharlarida, shuningdek qishlari Polett bilan Rimda yashardi. 1970-yilning yozi oxirida uning yuragi yana pand berdi.

1970-yil 25-sentyabr kuni 72 yoshli Erix Mariya Remark Lokarno shahridagi shifoxonada hayotdan koʻz yumdi. Shveysariyadagi kamtarona dafn marosimida koʻpchilik yigʻilmadi. Sobiq sevgilisi Marlen Ditrix uning qabriga qip-qizil atirgullar guldastasini yuborgan edi. Biroq xotini Polett Goddard oʻzining ayollik gʻururi va rashki tufayli u atirgullarni erining qabriga qoʻydirmadi.

Xotima oʻrnida...

Erix Mariya Remark qanday yashagan boʻlsa, shunday yozdi. U oʻz asarlarida sunʼiy qahramonlar yaratmadi. Uning qahramonlari qoʻrqardi, yigʻlardi, xiyonat qilardi, ichardi, ammo eng ogʻir damlarda insoniyligini — oʻz birodariga boʻlgan sadoqatini yoʻqotmasdi.

“ Davlat va vatan bitta narsa emas ”, deb yozgandi u. Davlat uni quvgʻin qildi, kitoblarini yoqdi, singlisini oʻldirdi. Ammo Vatan — insoniyat qalbi va butun jahon kitobxonlarining xotirasi uni mangu oʻz bagʻriga oldi.

Hayot qarzga olingan. Uni qachon qaytarib berishimizni bilmaymiz. Shunday ekan, oʻlim oldida turib ham yashashni uddalash kerak.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.