Uzum Market bosqichma-bosqich faoliyati tiklanayotganini maʼlum qildi
Uzum Market 8-oktabrdan keyinigi texnik nosozlikdan soʻng oʻz faoliyatini tiklashni boshladi. «Ombor buyurtmalarni allaqachon yigʻmoqda va yaqin vaqt ichida 7, 8 va 9-oktabrdagi yuk xatlari boʻyicha tovarlarni qabul qilishni boshlaydi», deyiladi kompaniya xabarida. Xaridorlar va sotuvchilarga kompensatsiya va chegirmalar vaʼda qilinyapti.

Uzum Market faoliyati bosqichma-bosqich tiklanayotganini bildirdi
Uzum Market 8-oktabrdan keyingi cheklangan kirish imkoniyatidan so‘ng o‘z ishini bosqichma-bosqich qayta tiklashni boshladi.
«Ombor buyurtmalarni allaqachon yig‘moqda va yaqin vaqt ichida 7, 8 va 9-oktabrdagi yuk xatlari bo‘yicha tovarlarni qabul qilishni boshlaydi. Mamlakat bo‘ylab topshirish punktlari odatdagidek ishlamoqda: xaridorlar buyurtmani SMS`dagi raqamni yoki buyurtma kimning nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa, o‘sha shaxsning ismini aytib olishlari mumkin. Sotuvchilar esa bu xizmat mavjud bo‘lgan punktlarda tovarlarni omborga yetkazish uchun topshirishlari mumkin. Buyurtmalarni topshirish punktlarida saqlash muddatlari uzaytirildi. Sayt, ilova va sotuvchilarning shaxsiy kabineti ishi tiklangani haqida qo‘shimcha xabar beramiz», deyiladi xabarda.
Kompaniya platforma ishiga ta’sir qilgan texnik uzilishni yuqori mavsum oldidan yangi infratuzilmani sinovdan o‘tkazish jarayoni bilan bog‘ladi.
«Marketpleysning barcha foydalanuvchilari va hamkorlarining ma’lumotlari ishonchli himoyalangan: ular kiberxavfsizlik talablari hamda O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq saqlanadi va qayta ishlanadi», - deya ta’kidlanadi kompaniya izohida.
«Platforma barqarorligi hamkorlarimiz faoliyatiga bevosita ta’sir qilishini tushunamiz. Uzum Market franshiza asosida ishlayotgan topshirish punktlari egalariga olinmagan foydani qoplab beradi, sotuvchilar uchun esa logistika va tovarlarni saqlash oktabr oxirigacha bepul bo‘ladi. Nosozlik tufayli buyurtmalarini ololmagan foydalanuvchilarimiz Uzum Market`dagi keyingi xaridlari uchun promokodlar oladi. Xaridorlar va sotuvchilardan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz», deyiladi xabarda.

