Layfstayl

“Uyda yolg‘iz 2” filmidagi mehmonxona xizmatchisi roli bilan tanilgan aktyor Tim Karri vafot etdi

"Uyda yolg‘iz 2" filmidagi mehmonxona xizmatchisi roli bilan tanilgan aktyor Tim Karri vafot etdi.

Britaniyalik aktyor Tim Karri 80 yoshida hayotdan ko‘z yumdi, deya xabar berdi "KinoMail.ru" nashri. U 26-avgustga o‘tar kechasi Los Anjelesdagi uyida vafot etgan. San’atkorning o‘lim sababi hozircha rasman e’lon qilinmagan.

Tim Karri 1946-yil 19-aprelda Buyuk Britaniyaning Cheshir grafligida tug‘ilgan. Unga "Rokki Horrorning dahshatli shousi" (1975) musiqiy filmidagi doktor Frenk-en-Ferter obrazi orqali dunyo miqyosida katta shuhrat kelgan.

Keyinchalik Karri "Dalil" (1985) komediyasida eshikog‘asi Uodsvort, "U" (1990) teleserialida yovuz qahramon Pennivayz rollarini ijro etgan, shuningdek, "Uyda yolg‘iz 2: Nyu Yorkda yo‘qolgan" va "Qizil oktyabrning ta’qib qilinishi" filmlarida ishtirok etgan. Ellik yillik faoliyati davomida aktyor uch marta "Toni" mukofotiga nomzod bo‘lgan va "Emmi" mukofoti bilan taqdirlangan.

Ma’lumot uchun, aktyor 2012-yilda og‘ir insultni boshdan kechirgan edi. Shundan so‘ng uning miyasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, uzoq vaqt davolangan. Afsuski, muolajalarga qaramay, u umrining oxirigacha mustaqil yura olmadi. 2025-yilda uning memuarlari chop etildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.