“Uyda yolg‘iz” filmidagi Kevin — Makoley Kalkin hozir qayerda va qanday yashaydi?

“Uyda yolg‘iz” filmidagi Kevin roli bilan tanilgan Makoley Kalkin hozirda 46 yoshda bo‘lib, 26-avgustda tug‘ilgan kunini nishonladi. Kinodagi erta shuhrat va global mashhurlikdan so‘ng, Kalkin deyarli o‘n yil davomida jamoatchilik nazaridan chetda qoldi. Ushbu maqolada aktyorning hozirgi hayoti haqida ma’lumot beriladi.
**Bolalik va qiyinchiliklar**
Aktyor yoshligida bolalikni to‘liq his qila olmagan. Uning otasi bilan munosabatlari murakkab bo‘lib, otasi Makoleyning karyerasini boshqargan va uning barbod bo‘lishiga sababchi bo‘lgan. 24 yoshida Kalkin giyohvand moddalarni saqlashda ayblanib hibsga olingan. Mila Kunis bilan sakkiz yildan ortiq davom etgan munosabatlarning tugashi vaziyatni yanada og‘irlashtirgan. OAV xabarlariga ko‘ra, giyohvand moddalarga qaramligi tufayli yaqinlari uni majburan reabilitatsiya markaziga yuborgan. Ko‘pchilik aktyorning hayotini nazoratga olib, karyerasini qayta tiklay olishiga ishonmagan.
**Qayta tiklanish va yangi hayot**
Biroq, Makoley Kalkin buni uddaladi. Avvalo sog‘ligini tiklab, so‘ngra yana omma oldida paydo bo‘ldi. U reklama roliklarida suratga tusha boshladi, tok-shoularda ishtirok etdi. 2019-yilda “Dindor Jemstonlar” komedik serialida rol o‘ynadi va Set Grinning debyut filmi “Tailanddagi yigitlar kechasi”da ishtirok etdi. Aynan shu filmning suratga olish jarayonida u aktrisa va Disney Channelning sobiq yulduzi Brenda Song bilan tanishib, munosabat o‘rnatdi.
Ular ikki o‘g‘il farzandli bo‘lishdi: 2021-yil aprel oyida Dakota va 2022-yil dekabrida Karson dunyoga keldi. Juftlik 2022-yilda unashtirilgan bo‘lib, oilasini ortiqcha e’tibordan himoya qiladi. Kalkin farzandlar bilan shug‘ullanish va uyda qolish kabi ota-onalik mas’uliyatining katta qismini o‘z zimmasiga olgan, bu esa Brenda Songga ko‘proq suratga tushish imkonini beradi.
**Kasbiy faoliyatdagi yutuqlar**
2021-yilda Makoley Kalkin “Amerikaning dahshatli hikoyasi” serialida o‘zini o‘zi barbod qilishga moyil yozuvchi obrazini yaratdi va bu roli tanqidchilar tomonidan yuqori baholandi. O‘sha yili u Gucci modalar uyining moda ko‘rgazmasida podiumda qatnashish taklifini oldi.
Keyinchalik aktyor “Galaktikadagi eng yaxshi ikkinchi shifoxona” va “Zootopiya 2” kabi animatsion loyihalar va seriallardagi qahramonlarga ovoz berdi. 2025-yilda esa Kalkin “Fallout” serialining ikkinchi mavsumida suratga tushdi.
2023-yil dekabr oyida aktyorga “Shon-sharaf xiyobonida” uning nomi yozilgan yulduz topshirildi. Marosimga Makoleyni qo‘llab-quvvatlash uchun do‘stlari, yaqinlari va ba’zi Gollivud yulduzlari tashrif buyurdi. Ular orasida “Uyda yolg‘iz” film seriyasida bosh qahramonning onasini o‘ynagan Ketrin O‘Xara ham bor edi. Aktyor sahnadagi nutqida Brenda Songga minnatdorlik bildirib, uni nafaqat eng yaxshi ayol, balki hayoti davomida eng taniqli inson deb atadi.
**“Uyda yolg‘iz” filmining davomi haqida**
Ma’lumotlarga ko‘ra, Makoley Kalkin ishtirokidagi “Uyda yolg‘iz” filmining davomi suratga olinishi mumkin. Yaqinda aktyor loyihani muhokama qilish uchun Disney vakillari bilan uchrashgan.
34 yil davomida sikveldan qochib yurgan Makoley 2025-yilda kutilmaganda bu rolga qaytishga qarshi emasligini ma’lum qilgan. U hatto davomi uchun o‘z g‘oyasini ham aytib bergan: “Men yo bevaman, yo ajrashganman. Farzandimni tarbiyalayapman va hokazo. Juda ko‘p ishlayman, lekin unga yetarlicha e’tibor bera olmayapman. Qaysidir payt u mendan xafa bo‘lib, meni haydab yuboradi. (Kevinning o‘g‘li) meni (uyga) kiritmaydi, hatto men uchun tuzoqlar ham qo‘yadi”, deydi Makoley Kalkin.
Bellonining so‘zlariga ko‘ra, studiya aktyorning yangi loyihaga rahbarlik qilishini istayapti. Bu g‘oya afsonaviy “ho‘l o‘g‘rilar” – Daniel Stern va Jo Peshi bilan muhokama qilingani hozircha noma’lum, biroq ularning qaytish ehtimoli juda kam, deya qayd etadi World of Reel nashri.

