Uxanda Xitoy va Osiyodagi eng uzun halqa metro liniyasi ochildi
Yangi liniya shaharning yettita markaziy tumanini hamda ikkita yirik temiryoʻl vokzalini oʻzaro bogʻlaydi. Poyezdlar butun halqa boʻylab toʻliq bir davrni 96 daqiqada bosib oʻtadi. Liniya harakati to‘liq avtomatlashtirilgan.

Uxanda Xitoy va Osiyodagi eng uzun halqa metro liniyasi ishga tushdi
Xitoyning Hubey provinsiyasidagi Uxan shahrida eng uzun halqa metro liniyasi — 12-yo‘nalish 29-oktyabr kuni to‘liq foydalanishga topshirildi. Uning umumiy uzunligi 59,9 kilometr bo‘lib, 37 ta yer osti bekatidan iborat. Mazkur liniya mavjud va rejalashtirilgan 18 ta metro yo‘nalishiga ulanish imkonini beradi.
Yangi yo‘nalish Qiaokou, Jianghan va Jiang‘an kabi yettita markaziy shahar tumanidan o‘tadi. U Hankou va Uchan singari ikkita yirik temiryo‘l vokzalini bog‘laydi. Halqa bo‘ylab to‘liq aylanish uchun taxminan 96 daqiqa kerak bo‘ladi.
Liniya ikki bosqichda ishga tushirilgan. Uzunligi 35,3 kilometr bo‘lgan birinchi bosqich 1-may kuni ochilgan edi. So‘nggi foydalanishga topshirilgan 24,6 kilometrlik ikkinchi bosqich esa halqani to‘liq yakunladi.
Metropoliten yo‘nalishi Yanszi daryosi ostidan ikki marta va Han daryosi ostidan bir marta o‘tadi. Shu yerda Xitoydagi eng uzun daryo osti metro tunnellari qurildi. Quruvchilar yuqori suv bosimi, murakkab tuproq qatlamlari va suv ostida uzoq masofali tunnel qazishdagi ko‘plab qiyinchiliklarni yengib o‘tdi. Ushbu loyiha daryo osti metro tunnellari qurilishi hamda yirik halqa temiryo‘l transportini rivojlantirishda namuna bo‘lib xizmat qiladi.
Liniyada poyezdlar harakatini boshqarishning eng yuqori darajasi — GOA4 (Grade of Automation 4) to‘liq avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilgan. Poyezdlar har kuni ertalab avtomatik tarzda “uyg‘onadi”, o‘zini o‘zi diagnostika qiladi va depodan chiqadi. Harakat davomida ular bekatlarda to‘xtash va yo‘nalishni o‘zgartirishni mustaqil bajaradi. Tunda, qatnovlar tugagach, poyezdlar depoga qaytish yo‘lini o‘zlari rejalashtiradi va “uyqu rejimiga” o‘tadi.
Bu jarayonning barchasi inson aralashuvisiz amalga oshiriladi. Boshqaruv markazi istalgan paytda masofadan boshqaruvni o‘z qo‘liga olishi mumkin.
Poyezdlar maxsus dasturlashtirilgan. Tiqilinch paytlarda ular qatnov oralig‘ini avtomatik ravishda sozlaydi. Favqulodda vaziyatlarda esa aylanma yo‘llarni mustaqil rejalashtiradi. Bu poyezdlarning o‘z vaqtida harakatlanishi va favqulodda holatlarga javob berish samaradorligini yangi bosqichga olib chiqdi.
12-yo‘nalishning ochilishi Yanszi va Han daryolari sabab shaharning ikki sohili o‘rtasida uzoq vaqt davomida saqlanib qolgan transport muammolarini bartaraf etadi. Shuningdek, u Uxan shahrida yaxlit va majmuaviy transport tugunini rivojlantirishga xizmat qiladi.

