US Open. O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi keyingi bosqichga yo‘l oldi

US Open: O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi keyingi bosqichga chiqdi
Nyu-Yorkda yilning so‘nggi "Katta dubulg‘a" turniri – US Open start oldi. O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi Mariya Timofeyeva (jahon reytingida 86-o‘rin) birinchi bosqichda sloveniyalik Tamara Zidanshekka (jahon reytingida 146-o‘rin) qarshi kortga chiqdi.
1 soat 9 daqiqa davom etgan o‘yinda Timofeyeva sloveniyalik raqibasini 6/2, 7/5 hisobida mag‘lub etdi. Eyslar bo‘yicha o‘zbekistonlik sportchi kichik ustunlikka erishdi (2 ga 1). Zidanshek 3 marta qo‘shxatoga yo‘l qo‘ydi.
Mariya Timofeyevaning 1/32 finaldagi raqibi 1-sentyabr kuni ispaniyalik Keytlin Kevedo (reytingdagi o'rni 107) va belgiyalik Elis Mertens (20) o‘rtasidagi uchrashuvda aniqlanadi.
Ma’lumot uchun, yilning so‘nggi "Katta dubulg‘a" turnirining asosiy davrasida ishtirok etayotgan yana bir o‘zbekistonlik sportchi Kamilla Rahimova (jahon reytingida 92-o‘rin) birinchi bosqichda jahon reytingida 29-o‘rinni egallab turgan chexiyalik Barbara Kreychikovani kutilmaganda mag‘lub etdi.
Teng kurashlar ostida kechgan birinchi set 7:6 hisobida Rahimovaning g‘alabasi bilan yakunlandi. U ikkinchi setni to‘liq nazoratga olib, 6:2 hisobida ustun keldi va o‘yinni o‘z foydasiga hal qildi.
AQSH ochiq chempionati mavsumdagi to‘rtinchi "Katta dubulg‘a" turniridir. Musobaqa qattiq qoplamali kortlarda o‘tkazilmoqda va 13-sentyabr kuni yakunlanadi. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 108 million dollarni tashkil etadi.
Ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslarining amaldagi g‘olibi belaruslik Arina Sabalenka hisoblanadi.

