Iqtisodiyot

“Ulushni imtiyozli sotib olish huquqidan foydalanilgan”. Davaktiv Paynet ommaviy e’lon qilinmasdan xususiylashtirilganiga izoh berdi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Paynet xususiylashtirilishida jamiyat ishtirokchilarining ulushni imtiyozli sotib olish huquqidan foydalanilganini ma’lum qildi. Agentlik bunday xususiylashtirish jarayonlari haqida kelgusida jamoatchilikka axborot berib borishini bildirdi.

“Ulushni imtiyozli sotib olish huquqidan foydalanilgan”. Davaktiv Paynet ommaviy e’lon qilinmasdan xususiylashtirilganiga izoh berdi

O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) Paynet to‘lov tashkilotining ommaviy e’lon qilinmagan xususiylashtirilishi yuzasidan izoh berdi. Bu haqda agentlik direktori Sohibjon Murodov 8-oktabr kuni o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Gazeta muxbiri.

Agentlik rahbari Paynet mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida faoliyat yuritganini qayd etdi. “Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, jamiyat ishtirokchilaridan biri o‘ziga tegishli ulushni sotmoqchi bo‘lsa, avvalo uni boshqa ishtirokchilarga yoki jamiyatning o‘ziga sotib olishni taklif qilishi lozim. Murodovning aytishicha, Paynet xususiylashtirilishida ham aynan shu huquqdan foydalanilgan.

Agentlik rahbari bu amaliyot faqat Paynet bilan cheklanmasligini, ustav kapitalidagi ulushni imtiyozli sotib olish huquqi boshqa mas’uliyati cheklangan jamiyatlarda ham qo‘llanishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda sotuvga chiqarilishi e’lon qilingan ayrim jamiyatlarda ham shunday tartib mavjud.

“Biz ish uslubimizga o‘zgartirish kiritdik: bunday xususiylashtirish usullaridan foydalanganda ham endi keng jamoatchilikka axborotni oshkor qilib boramiz”, — dedi Murodov.

Paynet xizmati 2005-yilda Botir Arifjonov tomonidan yaratilgan. Keyinchalik tadbirkor kompaniyani Xalq banki ko‘rinishida davlatga (60 ming dollarga, garchi aktivi 10 million dollarga baholangan bo‘lsa-da) sotishga va boshqaruvdan voz kechishga majbur bo‘lgan.

2022-yil avgust oyida Davaktiv Uzpaynet’ning 100 foiz ulushini sotuvga qo‘ygandi.

Keyingi bir oy ichida potensial xaridorlardan yettita ariza kelib tushgan, biroq takliflarni qabul qilish “qo‘shimcha aniqlashtirishlar” vaji bilan keyinga qoldirilgan.

2024-yil aprel oyida Paynet’ni boshqaruvchi Uzpaynet’ning ta’sischisi o‘zgargani ma’lum bo‘ldi.

DABA balansidagi davlat ulushining 100 foizi New Industrial Technologies kompaniyasiga o‘tkazildi. Davaktiv o‘shanda jamoatchilikka xususiylashtirish haqida xabar bermagan.

New Industrial Technologies kompaniyasi 2019-yil aprelida davlat ro‘yxatidan o‘tgan, ustav kapitali 273,56 milliard so‘mni tashkil etadi. Bugungi kunda yagona egasi Mustafo Abdurahmonov bo‘lib, u, shuningdek, Asia Alliance Bank’ning asosiy aksiyadori hisoblanadigan Asia Alliance Group’ning 77,6% aksiyalariga egalik qiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.