Iqtisodiyot

“Raqobat mumkin joyda davlat bo‘lmasligi kerak”. Davlat mulkini xususiylashtirish, biz nimalarda xato qilyapmiz?

Iqtisodchi Otabek Bakirov xususiylashtirishda faqat ijtimoiy obyektlar davlatda qolishi kerakligini aytadi. Uning fikricha, qolgan barcha sohalarda teng raqobatli savdo va soliq majburiyatlari qat’iy bo‘lishi lozim. Gazeta mutaxassis bilan mulkchilik shakllari va xususiylashtirish siyosatini muhokama qildi.

“Raqobat mumkin joyda davlat bo‘lmasligi kerak”. Davlat mulkini xususiylashtirish, biz nimalarda xato qilyapmiz?

Avgust oxirida iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish haqidagi prezident farmoni imzolanib, O‘zbekistonda xususiylashtiriladigan yirik davlat aktivlarining yangilangan ro‘yxati tasdiqlandi.

Unga muvofiq, bir qator moliyaviy muassasalar, sanoat, transport va savdo korxonalaridagi ulushlar sotuvga chiqariladi. Hujjat bilan davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotish hamda auksionga qo‘yish shartlari ham yangilandi.

Shu vaziyat fonida Gazeta iqtisodchi Otabek Bakirov bilan mulkchilik shakllari va xususiylashtirish siyosati haqida bo‘lgan suhbatni taqdim etadi. Unda O‘zbekistonda yagona mulkchilikdan qachon voz kechila boshlangani, aslida davlat mulkini tadbirkorlar va investorlarga sotish nimani anglatishi, bu jarayon idealda qanday kechishi kerakligi hamda oddiy odamlar uchun uning ahamiyati haqida so‘z boradi.

— Davlat mulki nega xususiylashtiriladi, avval shuni tushuntirib bera olasizmi?

— Birinchidan, juda ko‘p zamonaviy jamiyatlarda allaqachon qabul qilingan kelishuv shundan iboratki, bozor iqtisodiyoti sharoitida mulk ko‘p ukladli bo‘lishi kerak. Mulkka munosabat, ya’ni mulkchilikning turli shakllari tan olinishi lozim. Bu davlat mulki bilan birga xususiy va boshqa jamoaviy mulk shakllarini ham anglatadi. Ya’ni istalgan huquqiy makonda, bu O‘zbekistonmi, AQShmi yoki Yevropa Ittifoqimi, farqi yo‘q, barchasi bo‘lishi kerak.

Bugungi kunda turli siyosiy va ijtimoiy tajribalar, tuzumlar oqibatida ayrim mamlakatlarda davlat mulki mutlaq ustunlikka ega bo‘lib qolgan. O‘tmishga qarasak, Sovet Ittifoqida, shuningdek uning hududida yoki ta’sir doirasida bo‘lgan Sharqiy Yevropa va Osiyo mamlakatlarida davlat mulki asosan monopol bo‘lgan. Ya’ni sotsialistik ishlab chiqarishda asosan davlat mulki tan olingan. Boshqa mulkchilik shakllari g‘oyaga, mafkuraga yot deb hisoblangan. 1980-yillar oxirida tuzumlar turli chaqiriq, ya’ni muammolarga duch kela boshlagach, mulkchilik shakli ham o‘zgarishni boshladi. Avval Sharqiy Yevropada, keyin Sovet Ittifoqida va shu yo‘sinda ko‘pchilikda davlat mulkini xususiylashtirish masalasi kun tartibiga chiqdi.

Chunki iqtisodiy rivojlanish va iqtisodiy erkinlik haqida gapiradigan bo‘lsak, qaysidir mulkchilik, xususan davlat mulkchiligi mutlaq katta ustunlikka ega bo‘lishi kerak emas, bu raqobat va iqtisodiy rivojlanishga yo‘l ochmaydi. Shuning uchun tariximizda ilk qabul qilingan norma ko‘p ukladli iqtisodiyot qurish, ya’ni mulkchilikning boshqa shakllarini ham tan olish bo‘lgan. 1988−1989-yillarda Sovet Ittifoqi parchalanmasdan turib, mulkchilikning boshqa shakllarini tan olish kun tartibiga chiqqan. Xususiylashtirish masalasi esa ancha keyinroq, oradan bir necha yil o‘tib, ittifoq tarqab bo‘lgandan keyin kun tartibiga chiqqan.

Polshada bu ertaroq yuz bergan, chunki ularda “solidarnost” harakati kuchli bo‘lgan. Sharqiy Yevropaning qator mamlakatlarida xususiy sektor to‘la-to‘kis yo‘q qilib yuborilmagandi. Siyosiy nazorat bo‘lgani bilan Polsha, Chexoslovakiya, Yugoslaviya, Ruminiyada xususiy mulkchilik va xususiy biznesning juda kichik elementlari mavjud edi. Sovet Ittifoqining ulardan farqi shundaki, bizda shaxsiy mulk, ya’ni uy-joy yoki shaxsiy buyumlardan boshqa mulkchilik shakli tan olinmagandi. Bu burjua elementi, kapitalistik jamiyatning sarqiti deb hisoblangan. 1988−1989-yillarda turli mulkchilik shakllarining tan olinishi “Kooperativlar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi bilan boshlangan. Qonun qabul qilinishi, albatta, kooperativlarning qayta ishlab, xizmat ko‘rsata boshlashi ularda qo‘shimcha kapitalni, bu esa qo‘shimcha mulkka ehtiyojni paydo qilgan.

— Shunda maqsadini qanday ko‘rasiz? Masalan, hozir bir qancha variantlarni aytishadi-ku, ya’ni xususiylashtirishning maqsadi — davlat o‘z aktivlaridan qutulishi yoki budjetga pul jalb qilish yoki umuman xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash. Bularning hammasi muhimmi yoki ustuvori bormi?

— Suhbatimiz boshida sotsialistik tuzum, o‘sha paytda o‘zini oqlamagan va raqobatga yo‘l bermagan mafkura haqida gaplashdik. Mazkur rejimdagi mulkchilik munosabatlari haqida qisqacha tushuncha berdik. Busiz ham sog‘lom iqtisodiyot, erkin bozorga ega mamlakatlarda davlat mulki mavjud. Juda ko‘p sohalar, masalan, temiryo‘l, pochta, hatto ayrimlarida banklar ham davlat nazoratida bo‘lgan.

Agar Buyuk Britaniya misolini olsak, uzoq vaqt siyosiy hokimiyat leyboristlar hukumati nazoratida bo‘lgandan keyin juda katta mulk davlat qo‘lida yig‘ilib qolgan. Konlar, temiryo‘l tizimi, banklar va o‘z-o‘zidan u davlatga, budjetga og‘irlik qila boshlagan. Samaradorligi pasaygan. Shuning uchun g‘arb misolida davlat mulkining siyosat, ijtimoiy hayot va iqtisodiyotdagi roli haqida gap ketganda, Buyuk Britaniya namuna sifatida keltiriladi. Margaret Tetcher (Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri) hokimiyatga qaytgandan keyin juda katta xususiylashtirish dasturi e’lon qilingan. Ya’ni temiryo‘llar, konlar, energetika sektori davlat tasarrufidan chiqarilgan. Bu jarayon biz kabi sotsialistik o‘tmishni boshidan kechirgan mamlakatlarga xos deb aytish qiyin.

Ayni paytda yana bir masala bor: vaqti-vaqti bilan turli mamlakatlarda sotsialistlar yoki so‘l kuchlar hokimiyatga keladi va ular o‘z g‘oyalarini amalga oshirishdagi odatiy birinchi qadamlaridan biri — qator iqtisodiy sektorlarni davlat nazoratiga qaytarish. Misol uchun, Chilida sotsialistlar hukumati xuddi shunday harakatlarni 1970-yillarda amalga oshirgan. Ya’ni “xususiy sektor eplay olmayapti, biz mehnatkashlar sinfining talab-istaklarini amalga oshirishimiz kerak” degan da’vo bilan chiqqan. Davlatning qo‘lida ma’lum bir sektorlar, albatta, bo‘lishi kerak degan g‘oyaga asoslanadi.

— Yuqorida aytib o‘tdingiz, baribir davlat tasarrufida ayrim korxonalar, aktivlar qoladi va u qaysi aktivlar bo‘lishi kerak?

— Mulkchilikning mazmuni ko‘pincha siyosatdagi o‘zgarishlarning aksidir. Siyosatda qanday o‘zgarishlar bo‘lsa, parlament saylovlari va hukumat shakllanishida qaysi kuchlar ustun bo‘lsa, ular jarayonni qanday tasavvur qilayotgan bo‘lsa, o‘zlarini bergan va’dalarini qanday amalga oshirishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, shunga yarasha reallik shakllanadi. Masalan, o‘ng kuchlar yoki liberallar hokimiyatga kelsa, ular imkon qadar davlatning hamma sektorlardan, hatto infratuzilma tizimlaridan ham chiqib ketishini istaydi. Hatto ayrim liberallarda qamoqxonalarni ham xususiy sektorga berish kerak degan qarashlar bor. Bu bo‘yicha tajribalar o‘tkazilgan. Davlat ijtimoiy va infratuzilma obyektlarini o‘z nazoratida ushlashi kerak. Raqobat qilish, bozor o‘zini o‘zi tartibga solishi mumkin bo‘lgan qolgan barcha sektorlardan davlat ketishi mumkin, deb hisoblayman. Mening idealimda shunday.

— Mulkchilik shakli o‘zgarishi, ya’ni biz muhokama qilayotgan vaziyatda xususiylashtirish korxonani samaraliroq ishlashini kafolatlaydimi? Ya’ni bu borada boshqaruvning ham ahamiyati haqida gaplashsak bo‘ladi.

— Juda yuqori ahamiyatga ega savolni beryapsiz. Juda muhim savol. Chunki mulkchilik shaklining davlat sektoridan xususiy sektorga o‘tishi samaradorlikni oshiradi degan noto‘g‘ri qarash shakllangan. Bu shablon qarash odatda davlat o‘z nazoratidagi mulklarni tezroq samarali bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’i nazar sadoqatli mulkdorlarga qayta taqsimlash rejasi bo‘lganda ilgari suriladi. Masalan, 1990-yillardagi Rossiyani tasavvur qilsangiz, eng yirik neft kompaniyalari, temir va metallurgiya kombinatlari, hozirgi mavjud oligarxlar nazoratidagi eng yirik aktivlar shubhali garov auksionlari orqali taqsimlab berilgan.

U yerda samarali mulkchilikni shakllantirish emas, barqaror siyosiy rejimni davom ettirish maqsadi bo‘lgan. Ya’ni Yelsin hokimiyatini 1996-yildagi prezidentlik saylovidan keyin ham davom ettirish istagi bo‘lgan. Xohlaymizmi yoki yo‘qmi, siyosiy maqsadlar o‘z o‘rniga ega bo‘ladi, bunga ko‘z yumish juda qiyin. Shuning uchun savolingizga javobim shuki, hamisha ham davlat mulkini xususiylashtirish samarador, samarali tizimni yoki samarador mulkdorni yaratmaydi. Samarador tizim va samarador iqtisodiy rejim xususiylashtirishdan keyin raqobat muhiti ta’minlansa yuzaga keladi. Ochiq, erkin raqobat muhiti ta’minlansagina. Bu jarayon davlat mulkini xususiy egasiga topshirishdangina iborat emas. Topshirishgacha bo‘lgan jarayonlar ham juda murakkab va jamiyat nazoratida, ochiqlikda kechishi kerak.

— O‘zi xususiylashtirish qanday bo‘lishi kerak, idealda kartinani qanday ko‘rasiz?

— Idealda mulkning turli shakllari bor, davlat nazoratidagilarini ham uchratish mumkin. 35−40 yil orqaga qarasak, O‘zbekiston bo‘yicha Toshkentda odamlar yashayotgan xonadonlar ham davlat mulki bo‘lgan. Masalan, O‘zbekiston yoki Rossiyada ham xususiylashtirishning birinchi qadami kvartiralarni xususiylashtirishdan boshlangan. Ya’ni aholiga oson va arzon tarzda xususiylashtirish imkoniyati yaratib berilgan. O‘zbekistonda ham, Sovet hududida ham ilk mulkdorlar kvartirasini xususiylashtirib olganlar hisoblanadi. Bu — birinchi bosqich.

Undan keyingi bosqichdagi xususiylashtirish kichik obyektlarda bo‘lgan. Sovet rejimida hatto do‘konlar, bekatlar, kichik sartaroshxonalargacha davlat mulki hisoblangan. 1990-yillarning ilk davrlarida kvartiralar privatizatsiyasidan keyingi bosqichda maishiy obyektlar xususiylashtirilgan. Ya’ni o‘ta kichik obyektlar. Bu mayda va o‘rta mulkdorlar sinfini yaratgan. Undan keyingi bosqich yirik ishlab chiqarish, sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligiga oid aktivlarni xususiylashtirish bilan kechgan. Buni o‘rta va yirik xususiylashtirish deb atash mumkin. Shu yerda shakllar keskin farqlanadi. Ya’ni bir necha usullar qo‘llangan.

Sharqiy Yevropa va Rossiyada vaucherlashtirish usuli bo‘lgan. Bunda mulkning qiymati hisob-kitob qilinib, aholi soniga nisbatan chiqarilib tarqatilgan. Kishi boshiga, aytaylik, 10 ming rubldan tushgan. Vaucher evaziga kichik yoki o‘rta korxonalarning aksiyalarini sotib olish mumkin bo‘lgan. O‘zbekistonda 1995-yilda mingta o‘rta korxona bor bo‘lgan deb hisoblasak, ularning qiymati 10 trln so‘m, O‘zbekiston aholisi 20 mln nafar bo‘lsa, bu ularning har biriga 50 mln so‘mdan vaucher tarqatildi degani. Bu ham xususiylashtirish usullaridan biri hisoblangan. Ba’zi mamlakatlar kabi O‘zbekiston ham xuddi shunday yo‘ldan o‘tgan. Pay fondlari orqali xususiylashtirish chora-tadbirlari ham qilingan.

Masalan, 1990-yillarda O‘zbekistonda xususiylashtirish jarayoni uchun investitsion, pay fondlari tashkil qilingan. Odamlar ularning aksiyasini sotib olardi. Juda murakkab, tushunish qiyin bo‘lgan jarayonlar bo‘lgan. Ya’ni tayyorgarligi, dastlabki sarmoyasi yo‘q odamlar uchun tushunish qiyin va kirish juda yuqori xatarli ham hisoblangan. Shuning uchun ham o‘rta xususiylashtirishdan boshlab jarayonga mutlaq ko‘pchilikni jalb qilish muammoli bo‘lgan. Riskka hech kim bormagan. Investitsiya yoki qaror qabul qilish, tabiiyki, riskka borish bilan barobar. Bu muammo nafaqat bizning mamlakatimizda, hammada ham shunday.

Agar buning tarixini o‘rgansak, hech qaysi mamlakatni o‘rta korxonalarni xususiylashtirishda keng aholi qatlamini muvaffaqiyatli qamrab oldi, deyish qiyin. Bizda faqat sanoqli korxonalarni misol tariqasida keltirish mumkin. Chunki mehnat jamoasiga 5−24 foizgacha aksiyalar taqsimlangan. Shulargina qaysidir ma’noda aksiyadorlarga aylandi, deb hisoblash mumkin. Ya’ni ular jamg‘armalari hisobidan aksiyalar sotib olmagan, ulushdor bo‘lmagan. Ularga qilgan mehnati uchun haq to‘langan.

1990-yillarda ish haqini to‘lash juda katta muammo bo‘lgan. Kartoshka, turli ichimliklar, hatto sigaretalar bilan ham natura ko‘rinishida ish haqi to‘langan va juda ko‘p korxonalar ish haqini aksiyalar bilan hisoblashgan. Shu kabi bir nechta muvaffaqiyatli misollarni aytish mumkin. Neft-gaz, metallurgiya kabi yirik kompaniyalarga ega sohalarda davlat ulushi 97−98 foiz ekanini ko‘rib turasiz. Qolgan 2 foizi kimlarning qo‘lida? Qachonlardir mehnat jamoasiga taqsimlangan ulushlarga egalik qilib qolgan mayda aksiyadorlar qo‘lida. Masalan, banklar misolida ham ko‘rish mumkin. Juda ko‘p davlat banklarining, hozir ularning ayrimlari xususiylashgan, 2−3 foiz aksiya qismi minoritar, mayda aksiyadorlar qo‘lida. Ular aynan xodimlarning ulushlari hisoblanadi. Xodimlar qo‘liga kiritgan aksiyalari hisoblanadi.

Masalan, O‘zbekneftgazning qaysidir qismi xususiylashtiriladigan bo‘lsa, unda albatta xalq ishtirok etishi kerak, deb hisoblayman. UzNIF (O‘zbekiston Milliy Investitsiya jamg‘armasi) misolida yaxshiroq tushuntira olaman. Jamg‘arma ikki tomonlama IPO qildi, aksiyalarning bir qismini Londonda, bir qismini Toshkent fond birjasiga joylashtirdi. Toshkent fond birjasiga joylashtirilganda o‘zbekistonliklar jarayonda ustuvor, imtiyozli qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Xuddi shunday O‘zbekneftgaz, aytaylik NGMK, OTMK kabi yirik, O‘zbekistonning asosiy soliq to‘lovchi kombinatlari xususiylashtiriladigan bo‘lsa, aynan shu tajribadan foydalanish kerak.

— Tushunarli. Bunda aktivlarning haqiqiy qiymati qanday aniqlanadi?

— Buning modellari juda ko‘p. Eng yaxshi va samaralisi — bozor. Aksiyalar ochiq bozorda likvid ko‘rinishda aylanayotgan bo‘lsa, uning narxini belgilaydigan eng yaxshi vosita — bozor. Masalan, Trastbank aksiyalarining katta qismi ochiq bozorda harakatlanadi. Uning narxini fond birjasida aylanayotgan aksiyalar narxidan kelib chiqib bilish mumkin. Yoki Hamkorbankniki ham. Uning kapitalizatsiyasi orqali bozor narxini aniqlash mumkin. Ayni paytda to‘liq davlat nazoratidagi boshqa kompaniyalar bor, ularni baholab bo‘lmaydi.

Masalan, Asakabank 100 foiz davlat qo‘lida. Uni qanday baholaymiz? Fond birjasida aksiyalari aylanmaydi. Aylangan taqdirda ham likvid emas, ya’ni doimiy ravishda xohish bo‘lgan darajada sotish yoki sotib olish imkoniyati yo‘q, juda cheklangan. O‘zsanoatqurilishbank misolida ham xuddi shuni aytish mumkin. Albatta, bunda professional baholovchilar yollanadi. Ular juda ko‘p omillarni: aktivning bozordagi o‘rni, sifati, tarkibi, istiqboli, regulyatsiyasi kabi jihatlarni inobatga olib baholashadi. Baholangan narx turli ko‘rinishda savdoga chiqariladi. Ya’ni avval dastlabki narx sifatida chiqishi yoki o‘zaro, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar yuritish uchun asos bo‘lishi mumkin.

— Xo‘p, shu jarayonda davlat mulki deb e’tirof etilgan qandaydir obyekt yoki umuman aktiv suvtekin ketib qolmasligi uchun nima qilish kerak deb o‘ylaysiz?

— Bu risk doim bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. Xususiylashtirish shunday jarayonki, u doim siyosiy motivlar bilan yo‘g‘rilgan. Xususiylashtirish jarayoni yuz berayotgan davrda iqtidorida mavjud bo‘lgan siyosiy doiralar ayniqsa yirik aktivlarni xususiylashtirishda o‘zlariga sodiq bo‘lgan mulkdorlar sinfi shakllanishini istashadi. Ya’ni sadoqatlilar. Chunki mulk va hokimiyat bir-birini to‘ldiradigan, o‘ta chambarchas va birisiz ikkinchisi mavjud bo‘la olmaydigan institutlar hisoblanadi.

— Mana shu jarayonda manfaatlar to‘qnashuvi, ya’ni mulklar tor doira qo‘lida jamlanib qolmasligi uchun nima qilish kerak deb o‘ylaysiz?

— Yana qayta-qayta qonunchilikka murojaat qilishimiz kerak bo‘ladi. O‘zbekiston mustaqil bo‘lgandan keyin birinchi bo‘lib qabul qilingan qonunlardan biri aynan davlat mulkini xususiylashtirishga oid qonun bo‘lgan. Ko‘pchilik hozir buni eslamaydi. 1990-yilda shakllangan parlamentimiz, adashmasam, 1991-yil 19-noyabrda qabul qilgan ilk qonunlardan biri — “Xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun bo‘lgan. Bu qonun oradan 33 yil o‘tib, 2024-yilda yangilandi. 33 yil o‘tib yangi qonun qabul qilindi. Shu qonunning 4-moddasida prinsiplar belgilangan. Shunga ko‘ra, xususan, xususiylashtirish ochiqlik tamoyili asosida o‘tishi kerak. Bundan tashqari, hisobdorlik va korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplari ham bor.

Siz hozir aytayotgan savollarga qonunda javob berilgan va shu bilan tiyib turilishi kerak. Idealda shunday. Lekin amaliyotda qonundan avval yoki keyin xususiylashtirilgan aktivlar misolida qarasangiz, qonunning 4-moddasidagi prinsiplar ochiqdan-ochiq buzilgan. Bitta emas, bir nechtasi bir vaqtning o‘zida buzilgan holatlar bor. Endi buni tiyib turishning qanday vositalari bor desangiz, men hozir uchun O‘zbekiston sharoitida media va jamoatchilik nazoratidan boshqa kuchliroq yoki samaraliroq vositani ko‘rmayapman. Chunki bizda parlament yo‘q. Shunday ekan, xususiylashtirishning legitimligi haqida savollarni ko‘tarishi mumkin bo‘lgan yagona institut hozircha jamoatchilik va media bo‘lib qolyapti. Afsuski, men buni xursand bo‘lib gapirmayapman. Lekin shunda ham jamoatchilik juda katta manipulyatsiyalarga uchrayapti.

Ikkinchi masala xususiylashtirishdagi absolyut yopiqlik bilan bog‘liq. Bilsangiz, O‘zbekiston 2017-yildan keyin juda ko‘p masalalarda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha katta qadamlar tashladi, xususiylashtirish esa istisno bo‘lib qoldi. Bu borada davlat organi hisoblangan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi O‘zbekistondagi eng yopiq organlardan biriga aylandi. Agentlikning eski yoki hozirgi biror rahbari jamoatchilikka ochiq chiqib izoh berganini ko‘rmaganman. Vaholanki, xususiylashtirish shunday jarayonki, agar siz ishonchni ta’minlay olmasangiz, jamiyatda mulkdorlarning legitimligiga doir savol hech qachon yo‘qolmaydi. Savol qayta-qayta qo‘yilaveradi.

Masalan, Rossiya yoki Qozog‘istonni olsak ham, 1990-yillarda yirik aktivlar sadoqatli, loyal oligarxiyaga qayta taqsimlangani hanuz savol ostida. Juda ko‘p siyosiy muammolar aynan shu xususiylashtirish davrida boshlangan.

— Nima uchun xususiylashtirish oddiy fuqarolar, xalq uchun foydali va muhim?

— Idealda xususiylashtirish jarayonida samarali mulkdorlar sinfi yaratiladi, dedik, to‘g‘rimi? Samarali, o‘zaro raqobatlashadigan mulkdorlar har qanday jamiyatning tayanchi. Ya’ni ular jamiyatni barqarorlashtiradi. Mulkdorlar sinfi qancha xilma-xil, o‘zaro raqobatlasha oladigan va konsentratsiyasi yuqori bo‘lsa, jamiyat barqaror bo‘ladi. Ya’ni xususiylashtirish jarayonida ishtirok etmagan yoki passiv holatda bo‘lgan jamiyat a’zolari ham bundan foyda oladi, manfaatdor bo‘ladi. Yangi mulkdorlar ko‘proq soliq to‘lashni boshlaydi.

Yaxshi misol bo‘lmasligi mumkin, lekin Coca-Cola’ni olsak, 2021-yilda xususiylashtirilgan bo‘lsa, bu jarayonga ham juda ko‘p savollar bor, albatta, lekin shu orqali yangi mulkdorlar paydo bo‘lgandan keyin soliq to‘lovlari oshgan. Nomini eslatmasdan xususiylashtirilgan boshqa yirik obyektlarni oladigan bo‘lsangiz, soliq to‘lovlari kamaygan. Ya’ni nega ishonch kerak deyilsa, bu ishonch jamiyat a’zolaridan ham ko‘ra ko‘proq mulkdorlarga kerak, derdim. Xususiylashtirish natijalari vaqt o‘tib, siyosat o‘zgarib, yana qayta ko‘rib chiqilmasligi umuman mulk daxlsizligi uchun ham kerak.

Masalan, uyali aloqa kompaniyalari, sement zavodlari xususiylashtirilishi katta savollar ostida edi. Nega, chunki o‘sha jarayonga nisbatan hech kimning ishonchi yo‘q edi. Hatto davlat organlarining ham ishonchi yo‘q edi. Shuning uchun ular davlatga qaytarilayotganda mulkchilik huquqi qayerda qoldi, deb jamiyat savol bermadi. Boisi, uning qanday xususiylashtirilganini juda yaxshi bilishardi. Xuddi shunday sement zavodlari ham 2000-yillarda qanday nazorat ostiga olingani, qanday qilib soxta xususiylashtirish sxemalari orqali egalik qilingani hammaga ma’lum edi.

Lekin sog‘lom auksion, bir necha raqobatlashuvchi talabgor ishtirokida bozor narxida qo‘lga kiritilgan aktivning ertangi natsionalizatsiyasi masalasi ko‘tarilganda, jamiyat hech kimni to‘xtatmadi. Har xil yo‘llar bilan qaysidir aktivlarga egalik qilishni istovchilar, ichidan o‘z ulushini chiqarib olib, aktivlarni suvtekinga xususiylashtirish harakatidagilar juda ko‘p. Lekin 5−10 yil o‘tadimi, ularga qayta-qayta savollar berilaveradi.

— Xususiylashtirishda doimo teng raqobat bo‘lishi kerakmi yoki qaysidir boy investorlar ustunlikka ega bo‘lishi normalmi?

— Agar u maxsus aktiv bo‘lmasa, iloji boricha qo‘shimcha mezonlar, shartlar, kriteriylar belgilanmasligi kerak. Ochiq bozorda profili va investitsiyalarning kelib chiqish manbai qanday, qaysi sohadanligidan qat’i nazar, talabgorlar sonini oshirishimiz eng yaxshi mulkdorlarni topishimizga imkon beradi. Masalan, Coca-Cola’ni xususiylashtirishda auksionda nega faqat salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchilarigina ishtirok eta oldi? Bunda istalgan investorni qo‘yish mumkin edi. Aytaylik, katta qurilish kompaniyasi ham qatnashib, g‘olib bo‘lganida undan yomon boshqaruvchi chiqmas edi. Uning tajribasi yo‘q deyishga haqqimiz yo‘q edi.

Ayrim kichik banklarning xususiylashtirilishida ham tijorat banki yoki moliyaviy institut bo‘lishi kerak degan talab qo‘yilgan. Men mana shu talabni ham noto‘g‘ri deb hisoblaganman. Chunki o‘z pulini to‘lab, raqobatli savdoda g‘olib chiqqan odam boshqaruvda kerakli mutaxassislarni topa oladi. Professional jamoani yig‘a oladi. Mulkdorlik va boshqaruvchilik ayni bir yo‘nalishda bo‘lishi shart emas.

— Mana shu jarayonda investorlarga qanday talab va majburiyatlar qo‘yilishi kerak deb hisoblaysiz?

— Bu aktivning xususiyatiga bog‘liq. Profilga nisbatan talab qo‘yilishini noto‘g‘ri deb hisoblayman. Masalan, sement zavodlarini xususiylashtirishda ishlab chiqarishdagi tajribasi degan mezonning mavjudligi talabgorlar sonini keskin kamaytiradi. Talabgorlar sonining keskin kamayishi o‘z-o‘zidan narxni past qiladi. Xususiylashtirishda asosiy maqsadlardan biri iloji boricha qimmat sotish va talabgorlar sonini oshirish bo‘lishi kerak.

— Yo‘q, xususiylashtirishdan oldin emas, xususiylashtirishdan keyingi majburiyatlarni nazarda tutgandim.

— Ha, xususiylashtirishdan keyingi majburiyatlar ham bo‘lishi kerak. Aytaylik, siz qandaydir narxdan tashqari qo‘shimcha majburiyatlar yuklayapsizmi, shu joyning o‘zida yutqazgan bo‘lasiz. Sizga, aytaylik, investitsion, ijtimoiy majburiyatlar yuklanadi, falon yil mobaynida 150 milliard so‘m investitsiya kiritishing kerak degan shart qo‘shilyapti. Yoki falon yil mobaynida shu aktivning ijtimoiy qaramog‘ida bo‘lgan ikkita bog‘chaga qarab yurishing kerak deyishyapti, u ham narxni pasaytiradi. Paxtakor stadioni zo‘r misol bo‘ladi. Paxtakor klubini sotayotganda Paxtakor stadioni bilan sotilishi narxni pasaytiradi. Ya’ni bular — ikki xil aktiv. Paxtakor klubi va Paxtakor stadioni alohida sotilishi kerak edi. Tijoriy va ijtimoiy obyektlar ajratilishi kerak.

— Unda davlat nega bularni qorishtirib xususiylashtiradi, sizningcha?

— Asosiy masala shu yerda. Juda ko‘p profil va sektorlarda davlat chin dildan voz kechishni istamaydi. Buning aksini qancha aytmasin, nazoratida olib turish kerak deb hisoblaydi. O‘z nazoratidan qancha uzoqlashsa, unga bo‘lgan ta’sir choralari shuncha kamayadi. Davlat banklarini xususiylashtirish yildan-yilga kechiktirilayotganining sabablaridan biri ham shu bilan bog‘liq. Davlat juda ko‘p ijtimoiy dasturlari: ishsizlik, bandlik bilan bog‘liq vazifalarni hanuz banklar orqali amalga oshirishda ko‘radi. Undan tashqarida ko‘ra olmaydi. Shuning uchun ham paysalga solinaveradi. Shuning uchun ham qayta-qayta yangi qarorlar chiqadi.

— Xo‘p, deylik, aktivlarni ajratish siyosati boshlanadigan bo‘lsa, shunda ham kirib keladigan investor oldida biror majburiyat bo‘lishi kerak emasmi?

— Endi banklar misolini ko‘p gapiryapmiz-ku. Banklarga hech qanday majburiyat yuklanmasligi kerak. Ya’ni investor sotib olyaptimi, unga nisbatan na ijtimoiy, na investitsion majburiyat yuklanmasligi kerak, deb hisoblayman. Mana bozor narxida sotib oling yoki o‘zaro, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga kirishing, bir necha talabgorni chaqiring, eng yaxshi tijoriy takliflarni bergani bilan bitim tuzing — shunday qilishimiz kerak. Xuddi shunaqa uyali aloqa kompaniyalari bilan ham. Yoniga investitsion majburiyat qo‘shildimi, sotuv narxi pasayadi. Birinchi marta emas-ku, necha marta shunday holatlarni ko‘rdik. Davlat investorlar, mulkdorlar bilan faqat soliq orqali munosabatga kirishishi kerak. Ijtimoiy masalalarni davlatning o‘zi zimmasiga olishi lozim. Bizda teskarisi ketyapti. “Janoblar, sizga juda arzon narxda uyali aloqa kompaniyasini beryapmiz, boshqa talabgorlarni qatnashtirmadik, o‘zingiz yakkaxon bo‘lib yutib chiqdingiz, endi marhamat qilib soliq to‘lang” degan qadam bo‘lishi kerak.

— Demak, ustuvorliklar qayta ko‘rib chiqilishi kerak.

— Butunlay qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Ya’ni to‘g‘ri xususiylashtirish davlatga tushumni oshiradi va bu orqali davlat o‘z vazifasini, zimmasidagi vazifasini to‘liq amalga oshirishi mumkin. Davlat bu narsalarni chalkashtirib yubormasligi kerak. Bizda eski davrning ham, yangisining ham xatosi xususiylashtirilmaydigan aktivlarni xususiylashtirishni istashimizda. Xususiylashtirilishi kerak bo‘lgan banklarni cho‘ntagimizda ushlab o‘tamiz. Ikkinchi paradoks holat xalqaro moliya institutlari, g‘arbdagi hamkorlarimiz xususiylashtirish masalasini tanqid qilmasligi bilan bog‘liq. Buning sababi nimada ekanini men ham qiziqaman. Masalan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon bankidan boshlab, Yevropa va Osiyoning moliya institutlarigacha bu bilan bog‘liq konfliktga kirishgisi kelmaydigandek ko‘rinadi. Vaholanki, eng katta tanqidga sazovor, duchor bo‘linishi kerak bo‘lgan yo‘nalish shu.

— Muvaffaqiyatli xususiylashtirish amalga oshirilganini qachon bilish mumkin?

— Muvaffaqiyatli xususiylashtirish deganda men bitta obyektni nazarda tutmayman, butun boshli tizim o‘zgarishi kerak, deb hisoblayman. Muvaffaqiyatli xususiylashtirishdan keyin siyosiy kon’yunktura, siyosiy ideologiya butunlay o‘zgaradi. Agar xususiylashtirishdan keyin siz nafaqat erkin bozor, balki erkin siyosiy plyuralizmga ham kelgan bo‘lsangiz, demak, muvaffaqiyatli xususiylashtirishni amalga oshirdim, deb hisoblash mumkin. Iqtisodiyotingizdagi plyuralizm siyosatingizda ham plyuralizm yaratishi kerak bo‘ladi.

— Tushunarli.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.